06:00 / 09.07.2020
1 449

JSST koronavirus inson nafas olishi orqali ham tarqalishi mumkinligini tan oldi

JSST koronavirus inson nafas olishi orqali ham tarqalishi mumkinligini tan oldi
Foto: AP/Scanpix/LETA
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus inson nafas chiqargandagi mayda tomchilar bilan ham tarqalishi mumkinligining isbotlari borligini tan oldi. Bunday tomchilardan iborat aerozol havoda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin.

Hanuzgacha JSST virus tarqalishining asosiy yo‘li inson aksirganda yoki yo‘talganda atrofga chiquvchi yirik tomchilar, deb hisoblab kelgan. Bu tomchilar biror yuzaga tez cho‘kadi va qo‘llarni tez-tez yuvish lozimligi aynan shu omilga asoslangan.

Avvalroq 200dan ko‘proq olim ochiq maktub orqali JSSTni virus tarqalishining aerozol usuliga bepisand qarayotganlikda ayblagan.
JSSTning kasalliklar tarqalishi ustidan nazorat bo‘yicha texnik direktori Benedetta Allegransi pandemiyaga qarshi kurash doirasida virusning havo orqali yuqishini inkor etib bo‘lmasligini aytgan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, mavjud ma’lumotlar havo bilan tarqaluvchi mayda tomchilar odamlar gavjum joylarda yoki yopiq va yomon shamollatiluvchi xonalarda virus yuqishi manbayi bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Shu bilan birga, JSST vakillari virusning havo orqali tarqalishining isbotlari dastlabki ekanligini va ular qo‘shimcha tekshiruvga ehtiyoj sezishini ta’kidlashmoqda.

JSSTga maktubni imzolagan olimlardan biri - Kolorado universiteti kimyogari Xose Ximenesning ta’kidlashicha, olimlar shu yo‘l bilan ehtimoliy xavfli holatlarga e’tibor qaratmoqchi bo‘lishgan.

Biz ular buning isboti borligini tan olishlarini istagandik. Bu aslo JSSTga tajovuz emas. Bu ilmiy bahs bo‘lib, biz uni oshkor qilishga qaror qildik, chunki ular bizning isbotlarni eshitishni istashmadi. Vaholanki, biz ular bilan bu haqida bir necha marotaba gaplashganmiz”, deb aytgan Ximenes.

Shunday olimlardan yana biri – Hongkong universiteti professori Benjamin Koulingning ta’kidlashicha, ekspertlarning xulosalari muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Agar virusning aerozol yo‘l bilan tarqalishi xavf solsa, unda tibbiy muassasalar xodimlari eng yaxshi himoya vositalariga ega bo‘lishlari lozim. Aslida JSST virusning aerozol yo‘l bilan tarqalishi haqida gapirishni xushlamasligining sabablaridan biri dunyoning ko‘plab davlatlarida bunday masxus niqoblarning yetarlicha miqdorda yo‘qligi hisoblanadi”, deb aytgan professor.

JSST bir necha oy davomida koronvirus inson aksirganda yoki yo‘talganda chiqadigan tomchilar bilangina tarqalishini ta’kidlab kelgan. Bu tomchilar havoda uzoq qolmaydi, biroq turli yuzalarga cho‘kadi. Shu sababli qo‘llarning tez-tez yaxshilab yuvilishi kasallik tarqalishining oldini olish usullaridan biri hisoblangan.

Biroq 32 davlatdan 239 olim bunga qo‘shilmayapti: ularning ta’kidlashicha, virus boshqa yo‘l bilan - odamlar gapirganda yoki nafas olganda chiqadigan va havoda soatlab ushlanib qoladigan kichiqrok tomchilar orqali tarqalishining jiddiy isbotlari mavjud.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)