17:30 / 22.07.2020
2 808

Zelenskiy avtobusdagilarni garovga olgan shaxsning talabini nega bajarganini tushuntirdi

Zelenskiy avtobusdagilarni garovga olgan shaxsning talabini nega bajarganini tushuntirdi
Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Lutsk shahrida jinoyatchi tomonidan avtobus yo‘lovchilarini garovga olinishi bilan bog‘liq murakkab vaziyatni hal qilishda insonlar jabrlanmasligi uchun barcha choralar ko‘rilganini aytdi.

«Oldin uning talablariga quloq tutdik, uning qanchalik adekvat inson ekanini baholadik. Biz hamma narsani nazoratda ushlab turdik. Chunki uning talablari noaniq edi. Buni tushunib olish muhim edi. So‘ngra nafaqat bu avtobus, balki Lutskdagi boshqa joylar ham minalashtirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi», – dedi u prezident ofisi tomonidan «Interfaks-Ukraina» agentligiga berilgan videoizohda.

Zelenskiy 9 soat davomida terrorchi bilan hamma, psixologlardan tortib, to muzokarachilargacha gaplashganini aytdi. U hammaga tahdid qilib, faqat bir narsani, o‘z talablarining bajarilishini istagan edi.

«Maxsus operatsiya o‘tkazish taklif qilindi, ammo uning qanday yakunlanishi noma’lum edi. To‘g‘ri, tezkor hujum qilish samarali bo‘lardi. Biroq insonlarning halok bo‘lish xavfi bor edi», – dedi prezident.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u telefon orqali bu inson bilan gaplashib, garovdagilarni qo‘yib yuborish haqida kelishib olishni istagan.
«Menga uning hamma bilan atigi 10-15 sekund gaplashayotganini, faqat jurnalistlar bilan biroz uzoq vaqt suhbatlashganini aytishdi. U faqat o‘z talablarining bajarilishini istayotganini aytib, aloqani uzib qo‘yayotgan edi», – dedi prezident.

Zelenskiy terrorchi bilan 7-10 daqiqa gaplashgan va garovdagilarning bir nechasini – yarador, homilador ayol va yosh bolaning qo‘yib yuborilishini kelishib olgan.

«U hech kim yaralanmagani, bu uydirma ekani, shu tufayli 3 odamni qo‘yib yuborishini, so‘ngra men videomurojaat qilishim lozimligini aytdi. Video ijtimoiy tarmoqlarda chiqqanidan so‘ng, yarim soat o‘tgach hammani ozod etishga va’da berdi. Taxminan shunday bo‘lib ham chiqdi, 30-40 daqiqadan keyin u garovdagilarning hammasini qo‘yib yubordi», – dedi prezident.

Zelenskiy hech qanday hujumsiz, hatto bir odamning hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan boshqacha chora ko‘rishning iloji bo‘lsa, shu ishni qilishini, shunday tamoyil asosida «yashagani, yashayotgani va bundan keyin ham shu prinsipga amal qilishi»ni ta’kidladi.

«Buni prezident bo‘lish, ammo inson sifatida qolish, deyish mumkin. Bizda natija bor – hamma tirik. Biz reyting uchun emas, hayot uchun kurashamiz. Bu men uchun eng muhim qadriyat», – deb so‘zini yakunladi u.

Ma’lumot uchun, Zelenskiy feysbukdagi sahifasida hammani «Yerliklar» (Earthlings) nomli filmni tomosha qilishga chaqirilgan video-murojaatini joyladi. Terrorchining talabi aynan shunday edi.

Garovdagilarning hammasi ozod etilgach, video-murojaat o‘chirib tashlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy avtobusdagilarni garovga olgan shaxsning talabini nega bajarganini tushuntirdi