22:06 / 06.07.2020
2 372

«Putin katta g‘alabani qo‘lga kiritdi» – G‘arb nashrlari Rossiyadagi referendumga qanday munosabatda bo‘ldi?

«Putin katta g‘alabani qo‘lga kiritdi» – G‘arb nashrlari Rossiyadagi referendumga qanday munosabatda bo‘ldi?
EPA/KREMLIN POOL
1 iyul kuni Rossiya uchun muhim kun bo‘ldi. Shu kuni mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish masalasida umumxalq referendumi o‘tkazildi. Rossiya konstitutsiyasiga kiritiladigan asosiy tuzatish – siyosiy xarakaterga ega o‘zgarish edi. Ya’ni, Rossiya aholisi 2024 yilda o‘z vakolatlarini yangi prezidentga topshirishi lozim bo‘lgan Putinning prezidentlik qilgan muddatlarni bekor qilinishi masalasida o‘z xohishini bildirishi lozim edi.

1 iyulda o‘tkazilgan referendumda qatnashganlarning 77,92 foizi konstitutsiyaga o‘zgartirish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi. Endi, hozir o‘zining ikkinchi muddatida (boshdan hisoblansa to‘rtinchi muddat) Rossiyani boshqarayotgan amaldagi prezident Vladimir Putin 2024 va 2030 yillarda o‘tkaziladigan prezident saylovlarida bemalol o‘z nomzodini qo‘ya oladi.

Putinga Rossiyani yanada uzoqroq boshqarish uchun imkoniyat beradigan konstitutsion o‘zgarishlar haqida Tereshkova ilk taklif berganidayoq buni nafaqat boshqa davlatlarda, balki Rossiyaning o‘zida ham tanqidiy ruhda kutib olishgandi. 1 iyul kuni referendum natijalari aniq bo‘lganidan so‘ng unga dunyoning ko‘plab OAV va siyosiy tahlilchilari o‘z fikrini bildirdi.

The Guardian: «Kreml va uning tarafdorlari Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va Vladimir Putinga mamlakatni 2036 yilgacha boshqarish imkoniyatini beradigan qonun uchun umumxalq ovozini olishdi.

...Referendum natijalariga ko‘ra rossiyaliklarning aksariyati Putinning to‘rtinchi va oxirgi prezidentlik muddati tugagan 2024 yildan keyin ham mamlakatni boshqarishda davom etishini qo‘llab-quvvatlagan. Aholini ovoz berishga chaqirgan targ‘ibotlarda bu referendum natijasi Putinning vakolat muddati cheklovlarini bekor qilishi mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan.

Bir ovoz bilan «qarshiman» yoki «ha» deyish orqali rossiyaliklar shuningdek, pensiya hamda eng kam ish haqini oshirish, hukumatning kamtarona qayta tashkil etilishi, «Xudoga ishonish»ni konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yish, bir jinsli nikohni taqiqlash, rus tili va tarixini asrab-avaylashga chaqiruvchi o‘zgarishlar uchun ham ovoz berishdi. Bundan tashqari, referendumda yuqori mansabdor shaxslarning ikki fuqarolikka ega bo‘lishlarini taqiqlash haqidagi band uchun ham ovoz berish kiritilgandi.

Referendum orqali ovoz berish konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun oxirgi qadam edi. Ungacha barcha jarayonlar allaqachon Rossiya konstitutsiyaviy sudida ko‘rib chiqilgan va mintaqaviy qonun chiqaruvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi».

Financial Times: «Vladimir Putinning ismi Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni ma’qullash uchun o‘tkazilgan referendumda ovoz berish byulletenlarida ko‘rinmaydi. Ovoz berish jarayonlarida uning 2036 yilgacha prezident bo‘lib qolishiga imkon beradigan qoidalarni eslatishdan qochilgan.

