15:39 / 17.07.2020
2 641

Tramp «dunyodagi eng xavfli odam» ekani haqidagi kitob rekord miqdorda sotilmoqda

Tramp «dunyodagi eng xavfli odam» ekani haqidagi kitob rekord miqdorda sotilmoqda
Foto: veteransnewsreport.com
Donald Trampning jiyani Meri Tramp tomonidan AQSHning amaldagi prezidenti haqida yozilgan «Juda ko‘p va hamisha oz: mening oilam qanday qilib dunyodagi eng xavfli odamni yaratdi» («Too much and never enough: how my family created the world's most dangerous man») kitobi savdo rekordlarini o‘rnatmoqda. Bu haqda CNN kitobni chop etayotgan «Simon and Schuster» nashriyotiga tayanib xabar bergan.

Manbada aytilishicha, 14 iyulda sotuvga chiqarilgan kitob birinchi kunning o‘zida 950 ming nusxada sotilgan. Bu raqamlarda kitobning bosma, elektron va audio nusxalari savdosi hisobga olingan. «Simon and Schuster» nashriyot uyi bu ko‘rsatkichni o‘zi uchun rekord natija deb atagan.

Nashriyotga ko‘ra, Trampning jiyani yozgan kitob savdosi AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton tomonidan yozilgan va avvalroq shu nashriyot tomonidan chop etilgan «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» («The room where it happened: a White house memoir») xotira kitobiga tegishli rekordni yangilagan.

Bu kitobda Bolton Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan davrida bo‘lgan hodisalarni yozgan va kitobda Trampga bog‘liq xotiralarga katta joy ajratilgan. Boltonning kitobi chop etilgan ilk haftada 780 mingdan ortiq nusxada sotilgan edi.

Klinik psixologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega Meri Tramp o‘z kitobida AQSH rahbari salbiy muhit hukmron bo‘lgan oilada ulg‘ayganini yozgan. Shuningdek, kitobda yozilishicha, oiladagi salbiy muhit ta’siri tufayli Donald Tramp qo‘rs bo‘lib ulg‘aygan.

Muallifning yozishicha, Tramp otasi undan norozi bo‘lmasligi istagi bilan o‘sgan. Meri Tramp shuningdek, bo‘lajak AQSH prezidenti ulg‘aygan sharoit uni ko‘plab hissiyotlardan mahrum qilgani va real hayotdan uzoqlashtirgani haqida yozgan.

Ma’lumot uchun, Amazon.com'da Meri Trampning kitobi 15 va 16,80 dollardan sotilmoqda. Kitobning audio formatini esa saytda bepul va ro‘yxatdan o‘tmagan holda onlayn tinglash mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp «dunyodagi eng xavfli odam» ekani haqidagi kitob rekord miqdorda sotilmoqda