06:00 / 31.07.2020
4 014

«Ikkinchi to‘lqin bo‘lmaydi». Karantin nega yana kuchaytirilmoqda?

«Ikkinchi to‘lqin bo‘lmaydi». Karantin nega yana kuchaytirilmoqda?
Bundan olti oy muqaddam Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 epidemiyasini dunyo miqyosida favqulodda holat, deb tan olgan edi. O‘tgan vaqt davomida bir qator davlatlar kasallikka qarshi muvaffaqiyatli kurashib, inqirozdan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo hech kim xotirjam tortgani yo‘q: istalgan vaqtda yangi kasallik o‘choqlari paydo bo‘lishi mumkin. JST tomonidan ta’kidlanishicha, kasallikning ikkinchi to‘lqini bo‘lmaydi, ammo birinchisi juda og‘riqli kechadi.

Vetnam
Xitoyning eng yaqin qo‘shnilaridan biri bo‘lgan Vetnam ikki marta kasallik hurujini to‘xtatib, butun dunyoni lol qoldirdi. Kasallik o‘choqlari tezda nazorat ostiga olindi va garchi statistika haqqoniy bo‘lganiga shubha qiluvchilar topilsada, «vetnamcha muvaffaqiyat» hayron qoldirmasligi mumkin emas.

Ammo ushbu mamlakatda ham hozir vaziyat ancha jiddiy. Sayyohlik shaharchasi bo‘lgan Danangda to‘rt kishida koronavirus aniqlandi. Yomon tomoni, bu virus avvalgilaridan ancha farq qiladi: u tezroq tarqaydi va bemorlarni o‘ta og‘ir ahvolga keltirib qo‘yadi.

Hozirda Danangdan chiqayotgan har bir inson karantinga olinmoqda. Virus mamlakatga qanday kirib kelgani hozircha aniq emas. Tahmin qilinishicha, noqonuniy migrantlar olib kelishgan. Ayni vaqtda kasallik tarqalishi davom etmoqda, 27 iyul sanasida 11 kishida yangi virus aniqlangan.

JST tomonidan ta’kidlanishicha, koronavirusning yangi shtammi xavfni oshirmaydi. «Garchi mutatsiya jarayoni davom etayotgan bo‘lsa-da, tahlikaga tushishga hojat yo‘q. COVID-19ning xavfi va yuqumliligi oshib ketmadi», — deydi JSTning Vetnamdagi vakili Kidon Park.

Shimoliy Koreya
Xitoyning yana bir qo‘shnisi — Shimoliy Koreya o‘tgan vaqt davomida rasman «toza» bo‘lib qoldi. Iyul oyi boshlarida Kim Chen In mamlakat chegaralari koronavirusdan 100 foiz himoyalangani haqida gapirgan edi. Ammo 26 iyulda mamlakatda ilk zararlanish ehtimoli borligi xabar qilindi. Birinchi bemor sifatida Janubiy Koreyadan o‘z vataniga qaytgan qochoq shubha ostiga olingan.

Ayni vaqtda u izolyatsiyada va bemor bilan muloqotda bo‘lganlar qidirilmoqda. Qochoq o‘tib kelgan Keson shahridagi harbiy-demarkatsiya o‘tish nuqtasi to‘liq yopilgan. Janubiy Koreya matbuoti tomonidan yozilishicha, shimoliy koreyalik qochoq nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatda ayblangani uchun o‘z vataniga qayta qochib ketgan. Ammo unda virus bo‘lmagani aytilmoqda.

Janubiy Koreya
O‘z navbatida Janubiy Koreyada vaziyat yana og‘irlashgan. Oxirgi o‘tgan ikki oy davomida ilk marta yuzdan ortiq kasallanish holati aniqlangan. Shundan 34 tasi Rossiyadan kelganlar orasidan topilgani aytilmoqda. 8 iyul kuni Pusan portida to‘xtagan «Petr Perviy» kemasidagi 94 dengizchidan 34 nafari kasallikni yuqtirgan bo‘lgan.

