07:43 / 04.07.2020
3 982

Amir Temur bilan Damashqda ko‘rishgan olim

Amir Temur bilan Damashqda ko‘rishgan olim
Buningdek olimni zamon hali ko‘rmagan edi. U bir necha asarlar bitdi. Biroq, shu asarlaridan bittasi dunyoni o‘zining yangiliklari-yu ajoyibotlari bilan larzaga soldi. Bu kitobning nomi "Muqaddimatu ibn Xaldun" edi. Kitob muallifi esa jamiyatshunoslik (sotsiologiya) faniga tamal toshini qo‘ygan musulmon olim ibn Xaldundir!

Ushbu zabardast allomaning to‘liq ismi Abdurrohman ibn Muhammad ibn Xaldun bo‘lib, Valiyuddin laqabini olgan.

Ibn Xaldun 732 hijriy, 1332 milodiy yili Ramazonning ilk kuni dunyoga keldi. U o‘zi tavallud topgan Tunis yerida o‘sib ulg‘aydi. Uning oilasi iqtisodiy va siyosiy jihatdan butun Tunis va Andalusda obro‘-e’tiborga ega edi. Lekin Ibn Xaldunning ajdodlari asli Xadramavtlik edilar. Bu haqida olimning o‘zi ham asarlaridan birida to‘xtalib o‘tib, ajdodlarining asli ulug‘ sahobiy Voil ibn Hajar roziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o‘tgan.

Ibn Xaldun ilmu adabiyotga mehr qo‘ygan xonadonda katta bo‘ldi. Yoshligidayoq Qur’oni karimni yod oldi. So‘ngra Zaytuna jomeasida (o‘sha paytdagi universitet) shariat ilmlari, tarix va fiqhni ta’lim oldi. Keyinchalik, u yerni bitirib bo‘lib Biskra, Bajaya, Tilemsan (Jazoirdagi shaharlar), Granada va Misrga ko‘chib, ilmiy izlanishlar olib bordi.

Ibn Xaldun olim sifatida musulmonlarning eng katta tarixchilaridan biridir. U shuningdek, jamiyatshunoslik (sotsiologiya) faniga tamal toshini qo‘ygan olimlardan biri hisoblanadi. Uning davlat boshqaruvi, jamiyat, iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha bir necha nazariyalari mavjud.

Ibn Xaldun hukmdorlar va davlat rahbarlari bilan qanday muomala qilish, ya’ni diplomatiyaning mohir ustasi edi. Bunga uning Amir Temur bilan bo‘lgan uchrashuvi yaqqol misoldir.

Ibn Xaldun milodiy 1401 yili (hijriy 803) Amir Temurni qo‘shinlari bilan Damashq devorlari tashqarisida uchratgan. Ibn Xaldunning shuhrati ancha baland bo‘lib, bu gal ham Damashqqa kelganida, shuhrati o‘zidan oldin yetib kelgan edi. Amir Temurga ham bu olimni tanishtirdilar. Shundan keyin Ibn Xaldun va Amir Temur birga o‘tirib suhbatlashishdi.

Ibn Xaldun 1401 yil may oyida Misrga qaytib keldi. Alloma ibn Xaldun 1406 yil mart oyida (hijriy 808 yil) 78 yoshida vafot etdi va qadimiy Qohirada joylashgan maqbaraga dafn etildi.

Olimning mashhur asarlari:
- “Muqaddimatu Ibni Xaldun”;
- “Tarixu Ibni Xaldun” (7 jildlik);
- “Lubbabul muhassal fiy usulid diyn”;
- “Shifaus sail va tahziybul masail”.

Mubtado

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amir Temur bilan Damashqda ko‘rishgan olim