16:10 / 09.07.2020
2 965

Pandemiya qachon tugaydi, ikkinchi to‘lqin nima: eng muhim savollarga javoblar va zaruriy tavsiyalar

Pandemiya qachon tugaydi, ikkinchi to‘lqin nima: eng muhim savollarga javoblar va zaruriy tavsiyalar
Foto: EPA/Vostock-photo
Global kun tartibida bo‘lgan yangi turdagi koronavirus – Covid-19 pandemiyasi hamon shiddat bilan tarqalishda davom etmoqda. Dunyo bo‘yicha virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 12 milliondan oshdi, vafot etganlar soni 552 mingdan oshib ketdi. Epidemiya tarqalgan 188 mamlakatning aksariyatida so‘nggi paytlarda yana o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xo‘sh, bu holatni nima bilan izohlash mumkin? Ikkinchi to‘lqin ehtimoli qanchalik yuqori? Uni yengilroq o‘tkazish uchun nimalar qilish kerak? Umuman, pandemiya qachon tugaydi o‘zi? Quyida shu kabi ko‘plab savollarga javob izlab ko‘riladi.

Dunyo Covid-19’ning ikkinchi to‘lqinida yashayaptimi?
Xitoy, Sloveniya va Yangi Zelandiya kabi kam sonli davlatlar kundalik holatlar sonini nolga tushirishga erishgandi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay, ushbu mamlakatlarda tag‘in yangi holatlar qayd etila boshladi. Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika singari mamlakatlarda esa epidemiya hali eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanicha yo‘q, shuning uchun ham virusga chalinish bilan bog‘liq raqamlar kun sayin o‘sishda davom etmoqda. AQSH, Eron, Isroil, Portugaliya kabi mamlakatlarda ham virus tarqalish sur’ati pasaygandi, biroq epidemiyaning egri chizig‘i yana ko‘tarila boshladi. Hatto virusni jilovlaganday ko‘ringan ayrim davlatlarda ham holatlar soni ortib borayotgani juda muhim bir savolni o‘rtaga qo‘ymoqda: dunyo Covid-19’ning ikkinchi to‘lqinini yashayaptimi?

JSST, Jahon iqtisodiy forumi, tegishli mamlakatlarning Covid-19’ga qarshi kurashishga mas’ul vakillari mazkur savolni qizg‘in muhokama qilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda AQSHda holatlar sonining ko‘payishi ortidan ushbu munozarali masala yana kun tartibiga chiqdi.

Ikkinchi to‘lqin nima?
Ikkinchi to‘lqin nima ekani haqida so‘nggi to‘xtam va xulosa yo‘q. Shu sababli, mazkur atamani noto‘g‘ri ishlatish holatlari ham uchrayapti. Epidemik xastaliklarda «to‘lqin» tushunchasini qo‘llash 50 million inson o‘limiga sabab bo‘lgan 1918 yilgi «ispanka» grippi pandemiyasining avj olishi bilan bog‘liq holda paydo bo‘lgan. 1918 yil «ispanka» grippi pandemiyasida yil boshida cho‘qqiga ko‘tarilgan epidemiyaning egri chizig‘i yoz oylarida yana ko‘tarilib, ikkinchi epidemiya sifatida namoyon bo‘lgan. Qish oylarida esa epidemiya uchinchi marta, faqat bu safar oldingilariga nisbatan kam raqamlar bilan o‘sgan va ko‘p o‘tmay tag‘in so‘ngan.

Shu tariqa, 1918 yilgi epidemiya bosqichlarida virusga chalinish holatlari sonining vaqtga taqsimlanishi to‘lqinga qiyos qilinib, birinchi, ikkinchi va uchinchi to‘lqin sifatida nomlangan. Covid-19 pandemiyasidan oldin tarixda eng keng miqyosli pandemiya 1918 yilda ro‘y bergani, Sars-CoV-2 va gripp virusi o‘rtasida ba’zi o‘xshashliklar mavjud bo‘lgani sababli taqqoslash hamda kelajakni bashorat qilishda 1918 yildagi pandemiya tebranishlariga tez-tez murojaat qilinadi.

Ikkala pandemiyani bir-biri bilan taqqoslashni xato deb bilgan va shu bois Covid-19’ning to‘lqin shaklida davom etishi borasidagi taxminlar noto‘g‘ri ekanini ilgari surayotgan mutaxassislar ushbu ikki virus o‘rtasidagi farqlarga alohida e’tibor qaratishadi.

