13:09 / 02.08.2020
2 440

Belarus: 37 yoshli ayol prezident Lukashenkoning chorak asrlik boshqaruviga chek qo‘ymoqchi

Belarus: 37 yoshli ayol prezident Lukashenkoning chorak asrlik boshqaruviga chek qo‘ymoqchi
Foto: RIA Novosti
37 yoshli Svetlana Tixanovskaya turmush o‘rtog‘i, bloger Sergey Tixanovskiy hibsga olingach, prezidentlik poygasida qatnashishga qaror qildi.
Joriy yil 9 avgust kuni Belarus Respublikasida prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda davom etayotgan saylov kampaniyasi mamlakat tarixidagi eng mojaroli jarayon deya baholanmoqda.

Belarusni 26 yildan beri idora etib kelayotgan prezident Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqiblari – bankir Viktor Babariko va bloger Sergey Tixanovskiy hibsga olingach, mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlar boshlandi. Muxolifatning yana bir vakili Valeriy Sepkalo ta’qibdan qo‘rqib Rossiyaga juftakni rostladi. Asosiy kuchlar o‘yindan chiqarilgach, Lukashenkoning hariflari Svetlana Tixanovskayani yagona nomzod sifatida ko‘rsatishga qaror qilishdi. 37 yoshli Svetlana bunga qadar tarjimon sifatida faoliyat yuritgan, katta siyosatga aralashmagan. Darvoqe, u «Batka»ga (rusiyzabon o‘lkalarda Aleksandr Lukashenko shunday atalishidan xabaringiz bo‘lsa kerak) munosib raqib bo‘lishi kutilgan, ammo qamoqqa tashlangan bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi sanaladi.

Yaqingacha kamtarin tilmoch bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya qisqa fursatda tanilib, minglab tarafdor to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Mamlakat bo‘ylab minglab aholi uni qo‘llab-quvvatlab namoyishlarga chiqmoqda. Masalan, joriy yil 30 iyul kuni poytaxt Minskda tashkil etilgan mitingda 63 ming kishi qatnashgani xabar qilindi. Bu «Yevropaning so‘nggi diktaturasi» deb ta’riflanadigan mamlakatda chorak asr davomida kuzatilmagan holatdir.

Muxolifat tashkil etayotgan namoyishlarda minglab odam qatnashmoqda. Bu zamonaviy Belarus uchun kamyob hodisa sanaladi. Foto: Nasha Niva
Tixanovskaya davlat telekanallarida tashkil etilgan nomzodlar munozarasida qatnashishdan bosh tortib, amaldagi prezidentni xalq shohidligida yuzma-yuz bahsga taklif etdi.

«Lenta.ru» cayti Svetlana Tixanovskaya bilan suhbat qurdi. «Xabar.uz» mushtariylari e’tiboriga ushbu intervyuning eng muhim bandlari tarjimasi havola etilmoqda.

– Belarus saylovchilari nega sizga ovoz berishi kerak? Ciz prezident lavozimida Lukashenkodan durustroq faoliyat olib boraman deb hisoblaysizmi?
– Men jillaqursa lavozimdan (vaqtida) ketishim bilan Lukashenkodan afzalroqman. (Prezidentlik kursini) uzoq vaqt band etib o‘tirish niyatim yo‘q. O‘tmishdagi Konstitutsiyaga (1994 yilgi tahrirdagi) qaytishimiz bilan men yurtdoshlarimga konstitutsiyaviy huquqlarini qaytaraman. Belarus xalqi so‘z erkinligi, tanlash huquqiga ega bo‘ladi, prezidentning lavozimda bo‘lish muddati qisqaradi. Sirasini aytganda, mamlakatimizda odamlar ko‘pdan, juda ko‘pdan buyon intiqib kutayotgan o‘zgarishlar ro‘y beradi.

– Siyosat jabhasida tajribangiz yo‘q, katta jamoaga ham ega emassiz. Belarus saylovchisi xiyla passiv ekani ma’lum. Sukutga o‘rgangan ommani qanday qilib amaliy harakatlarga undamoqchisiz?
– Ciz Belarusdagi so‘nggi evrilishdan bexabarsiz chog‘i. Ha, biz itoatgo‘y edik, lom-mim deya e’tiroz bildira olmasdik, lekin bu yil barchasi o‘zgardi, menga ishonavering. Vaziyatga shunga olib keldi. So‘nggi vaqtda odamlar baayni uyqudan uyg‘ondi. Odamlarda o‘z-o‘zini anglash va hurmat qilish tuyg‘usi qayta uyg‘onishiga ko‘plab omillar turtki bo‘ldi. Biz bir-birining dardiga befarq bo‘lmagan xalq ekanimizni qayta angladik. Koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan kunlarda oddiy xalq shifokorlarga tibbiy niqob olib berish uchun pul yig‘di. Hibsga olishlar boshlanganda, biz jarimalarni to‘lash bo‘yicha yordam taklif etdik. Boquvchisini yo‘qotgan – otasi yoki eri hibsga olingan oilalarga ham ko‘mak berildi. Ya’ni ularni davlat emas, insonlar himoya qilishini his yetishdi. Odamlar bir-biriga ko‘mak berishga oshiqa boshladi. Ilgari bunday hol kuzatilmagan edi.