...Rejalashtirilgan konstitutsiyaviy tuzatishlarga ijtimoiy nafaqalar kafolati, shuningdek, millatchilik kayfiyatlari shakllanishiga qarshi kurashish kabi saylovchilarni chalg‘itishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Bularga bir jinsli nikoh taqiqlanishi va Rossiyaga tegishli hududlarni qaytarish, rus tilini «davlatning asosini tashkil etuvchi etnik guruh tili» sifatida birlashtirish va Ikkinchi jahon urushi paytida «xalqning «Ulug‘ Vatan urushi»da vatanni himoya qilishdagi g‘alabasining ahamiyatini kamsitishga urinishga qarshi» so‘rovlar ham kiradi. Ammo janob Putin na o‘z nutqida, na saylovoldi tashviqoti materiallarida hozirgi paytda qabul qilinadigan maksimal ikkita prezidentlik muddatini bekor qiladigan nuqtayi nazarga ahamiyat berdi.

...Bu Putinning hozirgi olti yillik vakolat muddati 2024 yilda tugashi bilan yana ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lishiga imkon beradi».

CNN: «Prezident Vladimir Putin kelgusi o‘n yillikning o‘rtalariga qadar hokimiyatda qolish istagida katta g‘alabani qo‘lga kiritdi.
1 iyul kuni rossiyaliklar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumida ovoz berish uchun saylov uchastkalariga borishdi. Ushbu referendum mamlakatni shundoq ham yigirma yildan beri boshqarib kelayotgan Putinning 2036 yilgacha prezident bo‘lib qolishiga yo‘l ochib beradi».

Le Monde: «Yakuniy natijalarga ko‘ra, referendumda qatnashganlarning 78 foizi konstitutsiya o‘zgartirilishi uchun ovoz bergan. Rasmiylarning asosiy xavotiri aholining referendumda qatnashish masalasi edi. Kreml tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega aholining 65 foizi referendumda qatnashgan. Bu referendumning natijalarini inobatga olish uchun yetarli bo‘lgan miqdor hisoblanadi. Aksariyat mintaqalar o‘z aholisining ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan qismining 70 foizga yaqini referendumda qatnashgani haqida ma’lumot bergan.

Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan aholining bu referendumda faol qatnashganining ko‘plab sabablari bor. Vladimir Putinning haqiqiy mashhurligi, Rossiya siyosatining asosiy qadriyatiga aylangan barqarorlikka chanqoqlik, shuningdek, yashirin va samarali saylov marketingi hamda demokratik ovoz berish standartlari bilan muhim kelishuvlar».

Nikolayevka qishlog‘i. Omsk oblasti.
Foto: Reuters

Zeit: «Ushbu konstitutsiyani o‘zgartiradigan referendum, hatto uni «referendum» deb ham atab bo‘lmaydi, juda o‘ziga xos qoidalarga muvofiq bo‘lib o‘tdi. Rossiya yangi tarixidagi eng g‘alati ovoz berish jarayoni bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli odamlar birinchi marta, nafaqat bir kunda, balki butun hafta davomida rasman ovoz berishdi. Ular avtoulovlarning ochiq yukxonasida, eski avtobusda, daraxtlar ostida, o‘yin maydonchalarida, chodirlarda va piyodalar yo‘lakchasiga o‘rnatilgan o‘rindiqlarda o‘tirib ovoz berishdi.

...Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, deyarli barcha ovozlarni sanab chiqqandan so‘ng saylovchilarning 77,92 foizi konstitutsiyadagi o‘zgarishlarga rozi bo‘lgan, Bu Vladimir Putinga yana ikki bor o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘yishiga imkon beradi».

Reuters: «Rossiyaliklar Vladimir Putinga 2036 yilgacha hokimiyatda qolish uchun eshikni lang ochib berdi.

