17:43 / 30.07.2020
1 576

Milliy immunitet xususiyatlari: nega Tailand COVID-19 pandemiyasini bu qadar yengil o‘tkazmoqda?

Milliy immunitet xususiyatlari: nega Tailand COVID-19 pandemiyasini bu qadar yengil o‘tkazmoqda?
Foto: Reuters
Xitoy hududidan tashqarida ilk marta COVID-19 yuqtirish holati 13 yanvar kuni Tailand qirolligida aniqlanganda (uni uhanlik turist olib kelgan), avvaliga tailandliklarni falokat kutayotgandek ko‘ringan edi. Chunki mamlakatda har yili o‘n millionlab xorijlik turistlar hordiq chiqarishadi.

Lekin asl holat tailandliklar qo‘rqqanchalik bo‘lib chiqmadi. Shu kungacha 3298 yuqtirish holati, 58 ta o‘lim va 30 iyul kuni 70 million aholiga ega davlat 106-o‘rinda turibdi — buni hisoblashlardagi barcha xatoliklar va testdan o‘tkazishning nisbatan past darajasi (685 ming)ga qaramasdan muvaffaqiyat sanash mumkin.

Boz ustiga, yil boshida qirollikka odatdagidek minglab xorijiy turistlar dam olishga kelishgan edi. Hattoki pandemiya qattiq iskanjaga olgan mamlakatlardan ham.

Darvoqe, Tailandning o‘zida mahalliy aholi ichida «ichki» zararlanish deb atalayotgan yangi yuqtirish holatlari ikki oydirki, qayd etilmayapti. Barmoq bilan sanash mumkin bo‘lgan barcha yuqtirganlar chegara ortidan kirib kelgan.

Madaniyat va genlar
Taidandda bunga qanday erishildi? Bu savolga bittada javob qaytarib bo‘lmaydi. Mutaxassislar tailandliklarga yordam bergan o‘nlab ehtimolli sabablarni sanashmoqda. Aftidan, barcha sabablar yakuniy natijaga olib kelgan.

Tailandliklarga ularning madaniyatida genetik darajada mavjud bo‘lgan ijtimoiy masofalashuv yordam bergan bo‘lishi aniq: qirollik aholisi uchrashganda qo‘l berish ko‘rishmaydi, ko‘chada umuman quchoqlashishmaydi, kaftlarini yuzi oldiga jamlagancha salom berishadi.

Tailandda juda erta, birinchi zararlanish holatidan keyinoq himoya niqoblarni taqa boshlashgani ham o‘z rolini o‘ynagani ko‘rinib turibdi. Sog‘liqni saqlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilganini hisobdan chiqarmaslik kerak. Ko‘p vaqtini toza havoda o‘tkazuvchi tailandliklarning hayot tarzi haqida ham unutmaslik lozim. Ehtimol, koronavirus nimaga «yopishib» olishni ham bilmagandir — mamlakatda surunkali kasalliklar darajasi ham past.

Aftidan, tailandliklarga koronavirusga muvaffaqiyatli qarshi turishda ularning immun tizimi xususiyatlari ham yordam bergan ko‘rinadi.

Ularning Mekong daryosi oqimidagi qo‘shnilarida ham shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar. Myanmada, masalan, 350 ta holat va 6 ta o‘lim qayd etilgan, Kambojada — 226, Laosda — 20. Boz ustiga, Kamboja va Laosda Vetnam kabi koronavirusdan biror kishi o‘lmagan.

Mekong daryosi oqib o‘tuvchi Xitoyning janubida ham shunga o‘xshash manzara. 50 million kishi istiqomat qiladigan Yunnan provinsiyasida bor-yo‘g‘i 190 kishi koronavirus yuqtirgan. Ayni paytda u yerda birorta kasal yo‘q.

Tailandda epidemiyaning kechishiga doir yana bir xususiyatga Pattani provinsiyasida epidemiyani o‘rgangan Bangkokning Chulalorgkorn universitetidan Viput Fulcharoyen e’tibor qaratgan. Aniqlanishicha, zararlanishlarning 90 foizdan ortig‘i simptomlarsiz kechgan.

Viput bu g‘alati holatni immun tizimi turli viruslarga qarshi turlicha kurashishi bilan tushuntiradi. Masalan, yaxshi ma’lumki, tailandliklar va Janubiy sharqiy Osiyoda yashovchi boshqa xalqlar vakillari denge bezgagiga juda zaif.

«Hozir biz immun tizimini o‘rganmoqdamiz, — deydi u. — Agar immun tizimimiz denge bezgagiga kuchsiz qarshilik ko‘rsatar ekan, nega u COVID-19ga kuchliroq qarshilik ko‘rsata olmas ekan?»