Yaponiya
Kunchiqar o‘lkada ham vaziyat ancha jiddiy ko‘rinish olgan. Ayti prefekturasidagi Osakada kuniga yuzdan ortiq kasallar aniqlanmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab kasallanganlar soni 600 nafardan oshib ketdi.

Xitoy
Kasallik tarqagan mamlakatning o‘zida 28 iyul kuni 64 kishida infeksiya aniqlandi. Kasallik asosan Uyg‘uristonda qayd etilgan — 57 kishi. Yana olti bemor Lyaonin provinsiyasidan topildi.
Xitoyda hukumat to‘rt kun ichida bir necha million test o‘tkazishga buyruq berdi. Kasallik yana bir necha hududlarda, xususan poytaxt Pekinda ham qayd etilgan.

Gonkong
Gonkongda ham karantin qoidalari qayta joriy etildi. O‘tgan hafta davomida 108 kishida kasallik aniqlandi. Ilgari bunday natija qayd etilmagan edi.

Yevropa ikkinchi to‘lqin arafasida
«Kelinglar, haqiqatga tik boqaylik. Qo‘rqamanki, Yevropaning ba’zi hududlarida pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanmoqda. O‘tgan safar kasallik avj olganda nimalar bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz», — dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 28 iyulda so‘zlagan nutqida. O‘sha nutqdan bir kun muqaddam mamlakatda 685 kishida kasallik aniqlangan edi.

Iyul oyi boshlarida Buyuk Britaniya bir qator mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar uchun ikki haftalik karantinni bekor qilgan edi. Ushbu qaror shoshma-shosharlik bilan qabul qilingani sal turib ayon bo‘ldi va hozirgi vaqtda Ispaniyadan qaytayotganlar yana karantinga yuborilyapti.

Buning sababi ham tushunarli. Pireney yarim orolida iyun oyida statistika keskin yomonlashdi — kuniga bir yarim mingdan ortiq kishida kasallik aniqlanmoqda. Ammo Ispaniya hukumati vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlamoqda.

Fransiyada 16 mamlakatdan kelgan fuqarolar majburan test topshirishi belgilab qo‘yilgan. Germaniyada ham xuddi shunday vaziyat. Bu mamlakatda 27 iyul kuni 340 nafar, 28 iyulda esa 633 nafar kasallanganlar aniqlangan edi.

Antirekord uchun jang
Kasallanish bo‘yicha antilider hamon AQSH bo‘lib turibdi. Pandemiya boshlangandan buyon mamlakatda 4,5 million kishida kasallik aniqlangan. Bir kun davomida 50 mingdan ko‘proq kishi virusga chalinyapti. Kaliforniya, Florida, Nyu-York va Texasda vaziyat o‘ta jiddiy. Bu yerda iyul oyi boshlarida karantin qoidalarini yumshatish to‘xtatilgan edi.

Hozir barcha umid — vaksinaga qaratilgan. 27 iyulda 30 ming kishi ishtirokida vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi. Ushbu dastur 900 million dollarga baholanmoqda.

Braziliya
Braziliyada ham kuniga 50 mingdan ortiq kishida kasallik aniqlanmoqda. Prezident Jair Bolsonaru koronavirusga ishonmaydigan eng taniqli siyosatchilardan biri edi. U hatto kasallikka chalinganda ham ijtimoiy masofa saqlamadi va jurnalistlar bilan uchrashdi. Endi uni sudga berishlari mumkin.

JST
Butun dunyoda vaziyat ancha jiddiy, ammo JST koronavirusning ikkinchi to‘lqini bo‘lishiga ishonmayapti. Tashkilot tomonidan ta’kidlanishicha, to‘lqin bitta, ammo juda katta bo‘ladi va kasallanishlar ko‘lami goh ko‘tarilib, goh tushib turadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Ikkinchi to‘lqin bo‘lmaydi». Karantin nega yana kuchaytirilmoqda?