21:10 / 16.07.2020
3 104

Belarusda namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda (video)

Belarusda namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda (video)
Vasiliy Fedosenko / Reuters / Scanpix / LETA
Belarus bo‘ylab Lukashenkoning asosiy raqiblari saylovlardan chetlatilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 300ga yaqin kishi hibsga olingan, namoyishchilarning ayrimlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

14 iyul kuni kechki payt Belarus aholisi Markaziy sayov komissiyasi tomonidan Viktor Babariko va Valeriy Sepkaloning prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaganidan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqishdi. Bu ikki nomzod 9 avgustda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida mamlakatning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenkoga jiddiy raqobatchi bo‘lishi kutilgandi.

Norozilik namoyishlari Minsk, Brest, Gomel, Grodno, Mogilev, Molodechno va Belarusning yana bir qator boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Namoyishlarning har birida bir necha o‘n nafardan bir necha yuz nafargacha odam qatnashgan. Eng katta namoyish Minskda bo‘lib o‘tgan.

Belarus poytaxtida namoyishga chiqqan odamlarning sonini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Tut.by sayti tarqatgan xabarga ko‘ra, bu namoyishda odamlar kichik-kichik guruhlarga to‘plangan va politsiya tomonidan namoyishchilarni hibsga olish boshlanganida odamlar tez tarqab ketgan.

Minskda norozilik namoyishlari kechki payt boshlangan. Odamlar ushbu namoyishlarda qatnashish uchun shaharning turli chekkalaridan yig‘ilib kelgan. Ularning bir qismi velosipedlarda bo‘lgan. Namoyishchilar Mustaqillik xiyoboni bo‘ylab harakatlangan. Yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilarning aksariyat qismi namoyishchilar bilan birdam ekanligini izhor qilgan.

Qisqa vaqt ichida namoyish bo‘lib o‘tayotgan joyga politsiya bo‘linmalari yetib kelgan va namoyishchilarni hibsga ola boshlagan. Politsiyachilar va fuqarolik kiyimidagi odamlar namoyishchilarga qo‘shib jurnalistlarni ham hibsga olishga kirishgan. Namoyishchilar bunga javoban «Uyat, uyat» deb baqirishgan.

Namoyishchilarni hibsga olish chog‘ida politsiya xodimlari ayovsiz tarzda harakatlangan. Namoyishchilarning qo‘llarini qayirib azob berishgan, kaltaklashgan, tepkilashgan. Qochishga uringanlarni ham ayashmagan. Hibsga olingan namoyishchilarni olib ketish uchun maxsus mashinaga tiqishgan.

Minskdagi namoyishchilarning aksariyatini G‘alaba maydonida, sirk oldida va Nemiga markaziy ko‘chasida hibsga olishgan. Kechki soat 9da Minskda namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolardan birida namoyishchilar olomoni politsiyachilarga qarshi qanday tashlangani aks etgan. Bu hamla tufayli militsiya hibsga olgan namoyishchi qochib ketadi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar turli xil «Militsiya xalq bilan!», «Uyat!» kabi shiorlarni ko‘tarib olgan bo‘lgan.

Minskda boshlangan norozilik namoyishlari militsiyaning qarshiligiga qaramay, yarim kechgacha davom etgan. Namoyishchilar hushtak chalishgan va qarsak chalib «Uyat!», «Yashasin Belarus!» deb qichqirishgan.

Belarusning boshqa shaharlarida ham militsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringan. Brestda yuzlab odamlar «birdamlik zanjiri»ni yaratgandan keyin militsiya namoyishchilarni hibsga ola boshlagan. Gomelda ham namoyishchilar va jurnalistlar hibsga olingan. Grodnoda, aksincha, namoyishlar tinch o‘tgan. Bu yerda militsiya faqat bir kishini hibsga olgan va biroz o‘tib qo‘yib yuborgan. Mogilevda hibsga olishlar bo‘lmagan.

Namoyishlar paytida Belarus bo‘ylab jami 300 ga yaqin kishi hibsga olingan, ulardan 14 nafari jurnalist. «Vesna» huquqni himoya qilish markazi Minskda hibsga olingan 230 shaxsning ism-sharifi yozilgan ro‘yxatni e’lon qildi. Naviny.by saytining xabariga ko‘ra, Minskda militsiya xodimlari ba’zi mahbuslarni qo‘llarini boshga qo‘yib, tiz cho‘kib o‘tirishga majbur qilgan.

Belarus IIV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida mamlakat bo‘ylab jami 250 nafar kishi hibsga olingan. Belarus IIV Tergov qo‘mitasi Minskdagi norozilik namoyishidan keyin hibsga olingan bir qator shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochilganini ma’lum qilgan. Ularga «jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzadigan hatti-harakatlarni uyushtirish, tayyorgarlik ko‘rish yoki ishtirok etish» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu modda bilan ayblangan shaxslar uch yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belarusda namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda (video)