20:50 / 05.07.2020
5 064

Masjidmi yo cherkov? Turkiya va AQSH o‘rtasida yana bir diplomatik ziddiyat yuzaga keldi

Masjidmi yo cherkov? Turkiya va AQSH o‘rtasida yana bir diplomatik ziddiyat yuzaga keldi
Istanbulning asosiy ramzi sanalgan Avliyo Sofiya (Ayasofya) obidasi muzeydan masjidga aylantirilishi kutilmoqda. Mazkur masalani ko‘rib chiqqan Turkiya davlat kengashi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan muzeyning masjidga aylantirilishi mumkinligini istisno etmagan. Bu boradagi yakuniy qaror ikki hafta ichida e’lon qilinadi.

Kengash Turkiya prezidenti tashabbusini yoqlasa, 15 asrlik tarixga ega Avliyo Sofiya obidasi hududida 15 iyul kuni ilk jamoat namozi ado etilishi mumkin.

Mazkur inshoot Istanbulning Sultonahmad mavzesida, Bosfor sohilida qad rostlagan. Ibodatxona haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300-yillariga borib taqaladi. Ammo yong‘inlar tufayli nasroniy cherkovi vayron bo‘lgan. Vizantiya imperatori Yustinian 537 yilda vayrona o‘rnida ulkan ibodatxona barpo etgan. Solnomalarga ko‘ra, ibodatxona qurilishiga Vizantiya imperiyasining 3 yillik boj-xiroji sarflangan.

1453 yilda Istanbul sulton Muhammad Fotih tomonidan fath etilgach, Avliyo Sofiya ibodatxonasi masjidga aylantirilgan. Usmoniylar davrida obida tegrasida minoralar barpo etilgan. Shu tariqa ko‘hna obida 500 yil davomida musulmonlar xizmatida bo‘ldi. 1935 yilda zamonaviy Turkiya yetakchisi Mustafo Kamol Otaturk ko‘hna masjidni muzeyga aylantirish haqida farmon qabul qildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2019 yil mart oyida Avliyo Sofiya muzeyi masjidga aylantirilishi haqida gapirgan. Bu AQSH tomonidan Quddus shahri Isroil poytaxti deb tan olinishiga javob ekani xabar qilingan.
Joriy yi 5 iyunda esa Turkiya yetakchisi o‘z yordamchilariga muzeyni masjidga aylantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan.

Muzeyni masjidga aylantirish rejasi G‘arb mamlakatlari tomonidan iliq kutib olinmadi. Xususan, AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Avliyo Sofiya muzey bo‘lib qolishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy Vashingtonning mazkur bayonotiga keskin e’tiroz bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Avliyo Sofiya turk zaminida joylashgan boshqa tarixiy osori atiqalar kabi Turkiya mulki sanaladi va ularni qanday tasarruf etish borasida Anqara boshqa davlatlardan fikr so‘rab o‘tirmaydi. Jumladan, Avliyo Sofiya obidasini masjidga aylantirish masalasi ham mamlakatning ichki ishidir.

«Albatta, har kim fikr aytish huquqiga ega. Ammo suveren huquqlarimiz xususida gap borar ekan, hech bir davlat «biz da’vat etamiz», «biz talab qilamiz» qabilida so‘zlashga haqli emas» deyiladi TIV bayonotida.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Masjidmi yo cherkov? Turkiya va AQSH o‘rtasida yana bir diplomatik ziddiyat yuzaga keldi