11:47 / 14.07.2020
4 578

Olimlar koronavirusdan vafot etish ehtimolini ikki baravar oshiradigan omilni aniqladi

Olimlar koronavirusdan vafot etish ehtimolini ikki baravar oshiradigan omilni aniqladi
Foto: Reuters
Xitoylik olimlar koronavirusga chalingan odamning qonida qand miqdorining yuqori bo‘lishi uning koronavirusdan o‘lish xavfini ikki baravar oshirishini aniqladi. «TASS»ning yozishicha, bu boradagi tadqiqot natijalari Diabetologiya jurnalida e’lon qilingan.

Koronavirus tarqalganidan so‘ng shifokorlar va biologlar ushbu kasallikni qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV-2 qandli diabet, semizlik, surunkali yurak kasalligi bilan og‘riganlarga, shuningdek, chekuvchilarga ko‘proq ta’sir qilishini aniqlagan. Xususan, olimlarning aniqlashicha, yurak bilan bog‘liq kasalliklar koronavirusdan vafot etish xavfini 4 baravardan ortiqqa, semizlik va qandli diabet esa 3 baravardan 5 baravargacha oshirgan.

Tadqiqotda 24 yanvardan 10 fevralgacha bo‘lgan muddatda Uxandagi kasalxonaga yotqizilgan 605 nafar bermorning kasallik tarixi o‘rganib chiqilgan.

Bemorlarning 100 nafardan ortig‘i virusni yenga olmay vafot etgan. Shu sababli olimlar bemorlarning o‘limiga olib kelgan omillarni va ular organizmining o‘ziga xos xususiyatlarini batafsil o‘rganib chiqqan. O‘rganishlar davomida qonda qand moddasi yuqori — bir litrda taxminan 7 millimol bo‘lgan bemorlar boshqalariga qaraganda COVID-19 asoratlaridan 2,3 marta ko‘proq vafot etgani aniqlangan.

Qonda qand miqdorining yuqoriligi koronavirusdan o‘lim xavfini aynan qanday qilib oshirishini olimlar hozircha bilmaydi. Ammo ularning taxminiga ko‘ra, qonda glyukoza miqdorining ko‘p bo‘lishi tromb va yallig‘lanishlar yuzaga keltirishi, shuningdek, qon-tomirlar ishi yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

«Biz kasalxonaga yotqizilgan har bir bemordan hatto ular avval qandli diabet bilan og‘rimagan bo‘lsalar ham, qondagi qand miqdori darajasini aniqlashni tavsiya etamiz», — deb yozmoqda tadqidotchilar.

Ma’lumot uchun, dunyoda bir sutkada 230 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalingani aniqlanib, kunlik antirekord yangilandi. Umumiy hisobda dunyo bo‘yicha 12,5 million kishi koronavirusga chalingani tasdiqlangan. Shundan 561 mingdan ortig‘i vafot etgan. Jons Hopkins ma’lumotlarida esa dunyo bo‘yicha 12,7 million kishi COVID-19 bilan kasallangani, bemorlarning 566 mingdan ortig‘i vafot etgani qayd etilgan.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar koronavirusdan vafot etish ehtimolini ikki baravar oshiradigan omilni aniqladi