– Xo‘sh, bunday kayfiyat qayerdan paydo bo‘ldi?
– Biz o‘zgarishlarga chanqoq edik. O‘z xalqini himoya qilish o‘rniga beorlik yo‘lini tutgan mas’ullar boshqaruvida yashashdan charchagandik. Amaldagi prezidentimiz odamga o‘xshab, iqtisodiyotimiz beqaror, shu vajdan COVID-19ga qarshi turishga kuchimiz yetmaydi deb aytsa bo‘lardi. Yo‘q, buning o‘rniga bizga ko‘zini lo‘q qilib koronavirus yo‘q dedi: «Sizlar uni ko‘ryapsizlarmi? Men ko‘rmayapman, demak, u yo‘q». Mas’ullar tibbiy niqobni «tumshuqbog‘» deb atamoqda. Bir qariya (koronavirusdan) vafot etganda, teleekran orqali marhumning o‘zini ayblashdi: shuncha kasalliklari bor ekan, nega sayrga chiqadi...

Ekran orqali orsizliklarni ko‘p va xo‘b eshitdik. O‘z xalqiga bunday munosabatni aslo qabul qilib bo‘lmaydi! O‘z xalqini yaxshi ko‘radigan prezident hech qachon bu yo‘sinda gapirmaydi. Bir og‘iz dalda berishga yaramadi. Buning o‘rniga «traktor yordamida davolanish»ni tavsiya qildi...

– Ko‘chalarda norozilik namoyishida ishtirok etasizmi? Mamlakatda inqilob ro‘y berishi mumkinmi?
– Inqilob deganda nimani nazarda tutilishi muhim. Inqilob nima? Odamlar qo‘liga qurol olib, davlat muassasalarini bosib olishi – inqilob. Mana shu revolyutsiya. Ammo bizning xalqimiz tinchliksevar. Boz ustiga, bizda qurol-yarog‘ ham, qon to‘kish niyati ham yo‘q. Biz barini tinch va halol yo‘l bilan amalga oshirmoqchimiz. Amaldagi prezident tomonidan qo‘shin kuchi namoyishi etilishi, ommaviy chiqishlarni tarqatib yuborish bo‘yicha mashqlarning ko‘rsatilishi shunchaki odamlarni qo‘rqitishga urinish, xolos.

Takror bo‘lsa-da, aytamanki, biz qon to‘kilishini istamaymiz, bizga «maydon» kerak emas. Biz biror marta «urush» yoki «maydon» so‘zlarini tilga olganimiz yo‘q. Bari uning (Lukashenkoning) xayoli mahsuli.

66 yoshli Aleksandr Lukashenko Belarusni 1994 yildan buyon tanaffussiz idora etib kelmoqda. Foto: Reuters
Ishonchim komilki, qo‘shin ham o‘z xalqiga qarshi bormaydi. Ular (askarlar) onalar, ayollar, bolalar, otalarni o‘qqa tutmaydi. Tinch aholiga qarshi chiqishga majburlov ularga yoqadi deb o‘ylaysizmi? Qo‘shin bir shaxsga emas, mamlakatga xizmat qilishi kerak. Bu yil biz birlashdik, bir mushtga do‘ndik, ko‘pchilik ekanimizni bilamiz. Joylardagi militsionerlar, «omon»chilar, askarlar ham buni yaxshi anglaydi. Agar ularga jinoiy buyruq berilsa ham, o‘z qo‘rquvlarini yengib (ular qay aqida-nizomga tayanishi menga qorong‘i), unga bo‘ysunmaydi deb o‘ylayman.

– Shunday ahvolda ham saylovni boykot qilmaslikni ma’qul ko‘rdingiz. Ovoz berish yakunida g‘alaba qozonishingizga ko‘zingiz yetadimi?
– Yo‘q, saylov baribir soxtalashtiriladi. Lekin, baxtimizga, biz amaldagi prezident tarafdorlaridan ko‘proq ekanimiz va natijalar soxtalashtirilganini isbotlab beruvchi metodlar talaygina. Halol, qonuniy yo‘l bilan isbotlash mumkin. Bu borada ko‘plab loyihalarimiz bor.