...Putin, sovet ittifoqi diktatori Iosif Stalin davridan beri Rossiyada eng uzoq vaqt hukmronlik qilib kelayotgan rahbar hisoblanadi. Ovoz berish belgilangan kun arafasida u o‘tkaziladigan referendum martabasiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini bilmasligini gapirib, hali kelajagi haqida qaror qilmaganini aytgan edi. Putinni zamonaviy shohga tenglashtirgan tanqidchilar uning yana saylovlarda qatnashishiga shubha qilishmayapti.

Ammo ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, u «cho‘loq o‘rdak» bo‘lib qolmaslik uchun turli imkoniyatlarni saqlab qolishni istayapti («Cho‘loq o‘rdak» – bu AQSHda ikki muddat prezidentlik qilib bo‘lgan va nomzodini qayta qo‘ya olmaydigan prezidentlar). «Levada» ijtimoiy so‘rov agentligi o‘tkazgan so‘rovda so‘ralganlarning 60 foizi Putinni qo‘llashini ma’lum qilgandi. Ammo referendumda qatnashganlarning qariyb 80 foizi konstitutsiyani o‘zgartirishni qo‘llab ovoz bergan. Bu zamonaviy saylovlarda zo‘r natija hisoblanadi.

Bloomberg: «Rossiyada turmush darajasi pasayib ketayotgani uchun jamoatchilik noroziligi kuchayib borayotgan bir paytda, Kreml rasmiylari referendumda saylovchilarning ko‘proq qatnashishiga erishish uchun hamma ishni qildi. Hokimiyat vakillari rossiyaliklarni populistik mazmundagi, masalan, bir jinslilar nikohini taqiqlash, rus tilini qo‘llab-quvvatlash kabi mavzularni ham ovoz berish jarayoniga qo‘shib saylovchilarni chalg‘itdi va maksimal ovozga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, ular Putinga mamlakat taxtini uzoq muddat boshqarishga imkon beradigan so‘rovni boshqa so‘rovlar orasiga tiqib ahamiyatini tushirishdi va «ha» deb beriladigan javobga qarshi targ‘ibot qilganlarga to‘sqinlik qilishdi».

«Ushbu ovoz berish jamiyatdagi tafovutni oshiradi va ko‘pchilikni ozchilikdan ajratadi. Bu saylov jarayonlarini butunlay yo‘q qilish uchun xavfli holat. Keyingi saylovda ushbu amaliyotlarni takrorlash vasvasasi juda kuchli bo‘ladi», deydi Moskva siyosiy texnologiyalar markazi prezidenti Boris Makarenko.

The New York Times: «Janob Putinga saylovchilarning konstitutsiyani o‘zgartirish haqidagi qo‘llovi nega kerak bo‘lgani biroz tushunarsiz holat. Chunki konstitutsiyaga o‘zgartirish haqida shu paytgacha Rossiya parlamenti va mintaqalardagi qonun chiqaruvchi organlar o‘z roziligini berib bo‘lgandi.

«Huquqiy nuqtayi nazardan referendum o‘tkazish jarayoni aqlsizlikdan boshqa narsa emas», deydi sotsiolog va professor Grigoriy Yudin. Shu bilan birga, u «bu ma’nosiz jarayon emas» deb ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, Putin boshchiligidagi Rossiya boshqaruv tizimiga prezident qabul qilgan qarorlarga qonuniylik berish uchun tashqi qo‘llab-quvvatlov juda kerak. «Bu teatr, ammo juda muhim va yaxshi ishlangan teatr. Boshqaruv tizimi jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan namoyishlarni tashkil qilishi kerak, hatto bunday qo‘llab-quvvatlovning o‘z bo‘lmasa ham», deya ta’kidlaydi sotsiolog.

EUobserver: «Putinning bu harakati uni umrbod prezidentlik qilgan rahbarlar mintaqaviy klubining a’zosiga aylantiradi».