To‘lqin modeli mavsumiy grippning yil davomida bir necha bor shakl o‘zgartirishi orqali vujudga keladi, ammo Covid-19’ning mavsumiy infeksiya xarakteriga ega ekani hali isbotlanganicha yo‘q. Ushbu qarashga ko‘ra, Covid-19 holatlari bilan bog‘liq raqamlarning to‘lqin sifatida izohlanishi ijtimoiy ko‘rsatma va chora-tadbirlarga rioya qilish yoki qilmaslik natijalari bilan bevosita bog‘liq.

Aytish joizki, 1918 yildagi pandemiyaning ikkinchi to‘lqini yumshatilgan ijtimoiy choralar ta’siriga emas, balki virus xususiyatlarining o‘zgarishiga ko‘proq bog‘liq edi. Ya’ni to‘lqinlarni keltirib chiqargan omillar inson nazorati ostidagi ijtimoiy tadbirlardan emas, balki virusning tabiiy tarkibidagi o‘zgarishlardan iborat edi.

Epidemiyaning «to‘lqin» tushunchasiga turlicha ma’no yuklayotgan mutaxassislar ham bor. Agar bu tushuncha virus bilan bog‘liq xususiyatlar emas, balki kundalik holatlar soni ortishi va kamayishi sifatida ko‘rib chiqilsa, demak, raqamlar ortgan davlatlar (masalan, AQSH, Eron) birinchi va ikkinchi to‘lqin o‘rtasidagi o‘tish davrida turibdi, deyish mumkin. Shu ma’noda, ikkinchi to‘lqin paydo bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ushbu tushuncha bilan nimani nazarda tutilayotganiga bog‘liq.

JSSTning favqulodda dasturlar bo‘yicha direktori Mayk Rayanning ta’kidlashicha, virusga chalinish bilan bog‘liq holatlarning ortishini ikkinchi to‘lqin, deb atab bo‘lmaydi. Ikkinchi to‘lqin tushunchasiga qanday ma’no yuklanishidan qat’i nazar, u bir to‘lqinning tugaganini ifodalash uchun, kasallik tarqalishini to‘liq nazorat ostiga olish va kunlik yangi holatlar sonining nolga tushirilishi va bu holatning ma’lum muddat davom etishini anglatish uchun qo‘llanadi. Shu nuqtayi nazardan, AQSH yoki Eron ikkinchi to‘lqinni boshdan kechirmoqda, degan fikrlar mavjud bo‘lsa-da, ushbu mamlakatlardagi vaziyat yuqoridagi belgilarga javob bermaydi. Shu sababli, ko‘pchilikning fikricha, AQSHdagi vaziyat birinchi to‘lqinning davomidir.

«Ikkinchi to‘lqin» konsepsiyasiga majoziy ma’no yuklagan tadqiqotlar ham mavjud. Masalan, bir tadqiqotda Covid-19 tufayli amalga oshirilgan ijtimoiy choralar tufayli jamiyatda yuzaga keladigan ruhiy salomatlik muammolari «ikkinchi to‘lqin» sifatida qayd etilgan.

Boshqa bir tadqiqotda esa bu tushuncha Covid-19 tufayli kechiktirilgan va hal qilinmagan sog‘liq muammolari yil oxirida yana paydo bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimiga katta yuk ortishi mumkinligini ifodalash uchun ishlatilgan. Ta’kidlanishicha, «tiklanish effekti» sifatida konsepsiyalangan ushbu vaziyat ikkinchi to‘lqinning muhim tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin.

Yana bir tadqiqotda qish davrida kuchayadigan gripp epidemiyasi yil oxirida kutilayotgan ikkinchi to‘lqinning unsuri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Gripp epidemiyasi va Covid-19’ning bir paytda yuzaga kelishi yanada katta muammo tug‘dirishi va sog‘liqni saqlash tizimiga og‘irlik yuklashi mumkinligi aytilmoqda.

Boshqa tomondan esa Covid-19 doirasida qabul qilingan choralar (niqob taqish, qo‘lni toza tutish, ijtimoiy masofa) gripp epidemiyasining shiddatini kamaytirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Ikkinchi to‘lqin qachon kutilmoqda?
Vashington universiteti sog‘liq o‘lchovlari va baholash instituti (IHME) tomonidan e’lon qilingan modellashtirishni o‘z ichiga olgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yil oxirida, ayniqsa, avgust oxiri va dekabr oralig‘ida ikkinchi to‘lqin kuzatilishi mumkin. Ushbu taxminlarga asos sifatida quyidagilar keltirilmoqda:

1. Jamiyatning immunitet darajasi juda past
Angliya va Fransiyadagi tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, bu mamlakatlarda virusga chalinish va o‘lim holatlari juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, aholining immuniteti 5 foiz atrofida. Boshqa nashrda keltirilishicha, immunitet darajasi Belgiyada 8 foizdan, Norvegiya, Germaniya va Avstriyada esa 1 foizdan past. Ijtimoiy immunitetni rivojlantirish uchun immunitetga ega bo‘lgan aholining ulushi qariyb 70 foizni tashkil etishi lozim. Bu esa ijtimoiy immunitetni rivojlantirish imkoniyatidan ancha uzoqda ekanimizni, yuqumli kasalliklarga nisbatan ta’sirchan odamlar soni ko‘p ekanini bildiradi.

