21:38 / 21.06.2020
2 100

Putin keyingi saylovda ham nomzodini qo‘yishini istisno etmadi

Putin keyingi saylovda ham nomzodini qo‘yishini istisno etmadi
Foto: EPA/Vostock-photo
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Konstitutsiyaga tegishli tuzatishlar kiritilsa, yangi prezidentlik muddati uchun nomzodini qo‘yishini istisno etmadi.

«Men hali o‘zim uchun hech qanday qaror qabul qilmadim. Men bunday ehtimolni istisno etmayman», - degan Putin «Rossiya 1» kanali efirida namoyish etilgan «Rossiya. Kreml. Putin» hujjatli filmida.

«Agar bu Konstitutsiyada ifodasini topsa - saylovga nomzodimni qo‘yishim mumkin. Ko‘ramiz. O‘shandan keyin barchasi oydinlashadi», - deya qo‘shimcha qilgan u.

«Zaruriy tuzatish»
Shu bilan birga, Vladimir Putin mamlakat konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish taklifi to‘g‘ri bo‘lganiga ishonch bildirdi.
«Bilasizmi, men hozir mutlaqo ochiq gapiraman: agar bu ro‘y bermasa [konstitutsiyaga tegishli tuzatish kiritilmasa], o‘z tajribamdan bilamanki, ikki yildan keyin, odatiy tartibda ishlash o‘rniga hukumatning ko‘plab qatlamlarida o‘rinbosarlar izlash ishlari boshlanib ketadi», - degan RF prezidenti.

Iyun oyi boshida Vladimir Putin Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi 1 iyulga belgilangani haqida e’lon qilgandi (amalda ovoz berish 25 iyundan boshlanib, 1 iyulgacha davom etadi). Referendum 22 aprel kuni o‘tkazilishi kerak edi, ammo koronavirus epidemiyasi tufayli keyinroqqa qoldirilgandi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar prezidentlik muddatini ham nollashtirishni nazarda tutadi: agar rossiyaliklar asosiy qomusning yangilangan loyihasi uchun ovoz berishsa, Putin 2024 yilda navbatdagi 6 yillik uchun, bu muddat yakunida esa yana bir marta saylovda qatnashishi va 2036 yilgacha hokimiyatni saqlab qolishi mumkin.

Avvalroq Rossiya Oliy sudi Kirov oblastining «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati» rahbari Gennadiy Rudyakning prezidentning 1 iyul kuni referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoni bo‘yicha shikoyatini rad etgandi.

Sud avvaliga Rudyakning da’vosini qabul qilgan, ammo da’vo ko‘p o‘tmay kanselyariyaga qaytarilgan.
10 iyun kuni Rossiya oliy sudi boshqa bir rossiyalik Viktor Mesherinov tomonidan berilgan xuddi shu mazmundagi da’voni qaytargandi.

18 iyun kuni Rossiya kommunistik partiyasi deputatlari Yevgeniy Stupin va Oleg Sheremetev, siyosatshunos Valeriy Solovey va huquqshunos Sergey Bocharov Rossiya Oliy sudiga prezident Vladimir Putinning farmonini noqonuniy deb tan olish talabi bilan ariza topshirishdi.

«Har kuni o‘nlab odamlar, ba’zida yuzlab kishilar virusdan halok bo‘lishmoqda. Bunday sharoitda referendum o‘tkazish - jinoyatdir. Putinning farmonini bekor qilish ko‘pchilikning hayotini saqlab qoladi», - deya yozgan Stupin feysbukdagi sahifasida.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin keyingi saylovda ham nomzodini qo‘yishini istisno etmadi