17:30 / 23.07.2020
3 782

Ko‘rshapalaklar nega koronavirusdan o‘lmaydi, ular virusni qanday yengadi?

Ko‘rshapalaklar nega koronavirusdan o‘lmaydi, ular virusni qanday yengadi?
Foto: OLİVİER FARCY
Olimlar olti turdagi ko‘rshapalakning genetik kodlarini dekodlashdi.
Ushbu kodlarda ko‘rshapalaklarni halokatli viruslardan himoya qiluvchi «istisnoli immunitet tizimlari»ga oid genetik ko‘rsatmalar mavjud.

Tadqiqotchilar ushbu ma’lumotlardan ko‘rshapalaklarning qanday qilib koronavirusga chalinmagan holda uning tashuvchisiga aylanishi mumkinligini aniqlash jarayonida foydalanishga umid qilishmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tadqiqot hozirgi va kelajakda yuz beruvchi epidemiyalarda inson salomatligiga yordam beruvchi yechimlarni taklif qilishi mumkin.

Dublin universiteti kolleji professori Emma Tilingning aytishicha, ular dekodlashtirgan «mukammal» genetik ketma-ketliklar ko‘rshapalaklarning «istisnoli immuniteti» mavjudligini ko‘rsatdi.

«G‘ildirakni qaytadan ixtiro qilishimiz shart emas. Endi qo‘limizda tashlashimiz kerak bo‘lgan qadamlarni anglashga yordam beruvchi vositalar bor. Buning uchun dorilarni ishlab chiqishimiz lozim», dedi Tiling.

Professor Tiling – Bat1K loyihasi asoschilaridan biri bo‘lib, ushbu loyihaning maqsadi 1421 turdagi ko‘rshapalakning genetik kodlarini dekodlashdan iboratdir.

Tilingning ta’kidlashicha, tadqiq etilayotgan genlar insonlarning qarish jarayonining oldini olish va kasalliklarni kamaytirish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan genetik yechimlarni aniqlashda qo‘l keladi.

Yangi turdagi koronavirus – Covid-19 ko‘rshapalaklardan chiqqani va hanuz aniqlay olinmagan qandaydir boshqa bir hayvon orqali insonga yuqqani taxmin qilinadi. Sars, Mers va Ebola kabi bir qator boshqa kasalliklar ham odamlarga shu yo‘l bilan yuqqandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish mutaxassislarining ta’kidlashicha, ko‘rshapaklarni aybdor qilish kerak emas va ular tabiiy holatda inson salomatligiga juda kam xavf tug‘diradi.

Ko‘rshapalaklar tabiat muvozanatida ham juda muhim o‘rin tutadi. Ko‘pchiligi meva urug‘larini tarqatadi, ba’zi turlari esa bir kechada millionlab tonna hasharotlarni yeydi.

Tadqiqotlar nimani ochib berdi?
Xalqaro tadqiqot guruhi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ko‘rshapalaklarning genetik tuzilishiga oid shifrni yechdi.
Mutaxassislar ko‘rshapalaklarning genetik xaritalarini ularning hayot shajaralaridagi 42 turdagi boshqa sutemizuvchilar bilan solishtirishdi.

Ko‘rshapalaklarning eng yaqin qarindoshlari qatorida itlar, mushuklar, pangolinlar, kitlar va tuyoqli sutemizuvchilar bor.
Ilmiy izlanishlarda ko‘rshapalaklarning farqli tarzda rivojlangan g‘ayrioddiy xususiyatlarini tushuntirib beradigan genom mintaqalar tadqiq qilindi.

Genetik detektivlik ko‘rshapalaklarning qorong‘i muhitda ov qilishi va ularga yo‘l topish imkonini beruvchi ovozni aniqlash qobiliyatiga oid genlarni ham kashf qildi.

Ushbu ma’lumotlar kelgusida pandemiyaga qarshi kurashda qanday foyda berishi mumkin?
Ko‘rshapalaklarni viruslardan himoya qiluvchi ko‘plab genetik o‘zgarishlarni aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar inson salomatligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislar ko‘rshapalak genomiga oid ma’lumotlar uning koronavirus infeksiyalaridan qanday himoyalanishini ham tushuntirab beradi, degan fikrda. Bu esa kelajakdagi epidemiyalarga qarshi kurashda yordam berishi mumkin.

«Ushbu o‘zgarishlar ko‘rshapalaklarning favqulodda immunitetiga oid tadqiqotlarga katta hissa qo‘shishi mumkin», dedi Germaniyaning Drezden shahridagi Maks Plank molekular hujayralar biologiyasi va genetika instituti vakili Maykl Xiller.

Ta’kidlash joizki, ko‘plab infeksiyalarda o‘limni keltirib chiqaradigan virus emas, balki tananing immunitet tizimining reaksiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rshapalaklar immun tizimni boshqara oladi. Shu bois ular virus yuqtirib olsalar-da, ularda kasallik alomatlari kuzatilmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ko‘rshapalaklar nega koronavirusdan o‘lmaydi, ular virusni qanday yengadi?