– Agar Markaziy saylov komissiyasi (MSK) Lukashenkoni g‘olib deb e’lon qilsa qanday yo‘l tutasiz?
– Byulletenlarni qayta tekshiramiz va ovozimiz ko‘pligini isbotlaymiz. Qonun buzilishlari foto va video orqali qayd etiladi. Shu tariqa MSK yolg‘on gapirayotgani, saylov soxtalashtirilganini isbotlaymiz...

– Qay holatda Lukashenkoning g‘alabasini tan olasiz?
– Voqealarning bunday rivojini o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q. Mamlakatda nimalar ro‘y berayotganini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Prezidentlikka nomzod sifatida reyting natijalarini e’lon qila olmayman. Lekin bari kundek ravshan. Namoyishlarga qancha odam kelayotganiga boqing. Odamlar biz ko‘pchilik ekanimizga ishonmoqda. Yana qanchadan-qancha kishi ma’lum sabablarga ko‘ra namoyishlarga kela olmayotir. Alhosil, xalq irodasiga qarshi borib bo‘lmaydi.

– Amaldagi rahbariyatni kuch ishlatmay ketkazish mumkinmi? Qo‘lida ulkan ma’muriy kuch jamlangan Lukashenko hokimiyatni qo‘shqo‘llab tutqazadi deb o‘ylayapsizmi?
– Bizda hokimiyatning boshqa prezidentga topshirilishi kuzatilmadi. Shu bois bari qanday kechadi – hozircha bilmayman. O‘ylaymanki, odamlar meni g‘alaba bilan tabriklashadi, menga Belarus Respublikasi prezidenti lavozimini bajarishga kirishish uchun guvohnoma beriladi. Shundan keyin bari xamirdan qil sug‘urgandek kechadi. To‘g‘ri, bizda bunday hol kuzatilmagani uchun tasavvur qilish qiyinroq. Ammo qachondir o‘zgarish ro‘y berishi kerak-ku! U nega endi bu yil ro‘y bermasligi kerak ekan?

– Xavfsizligingiz masalasida so‘ramoqchi edik... Farzandlaringizni Belarusdan chiqarib yubordingiz. Bu ehtiyotkorlik chorasimi? Yoki sizga hali ham tahdidlar davom etmoqdami?
– Yo‘q, menga bir marta telefon orqali tahdid bo‘ldi. Endilikda bu menga ta’sir ko‘rsatishga urinish bo‘lganini tushunmoqdaman. Chunki o‘shanda butun saylovoldi kampaniyasidan voz kechishimga bir baxya qolgan edi. Baridan etak silkib ketishga tayyor edim, axir, farzandlar ona uchun qanchalik qadrli ekanini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Shundan keyin farzandlarimni chetga chiqarish choralarini ko‘rdim. Chunki bolalarim bu mamlakatda qonunan ham, jismonan ham himoyalanmaganini yaxshi bilaman. Ular xavfsiz joyda bo‘lishi uchun bor imkonimni ishga soldim. Agar farzandlarim uyda bo‘lganida edi, ular osonlikcha menga ta’sir ko‘rsata olgan bo‘lar edi.

– Belarus va Rossiya munosabatlari qanday bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?
– Do‘stona, o‘zaro manfaatli. Shaxsan men Rossiya bilan integratsiyaga qarshiman. Negaki, Belarus – suveren davlat. Biz mustaqil bo‘lib qolishni istaymiz, o‘zga davlatlar orasida dushman emas, do‘stlarimiz bo‘lishi tarafdorimiz.

Biz sizlar (Rossiya) bilan umrboqiy rishtalar ila bog‘langanmiz – sizlar bizdan voz kechib keta olmaysizlar va biz ham sizlardan voz kechib keta olmaymiz. Lekin biz alohida suveren mamlakatimiz. Beloruslar bo‘lib qolishni istaymiz!

– Saylov kampaniyasi davrida bir tomondan – Rossiyadan, boshqa tomondan – AQSHdan nimani kutmoqdasiz?
– Siz sanagan yirik davlatlardan yagona so‘rovim, ular Belarus hukumatini tinch-aholiga qarshi qurol-yarog‘, tank va qo‘shinni qo‘llamaslikka chaqirsinlar. Biz aslo-aslo qon to‘kishni istamaymiz...

Albatta, butun boshli qo‘shin ularning iznu ixtiyorida, biz esa qurolsiz kishilarmiz. Biz tinch o‘zgarishlarni, xavfsiz mamlakatda yashashni va hokimiyat almashuvini istaymiz. Hokimiyat almashuvi, prezident o‘zgarishi esa normal holatdir. Darvoqe, hukumatimiz, ishboshilarimizga Xudodan qo‘rqish lozimligi eslatib qo‘yilsa nur ustiga nur bo‘lardi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belarus: 37 yoshli ayol prezident Lukashenkoning chorak asrlik boshqaruviga chek qo‘ymoqchi