2. Virus shimoliy va janubiy yarimsharda mavsumdan qat’i nazar tarqalishda davom etmoqda.
Yoz oylarida virusning issiq yoki ultrabinafsha nurlar ta’sirida kamayishi mumkinligi haqidagi qarashlar mavjud. Ammo bu qarashlarga qarshi argument sifatida aytish mumkinki, yuqumli kasallik qishda ham, yozda ham kuzatilishi, faslga qarab epidemiyaning nisbati o‘zgarishi to‘g‘risidagi dalillar yetarli emas.

3. Covid-19 va gripp viruslarining o‘xshashliklariga asoslanib aytish mumkinki, ular to‘lqin shaklida kuzatilishi mumkin.[/b]
[b]AQSHda ikkinchi to‘lqin kuzatilyaptimi?

AQSHda mart oyi boshidan ortib borgan kunlik holatlarning soni 26 aprelda o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi (kuniga 48 ming 529 holat) va 12 mayda bu ko‘rsatkich 12 ming 117ga tushdi. Mazkur sanadan e’tiboran ijtimoiy choralar yumshatila boshladi. Ijtimoiy choralar bekor qilingandan so‘ng, 8 iyulda ikkinchi cho‘qqi 61 ming 848 holat bilan kuzatildi. Ayniqsa, Arizona, Shimoliy Karolina va Florida shtatlari raqamlar eng tez o‘sadigan mintaqalardir.

Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda ijtimoiy choralar yetarlicha nazorat bilan yumshatilmadi. Shuning uchun ham holatlar soni tez o‘sib bormoqda. Jorj Floydning AQSH politsiyasi zo‘ravonligi natijasida o‘lim topishi ortidan butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan nazoratsiz namoyishlar ham bunga albatta o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazdi. Ammo ba’zi epidemiologlar namoyishlar markazi bo‘lgan Nyu-Yorkda yangi holatlar jiddiy o‘sishi kuzatilmaganini aytishmoqda.

Yuqorida keltirilgan mezonlarga ko‘ra, AQSHda holatlarning ko‘payishini ikkinchi to‘lqin sifatida emas, balki birinchi to‘lqinning davomi sifatida baholanishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchi to‘lqinda amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar nimalardan iborat?
Mamlakatlar epidemiya bilan ilk bor qarshilashgan paytlariga qaraganda hozir ko‘p jihatdan ustunlikka egalar. Masalan, sinov qobiliyati, shaxsiy himoya vositalarini yetkazib berish, mavjud manbalarni boshqarish kabi turli tajribalar mavjud. Ammo epidemiyani samarali boshqarish uchun bilishimiz kerak bo‘lgan narsalar ham oz emas.

Covid-19 pandemiyasining davomiyligi 3 omilning kombinatsiyasiga bog‘liq:
- Immunitetga ega bo‘lmagan odam;
- Yuqtiruvchi odam;
- Ta’sirchan aloqa.

Pandemiyaning davomiyligini belgilovchi asosiy chora-tadbirlarni quyidagicha keltirib o‘tish mumkin:
- Immunitetga ega bo‘lmaganlarni emlash;
- Yuqtirilgan odamlarni izolyatsiya qilish;
- Odamlarni karantinda ushlab turish;
- Umumiy chora-tadbirlar bilan o‘zaro aloqani minimallashtirishga erishish.

Ikkinchi to‘lqinning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan yoki uni yengib o‘tishni osonlashtirivchi chora-tadbirlar:
- Komendantlik soatlarini joriy etish;
- Holat va kontaktlarni kuzatib borish;
- Sog‘liqni saqlash tizimining imkoniyatlarini yaxshilash;
- Ijtimoiy masofaga saqlash;
- Tozalikka qat’iy rioya qilish;
- Odamlarni iloji boricha uyda qolishga undash.