Le Monde: «G‘alaba qozonib o‘ziga kerakli natijani olish uchun «ha» so‘zi bilan tuzilgan o‘ziga xos ovoz berish paytida, rossiyaliklar mamlakat konstitutsiyasining 81-moddasini ma’qulladi. Konstitutsiyadagi ushbu o‘zgarish shu ondan boshlab amaldagi muddati 2024 yilda yakunlanadigan Putinga undan keyin ham hokimiyatda qolishiga imkon beradi. Shu paytgacha Rossiya konstitutsiyasi bir odamning manfaatlariga ko‘ra qayta yozilmagandi. Bu birinchisi bo‘ldi.

Le Figaro: «Rossiya Putin davrini uzaytirish uchun ovoz bermoqda.

...Ovoz berish natijalari qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida hech qanday shubha yo‘q edi: islohot yoz boshida qonun chiqaruvchi organ, parlament tomonidan ma’qullangan va konstitutsiyaning yangi matni allaqachon kitob do‘konlarida sotilyapti.

... Eng munozarali ushbu tuzatish Putinga 2024 yilda amaldagi prezidentlik muddati tugagandan so‘ng yana ikki muddat Rossiyani boshqarish huquqini beradi. Putinga ko‘ra, bu zarurat, chunki siyosiy sinf «potensial vorislarni qidirishda» adashib qolmasligi kerak. Konstitutsiyani o‘zgartirish unga 2036 yilgacha, 84 yoshga kirgunicha Kremlda qolish imkonini beradi».

Politico: «Hayron qoldiruvchi sovg‘a! Putin g‘alaba qozondi. Ovoz berish natijasi hech qachon shubha uyg‘otmaydi. Rossiyaning o‘zgartirilgan yangi konstitutsiyasi nusxalari natijalar ma’lum bo‘lishidan bir necha kun oldin kitob do‘konlarida sotila boshlandi. Rossiyada saylovlar shaffof o‘tmasligini shundan ham bilib olavering».

Associated Press: Siyosatshunos Yekaterina Shulman Associated Press nashriga aytishicha, Kreml xavfli vaziyat bilan to‘qnashdi: Ovoz berish jarayoni avvalroq o‘tkazilsa siyosiy maqsadlar uchun jamoat sog‘lig‘iga putur yetkazganlik ayblovlari ilgari surilishi mumkin edi. Ikkinchi tarafdan referendumni kechiktirib, keyinroq o‘tkazish mag‘lubiyat xavfini oshirardi. Shuning uchun Putin va uning jamoasi koronavirus pandemiyasi keng tarqalgan paytda aholi sog‘ligini garovga qo‘yib bo‘lsada uni tezroq o‘tkazish payida bo‘ldi. «Referendumni kuzda o‘tkazish juda xavfli bo‘lar edi», deydi Shulman.

«Biz turli mintaqalarni ko‘rib chiqmoqdamiz, ovoz berishda ro‘y bergan qonunbuzarliklar yaqqol ko‘rinib turibdi», deydi «Golos» harakatining hamraisi Golosiy Melkonyans. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi mintaqalarda saylovchilarning ishtiroki sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilgan. Ovoz berish natijalari «haqiqatan ham hech qanday huquqiy maqomga ega bo‘lmaydi».

Kam sonli faollar o‘tkazgan aksiyalar hukumatga kerakli natijaga erishishga to‘sqinlik qila olmadi / EPA
NBC News: «Rossiya konstitutsiyasiga tuzatishlar qabul qilinishiga ozgina shubha bor edi. Ammo Rossiya saylovlari uchun ko‘proq muhim narsa saylovchilarning ishtiroki haqidagi statistik ma’lumotlar. Kreml esa «ovoz berish natijalari xalq irodasining qonuniy ifodasi» degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada, koronavirus pandemiyasiga qaramay referendum o‘tkazilgan kunlarda rossiyaliklarni uydan chiqarish uchun rasmiylar tomonidan katta kuch sarflandi.

