00:30 / 07.07.2020
2 060

Qozog‘iston taraqqiyotining uch bosqichi: Nazarboyevning xizmati nimalardan iborat?

Qozog‘iston taraqqiyotining uch bosqichi: Nazarboyevning xizmati nimalardan iborat?
Foto: Tengrinews.kz
Bugun, 6 iyul kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 80 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan Turkiyaning Anadolu Agency nashri Nazarboyevning mamlakat tarixida tutgan o‘rni haqida material e’lon qildi.

90-yillarning boshlaridan Nursulton Nazarboyev davlat rivojlanishining barcha sohalarida tezkor islohotlar dasturini ishlab chiqdi va milliy modernizatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. U o‘zining rivojlanish formulasini «avval iqtisod, keyin siyosat» deb belgiladi. Boshqacha qilib aytganda, demokratik institutlarni rivojlantirish uchun birinchi navbatda iqtisodiy jihatdan rivojlanish kerak edi. Bugungi kunda ushbu tajriba «Nazarboyev modeli» yoki «Qozog‘iston yo‘li» sifatida ham tanilgan. Ushbu modelning asosini esa puxta va izchil isloh qilingan davlat tuzilmasi tashkil etadi. Agar Qozog‘istonning o‘ttiz yillik rivojlanish tarixini umumlashtiradigan bo‘lsak, mamlakat birinchi prezidentining sa’y-harakatlarini uchta asosiy islohot va rivojlanish bosqichi sifatida tavsiflash mumkin.

Modernizatsiyaning birinchi bosqichi
Qozog‘istondagi birinchi modernizatsiya 90-yillarning boshlarida yuz berdi. Bu davrning maqsadi davlat boshqaruvi tizimini qayta qurish, bozor iqtisodiyotining asoslarini yaratish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv edi. Ushbu davrda Qozog‘iston iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda «uch tomonlama o‘tish»ni amalga oshirdi. Qozog‘iston demokratiyani davlat apparatining siyosiy rivojlanishi uchun namuna sifatida tanladi. 1995 yilda yangi konstitutsiya asosida ijro, qonunchilik va sud hokimiyatlarining bo‘linishiga asoslangan siyosiy tizim o‘rnatildi va qonun ustuvorligining poydevori qo‘yildi. Davlat chuqur iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi va bozor iqtisodiyotining asosiy mexanizmlarini yaratdi. Davlat noaniqlik muhitida barqarorlikni ta’minladi va jamiyatda etnik va diniy hamjihatlikni saqlab qoldi.

Qozog‘iston o‘zini tinchliksevar mamlakat, deb e’lon qildi va SSSRdan meros qolgan to‘rtinchi yirik yadro arsenalidan voz kechdi. Yosh davlat jahon hamjamiyati a’zosi sifatida xalqaro miqyosda tan olingan dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Ushbu jarayonda Qozog‘iston kutilmagan harakat bilan davlatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqdi. Nursulton Nazarboyev 1997 yilda «Qozog‘iston-2030 strategiyasi»ni e’lon qildi. Sobiq sovet ittifoqi davlatlari o‘z oldidagi eng dolzarb ijtimoiy, iqtisodiy va ichki siyosiy muammolar bilan andarmon bo‘layotgan bir paytda Qozog‘istonning birinchi prezidenti o‘z mamlakatini o‘ttiz yildan keyingi ufqqa qarashga undadi.

Modernizatsiyaning ikkinchi bosqichi
Qozog‘istonning ikkinchi modernizatsiyasi 1990-yillarning oxirida boshlangan va 2010-yillar o‘rtalarida yakunlandi. Bu davrda endi davlat sifatida shakllanib, oyoqqa turishni o‘rgangan Qozog‘iston 90-yillar boshlarida olib borilgan qat’iy islohotlar samarasini ko‘ra boshladi. Nursulton Nazarboyev rahbarligida iqtisodiyot barqaror o‘sishga erishdi. Mamlakatda zamonaviy davlat institutlari va o‘rta sinf shakllandi. Islohotlar natijasida jamiyatning farovonligi oshdi.

90-yillar boshida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 700 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda bu raqam 12 ming dollarga yetdi. Shu sababli, Jahon banki Qozog‘istonni o‘rtacha daromadli mamlakatlar qatoriga kiritdi. Qozog‘iston 1998 va 2008-2009-yillardagi inqirozdan jiddiy zarar ko‘rmasdan chiqib oldi. Ushbu holat yosh davlatning iqtisodiy qudratini namoyish etdi va davlat tuzilmasining mustahkamligini isbotladi.