Ta’kidlash joizki, pandemiya sharoiti sog‘liqni saqlash organlari va epidemiya jarayoniga mas’ul bo‘lganlarning zimmasiga ulkan javobgarlik yuklamoqda. Shu bois, epidemiyaning oldini olish emas, balki uni «boshqarish» bo‘yicha tavsiyalar ko‘proq berilmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar epidemiya bilan bog‘liq qarorlarni qabul qiluvchilarga ikkinchi to‘lqin ehtimoli haqida muhim axborotlarni ulashmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi muammolarini, xizmat ko‘rsatish sohasidagi nosozliklarni bartaraf etish, tibbiyot mutaxassislarining charchash sindromini davolash shular jumlasidandir.

Bir tadqiqotda ta’kidlanishicha, ikkinchi to‘lqin bilan kurashish uchun kunlik holatlar soni yuzlab emas, balki 10tadan 30tagacha bo‘lishi darkor.

Boshqa bir tadqiqotda esa pandemiya xuddi urushni boshqarishga o‘xshab ketishi ta’kidlab o‘tilgan: oldingi safda kuchli askarlar bo‘lishi bilan bir qatorda orqa planda ham ta’lim berilgan va tayyor holda ushlab turilgan kuchlar bo‘lishi kerak.

Ma’lumki, Buyuk Britaniya va AQSH epidemiyaning dastlabki kunlarida tartibsizliklar tufayli ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirishda kechikdi. Ikkinchi to‘lqin oldidan zaruriy tayyorgarliklarni amalga oshirish maqsadida Britaniyadagi «British Medical Journal» ilmiy jurnalida 5 yo‘nalish bo‘yicha siyosatni qayta ko‘rib chiqish tavsiya qilindi:

1. Mahalliy hokimiyatlar bilan kelishgan holda parlament nazorati ostida ochiq boshqaruvni amalga oshirish;
2. Tovarlar va xizmatlarni sotib olish, mavjud institutsional tuzilmalarni muvofiqlashtirish;
3. Og‘ir yuk ostida qolgan ijtimoiy guruhlarning holatini o‘rganish;
4. Kam ta’minlangan ijtimoiy guruhlarni himoya qilish;
5. Xalqaro hamkorlik va «Breksit» tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni hal qilish.

Adabiyotlarda ikkinchi to‘lqinga qarshi kurashda birinchi to‘lqinda samarali natijalar beradigan ijtimoiy choralar bir xil natijaga olib kelmasligi va jamiyatda charchoq holati mavjud bo‘lishi ta’kidlangan. Shu sababli, jamiyatning motivatsiyasini saqlab qolish va tavsiyalarga moslashish uchun yangi strategiyalar ishlab chiqilishi kerak. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 30 yoshgacha bo‘lgan aholining ijtimoiy tadbirlarga rioya qilish darajasi pasaygan.

Shuningdek, birinchi to‘lqinga qarshi kurashda barcha sog‘liqni saqlash manbalari safarbar qilingani sababli, tizimdagi nuqsonlar qo‘shimcha kasalliklarga olib kelishi mumkinligi, shuning uchun ikkinchi to‘lqinga tayyorlanish davrida elektoral xizmatlarga asoslangan qobiliyatni rivojlantirish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Pandemiya qachon tugaydi?
1918 yildagi «ispanka» grippi va Covid-19’ning epidemiologik xususiyatlarini tahlil qilgan modellashtirishlarga ko‘ra, epidemiya ikki yil davom etishi mumkin. Biroq immunitet chegarasi va davrining aniq emasligi, asimptomatik holatlar, emlashlarning muvaffaqiyatli bo‘lish-bo‘lmasligi uzoq muddatli prognozlarda xato ulushini ko‘paytirmoqda. Agar jamiyat chora-tadbirlardan charchasa va ulardan erta voz kechsa, virusga chalinish holatlari yanada ko‘payadi, natijada sog‘liqni saqlash tizimi hamma uchun yetarli bo‘lmagan darajada bloklanadi. Shu bois chora-tadbirlarni yumshatish siyosati va boshqaruvi ushbu mezonlarga muvofiq bo‘lishi juda muhim.

Xulosa
Kasallikka chalingan va immunitetga ega bo‘lgan odamlar orasida ikkinchi bor virus yuqtirish holati hozircha kuzatilmadi. Bu holat immunitet davri 6 oydan ko‘proq ekanini (epidemiya boshlangandan hozirgi kunga qadar) ko‘rsatadi. Ammo ushbu davrni bashorat qilish uchun davriy ravishda «seroprevalensiya» (qonda virusga qarshi antitanalarning tarqalish chastotasi) bo‘yicha tadqiqotlar olib borilishi, shuningdek, bemorlarda antitana titrining o‘zgarishi va immunizatsiya darajasi kuzatilishi, baholanishi darkor.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pandemiya qachon tugaydi, ikkinchi to‘lqin nima: eng muhim savollarga javoblar va zaruriy tavsiyalar