Ikkinchi tarafdan esa mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi hali ham odamlarni COVID-19 virusidan saqlanishlari uchun uyda o‘tirishlari lozimligi haqida ogohlantirmoqda. Buyoqda esa hukumat odamlarni referendumga borishga undab taklif qilingan o‘zgartirishlar uchun ovoz berishga chaqirdi.

«Rasmiylar saylov uchastkalariga kelganlar uchun turli sovg‘alar, jumladan soch quritish moslamasidan tortib yangi xonadonlargacha o‘ynaladigan lotereyalarni taklif qildi. Shuningdek, Moskva shahrida «Millionta sovg‘a» nomi ostida tanlov uyushtirildi va unda 145 million dollarni turli mahsulotlarga almashtirish mumkin bo‘lgan vaucherlar shaklida yutuq o‘ynaldi».

«Referendum natijalari Putinning kelajagini toshga o‘yib yozmaydi. Ammo uning 2036 yilgacha hokimiyatda qolishiga yo‘l ochib beradi. Bu esa unga Buyuk Pyotr davridan beri Rossiyada eng uzoq vaqt hukmron bo‘lgan davlat rahbari bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Ammo u buning uchun yana ikkita yangi prezidentlik kampaniyasini olib borishi kerak».

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan taklif qilingan konstitutsiyaviy tuzatishlarni tayyorlash ishlari jadal sur’atlar bilan ketayotgan bir paytda, g‘arb huquqshunoslari bu ishga o‘z bahosini berdi. Ularning aksariyati Rossiyada konstitutsiya o‘zgartirilishini salbiy kutib olishdi. Aksariyat tahlilchilarning fikriga ko‘ra, prezident tomonidan kiritilgan o‘zgartirishlar Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasiga zid keladi.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan ham ma’lum Rossiyada 1 iyulda o‘tkazilgan referendumga ko‘pchilik salbiy munosabat bildirdi. Aksariyat tahlilchilarning fikricha, aksariyat sohalarda dunyoning birinchi o‘ntalik davlatlari safiga kiradigan davlatda bir shaxsning uzoq muddat prezidentlik qilishi, buni ustiga o‘sha shaxs tomonidan prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga oshirilishi juda ham salbiy holat.

Putin Rossiyada hokimiyat tepasiga kelganidan buyon AQSHda to‘rt prezident almashdi. 1999 yil u Rossiya rahbari bo‘lganda AQSHda hali Bill Klinton prezident edi. Undan so‘ng Jorj Bush, Barak Obama prezidentlik qilib o‘tishdi va rahbarlik Trampga o‘tdi. Agar kuzda o‘tkaziladigan saylovda Tramp yutqazsa va uning o‘rniga yangi prezident saylansa, bu prezident Putin hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng AQSHda rahbarlik qilgan beshinchi prezident bo‘ladi. Endi, agar Putin 2024 yildan keyin ham prezident bo‘lib saylansa va Rossiya taxtida qoladigan bo‘lsa u rahbarlik qilgan davrda AQSHning nechanchi prezidentini ko‘radi, buni tasavvur qilib olavering.

Shu o‘rinda bir qiziq ma’lumot: AQSHda 1947 yilgacha ikki muddat prezidentlik qilish va o‘rnini bo‘shatishga shunchaki yozilmagan qoida asosida amal qilingan. AQSHda jami 44 nafar shaxs prezidentlik qilgan bo‘lsa ularning birortasi uchinchi muddatga ham qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirishga urinmagan. Ikki muddat mamlakatni boshqarib, o‘rnini bo‘shatib ketaverishgan. Hatto XVII-XIX asrdagi prezidentlar ham. Bugun dunyo shuncha taraqqiy topganiga qaramasdan Rossiyaday katta mamlakatda bir shaxs 20 yildan beri taxtda o‘tiribdi va kamiga yana o‘tirmoqchi. Bu esa yaxshilik va demokratiya alomati emas.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Putin katta g‘alabani qo‘lga kiritdi» – G‘arb nashrlari Rossiyadagi referendumga qanday munosabatda bo‘ldi?