Ikkinchi modernizatsiya davridagi Qozog‘istonning yana bir muhim yutug‘i mamlakat poytaxtining Ostonaga (hozirda birinchi prezident nomi bilan atalayotgan Nur-Sulton shahri) ko‘chirilishi va qayta qurilishi edi. Yangi poytaxt davlatning rivojlanishi jarayonida yuzaga kelgan bir qator strategik muammolarni hal qildi va yangi tarixiy davr timsoliga aylandi. 2012 yilda Qozog‘iston dunyodagi eng raqobatbardosh 50 mamlakat qatoriga kirdi. O‘sha yillarda Nursulton Nazarboyev «Qozog‘iston-2050» strategiyasini e’lon qildi. Maqsad esa bir necha o‘n yil ichida dunyoning 30ta ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylanish edi.

Modernizatsiyaning uchinchi bosqichi
Nazarboyev 2017 yilda uchinchi modernizatsiya davrini e’lon qildi. Qozog‘iston endi o‘sish potensialini namoyon qilib ulgurgandi. Nazarboyev olib borgan siyosat tufayli Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti hajmi 22 milliard dollardan 184 milliard dollarga ko‘tarildi. Ishbilarmonlik faoliyati sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan harakatlar natijasida mamlakat Jahon bankining biznesni yuritish qulayligi indeksi (Doing Business) ko‘rsatkichi bo‘yicha 2005 yilda 86-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019 yilda 25-pog‘onaga ko‘tarildi.

Rivojlanishning ushbu yangi maqsadiga erishish uchun jamiyat oldida mas’ul bo‘lgan professional davlatni yaratish lozim edi. Ushbu yangi davrning ustuvorliklari orasida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish, chet el sarmoyalarini jalb qilish, innovatsion sanoatlashtirish, ijtimoiy modernizatsiya va xalq birligini himoya qilish vazifalari mavjud. Ushbu davrda milliy rivojlanish «ma’naviy yangilash»ning maxsus dasturi bo‘yicha inson kapitalini rivojlantirishga asoslanadi.

Maqsadlari bir-biriga zid bo‘lmagan modernizatsiya qilishning ushbu uch bosqichi yaxlit yangilanish va rivojlanish jarayonini shakllantirdi. Barqaror davlat tuzilishi va kuchli prezidentlik tizimi mamlakatda islohotlarni amalga oshirishga imkon berdi. Umuman olganda, zamonaviy Qozog‘iston 90-yillarda yashash uchun kurashni ortda qoldirib, eng rivojlangan davlatlar qatorida o‘z o‘rnini egallash uchun global musobaqaga kirishdi.

Nazarboyev tomonidan «ko‘p vektorlik» deb belgilangan tashqi siyosatning muvozanatli uslubi tufayli Qozog‘iston xavfsizligi ta’minlandi va mamlakat xalqaro hamjamiyatning obro‘li a’zosiga aylandi. Birinchi prezidentning xalqaro maydondagi g‘oyalari va tashabbuslarining aksariyati amalga oshirildi. Qozog‘iston global yadro xavfsizligi mintaqasidagi muhim davlatlardan biriga aylandi. Tinchlikparvarlik siyosati va Tog‘li Qorabog‘, Eron yadroviy inqirozi, Ukraina, Suriya va boshqa mamlakatlardagi mojarolarni hal qilishda ma’lum natijalarga erishdi.

Qozog‘istonning tinchlikka yo‘naltirilgan siyosati mamlakatning Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT), Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT), Islom Hamkorligi Tashkiloti (IHT), 2017-2019 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga va boshqa xalqaro tashkilotlarga raislik qilishiga hissa qo‘shdi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Nazarboyevning Yevroosiyo g‘oyalari asosida yaratildi. Qozog‘iston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘ldi va yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tufayli Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport va savdo yo‘laklari bo‘yicha markaziy mamlakatga aylandi.

Nazarboyev boshchiligidagi uch bosqichli modernizatsiya davri natijasida Qozog‘iston o‘ziga xos «vaqt portlashi»ni amalga oshirdi. Boshqacha aytganda, mamlakat bir siyosiy-tarixiy davrdan yangi davrga, bir iqtisodiy tizimdan boshqasiga muvaffaqiyatli o‘tdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston taraqqiyotining uch bosqichi: Nazarboyevning xizmati nimalardan iborat?