«Gap faqat immunitet va genetikada deb o‘ylamayman, — deya fikrlaydi Tailand sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Tavesin Visangyutin. — Menimcha, bu yerda gap madaniyatda. Tailandcha salomlashishda jismoniy kontakt yo‘q. Darvoqe, Mekong basseyni mamlakatlarida ham mana shunday manzarani kuzatishingiz mumkin».

Tabiiyki, hokimiyat tomonidan qabul qilingan cheklov choralarini ham hisobdan ayirmaslik kerak. Qirollikda karantin 24 martda e’lon qilingan edi. Albatta, yuzlab qoidabuzarlar bo‘ldi, lekin professionallarga ishonuvchi tailandliklar, umuman olganda, xavfsizlik qoidalariga juda mas’uliyat bilan yondashishdi.

Koronavirusga qargi kurashishda 75 mingdan ziyod qishloqlarda ishlagan 1 milliondan sal ko‘proq ko‘ngillilar (asosan ayollar) ham ijobiy rol o‘ynagan.

Iyuldagi yangi yil
Tailanddagi uy xo‘jaliklari Osiyoda qarz bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lsa kerak. Ko‘plab tailandliklar ayni damda budda ibodatxonalariga borib tekin tarqatilayotgan guruchni olmoqda. Pandemiyagacha kuniga 1000 bat (31 dollar) ishlagan poytaxt Bangkokdagi taksichilarning daromadi 7 barobarga pasayib, kuniga 150 batni tashkil etmoqda, u benzinga ham yetmaydi.

Bosh vazir Prayut Chan-Ochi hukumati iqtisodiyot va aholiga yordam sifatida rekord darajadagi 1,9 trillion bat ajratdi. Mart oyida daromadi pandemiya tufayli sezilarli darajada tushgan har bir kishiga uch oy davomida 5 ming bat ajratilishi e’lon qilingan edi. Pul olish uchun qirollikning qariyb yarmi — 29 million kishi murojaat qilgan.

Byurokratik to‘siqlar va rad etishlar ko‘pchilikni tushkunlikka tushirib qo‘ymoqda. Aprel oyida umidsizlikka tushgan ayollardan biri Tailand Moliya vazirligi binosi oldida margumush yutgan. Uni qutqarib qolishgan, biroq qirollikda o‘z joniga qasd qilish darajasi sezilarli ko‘paygan.

Aholisining ko‘p jilmayishi hisobiga Tailandni Tabassumlar yurti deb atashlariga qaramasdan, ularning madaniyati va psixologiyasining farqli tomonlaridan biri depressiya va o‘z joniga qasd qilishga moyillik hisoblanadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Tailand 100 ming aholiga 14,4 xudkushlik bilan Janubiy-sharqiy Osiyoda birinchi o‘rinda turgan. Sayyorada bu ko‘rsatkich 10,6 ga teng.

Covid Thailand Aid xayriya fondi yordam so‘ralgan murojaatlarga to‘lib ketgan, deydi fond asoschilaridan biri Natali Narkprasert. Koronavirusdan Myanma va Kambojadan kelgan millionlab mehnat migrantlari ham qattiq aziyat chekkan. Ularning bir qismi chegara yopilguncha uylarga qaytishga ulgurgan, qolgan qismi esa Tailandda qolib ketib, o‘zlari ishlagan mehmonxonalar, qahvaxona va restoranlar yopilganda uch oy pulsiz qiynalgan.

Iyun oyida Tailand normal hayotga qayta boshladi. Karantindan to‘rt bosqichli chiqish 33 kun davom etdi. Iyul oyining boshida tailandliklar birinchi bayram — aprelda pandemiya tufayli bekor qilingan tailandcha yangi yilni nishonlashdi. U ichki turizm rivojlanishiga turtki bergan.

Hukumat xorijdan kelayotgan turistlar uchun qirollik chegarasini ehtiyotkorlik bilan ochmoqda. Bangkokdagilar yaxshi tushunib turibdi: ular iqtisodiyotga tezroq tiklanishga yordam berish bilan bir qatorda mamlakatga yangi zararlanish ham keltirishi mumkin.

Xorijliklar bilan bog‘liq yoqimsiz holatlardan biri iyul oyining o‘rtalarida Rayong kurortida ro‘y bergan. Koronavirusga musbat testli misrlik uchuvchi karantindan qochib chiqib, xarid uchun do‘konlarga o‘zini urgan. Uni ushlashgan, hududda yana maktablar yopilgan.

