19:52 / 03.07.2020
2 536

Koronavirusdan sog‘aygan Nursulton Nazarboyev qozog‘istonliklarga murojaat qildi

Koronavirusdan sog‘aygan Nursulton Nazarboyev qozog‘istonliklarga murojaat qildi
Foto: Global Look Press
Koronavirusdan sog‘aygan Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev qo‘llab-quvvatlashlar uchun vatandoshlari va xorijiy siyosatchilarga minnatdorchilik bildirdi. Uning bu boradagi tegishli murojaatnomasi Nazarboyev saytida e’lon qilingan.

«Shifokorlarning sa’y-harakatlari va ularning talablari va tavsiyalarini qat’iy bajarish, shuningdek, barchaning qo‘llab-quvvatlash va iliq istaklari tufayli kasallikni yengdim, o‘zimni yaxshi his qilyapman va ish faoliyatimga to‘laqonli qaytyapman», — degan u murojaatida.

Nursulton Nazarboyev xalq bilan bir qatorda ushbu kasallikning butun og‘irligini his qilganini ta’kidladi. Sobiq prezident davolanayotgan vatandoshlarining tezroq sog‘ayib ketishini, shuningdek, ularga sabr va matonat tiladi.

Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston prezidenti va hukumati hozirgi vaziyatdan chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. U virus bilan bog‘liq vaziyat ko‘p jihatdan aholining o‘ziga bog‘liqligini qo‘shimcha qilgan. Nazarboyev vatandoshlarini dadil bo‘lishga, tartib-intizomga chorladi hamda zarur gigiyena qoidalariga rioya qilish, o‘zlari va yaqinlari sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish kerakligini eslatib o‘tdi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning sobiq prezidenti o‘z murojaatida bir qator xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, ko‘zga ko‘ringan siyosiy va jamoat arboblari tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashdan chuqur ta’sirlanganini bildirgan.

Ular qatoridan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpin, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va boshqalarni tilga olib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Nursulton Nazarboyevning koronavirusga chalingani haqida 18 iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevga maktub yo‘llab, uning tez orada tuzalib ketishini tilagandi. Keyinroq Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Nursulton Nazarboyevning holidan xabar olgandi. Koronavirusga chalingani sababli Nursulton Nazarboyev Moskvada 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok eta olmadi.

Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonda 1990 yildan 2019 yilgacha prezidentlik qilgan. 6 iyul kuni u 80 yoshni qarshi oladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 23 332 kishiga yetgan. Hozirga qadar 14 777 kishi sog‘aygan, 188 kishi virus qurboniga aylangan. Shuningdek, 20 743 kishi koronavirusni belgisiz tashuvchi sifatida qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirusdan sog‘aygan Nursulton Nazarboyev qozog‘istonliklarga murojaat qildi