Boylardan umid
Iqtisodiyoti turizmga qattiq bog‘langan (turizm sohasi o‘tgan yili YAIMning qariyb 20 foizini ta’minlagan va mehnatga layoqatli tailandliklarning 21,4 foizini ishli qilgan) qirollik pandemiyadan juda kuchiz bo‘lib chiqdi. Tailand turizm va sport vazirligi iqtisodchilarining prognozlariga ko‘ra, yil oxirigacha mehmonxonalarning 60 foizi yopilishi mumkin.

Bosh vazir Prayut 28 may kuni pandemiya nafaqat sog‘liqni saqlash sohasida, shuningdek iqtisodiyotda ham inqiroz keltirib chiqarganini tan oldi. May oyida sanoat ishlab chiqarishi qariyb chorak martaga qisqargan. XVJ prognoziga ko‘ra, joriy yilda Tailand iqtisodiyoti pasayishi YAIMning 6,5 foiziga teng bo‘ladi. Butunjahon bankining baholashicha, 2020 yilda qirollikning 8 million aholisi ish va yashash uchun mablag‘siz qolib ketishi mumkin.

Tailand iqtisodiyotida vaziyat og‘irligini milliy valyuta ham isbotlab turibdi. Aprel oyida choralar kuchaytirilgach, uch hafta ichida batning dollarga nisbatan qiymati 2,6 foizga pasaydi va Osiyodagi eng arzon valyutalardan biri bo‘lib turibdi (Indoneziya rupiyasidan so‘ng). Qirollikda hozir asosiy stavka 0,5 foizga teng.

Ofat yolg‘iz o‘zi kelmaydi. Pandemiya uzoq yillar ichidagi eng katta qurg‘oqchilik bilan birga keldi.

Mamlakat rahbariyati iqtisodiyotni tanazzuldan qanday qilib chiqarishni aniq tasavvur qila olmayotganga o‘xshamoqda. Bunday o‘tish davrlarida o‘zgarishlar qilmaslik tavsiya etilsa-da, bosh vazir hukumatda jiddiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishga qaror qildi. 16 iyul kuni dastlab moliya vaziri Uttama Savanayana iste’foga chiqarildi. Undan so‘ng iqtisodiyotga mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Somkid Jatusripitak ishdan olindi. Keyingisi Bank of Thailand boshlig‘i Viratay Santiprabob bo‘lishi ham aniq. Energetika, oliy ta’lim va mehnat vaziri ham iste’foga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Mamlakat bosh banki iqtisodchilari xalqaro tashkilotlardan ham ko‘ra pessimistik prognoz berayotgani hayratlanarli. Tailand Markaziy bankidagilar mamlakat iqtisodiyoti joriy yilda rekord 8,1 foizga pasayishini aytishmoqda.

Tailand hukumati turizm sohasiga yordam dasturini ishlab chiqqan. Turizm vaziri Pxipxat Ratchakitprakarnning intervyusidan kelib chiqsak, 1 iyul kuni chegaralarini xorijliklar uchun ochgan Tailand maksimal darajada turistlarni (ayniqsa, jami turistlar sonining qariyb 60 foizini tashkil etgan Xitoydan) olib kirish emas, boy turistlarni jalb etishga urinmoqda.

Bu yil Bangkok o‘tgan yilgidek 39 million emas, 10 million xorijiy turistni olib kirishni rejalashtirgan. Pxipxata turizm sohasining mamlakat YAIMga ulushi 2020 yilda 1,23 trillion bat bo‘lishini prognoz qilmoqda, bu esa o‘tgan yilgidan 59 foizga kam.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Phuket, Samui, Phangan va Phi-Phidagi qimmatbaho otellarda to‘xtagan boyvachcha turist besh nafar oddiy turistdan ko‘ra ko‘proq xarajat qilishi mumkin. Boy turistlarning boshqa muhim afzalliklari ham bor. Masalan, ularni ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya etishga chaqirish shart emas, ular shundoq ham yolg‘iz dam olishni yaxshi ko‘rishadi.

Prayut hukumati ichki turizmga yordam berishni ham mo‘ljallamoqda. Bu maqsadlarga 22 milliard bat ajratilgan. O‘z vatanida dam olayotgan tailandliklar mehmonxonada 5 sutka yashagani uchun 40 foizlik, sutkasiga 3 ming batdan oshmagan chegirmaga ega bo‘lishadi. Ular kuniga 600 bat hisobidan restoran, suvenir do‘konlardagi to‘lovlarga kredit olishlari ham mumkin. 2 million tailandliklar odam boshiga 1000 batdan transport xarajatlariga ham kompensatsiya olishadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)