08:40 / 09.08.2020
2 196

Bugun Belarusda prezident saylanadi. Asosiy intrigalar

Bugun Belarusda prezident saylanadi. Asosiy intrigalar
Foto: EPA
Bugun Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Bu mamlakat tarixidagi oltinchi saylov bo‘ladi. Shu vaqtgacha o‘tkazilgan 5ta saylovning barchasida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lgan. Bu gal ham shunday bo‘ladimi?

Bu chindan o‘zgacha saylov bo‘ladimi?
Ko‘pchilik Belarus prezidentligi uchun o‘tadigan bu saylov o‘zgacha bo‘lishi, Lukashenko unda g‘olib chiqishi qiyin bo‘lishini aytmoqda. Ammo bu to‘g‘ri emas. Lukashenkoga qarshi namoyishlar birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Avval ham shunday bo‘lgan. Masalan, 2001 yilgi prezidentlik saylovlaridan oldin va keyin norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tgan. Shunchaki, internet zamoni bo‘lgan bugungi kunda voqealar rivoji to‘liqligicha yoritilmoqda.

Nomzodlar. 5 kishidan 2 nafari ayol
Bugungi saylovlarda 5 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan ikki nafari ayol kishi. Quyidagi nomzodlar Belarus prezidenti bo‘lish uchun kurash olib borishadi:

1. Aleksandr Lukashenko. Belarus prezidenti. Mustaqil nomzod
2. Sergey Cherechen. Belarus sotsial-demokratlar partiyasi rahbari.
3. Anna Kanopatskaya. Belarus vakillar palatasi 6-chaqiriq sobiq deputati. Mustaqil nomzod.
4. Andrey Dmitriyev. «Govori pravdu» birlashmasi tomonidan ilgari surilgan nomzod.
5. Svetlana Tixanovskaya. Tarjimon. Mustaqil nomzod.

Ko‘rib turganingizdek, bir qarashda Lukashenko uchun saylov juda yaxshi o‘tishi ko‘rinib turgandek, chunki «pichoqqa ilinadigan» nomzodlar oldinroq safdan chiqqandi. Saylovda prezidentga asosiy nomzod sifatida qaralgan bankir Viktor Babariko ko‘plab ayblovlar bilan qo‘lga olingan. Endi u saylov natijalarini qamoqxonadagi televizorda ko‘rishga majbur. Babariko nomzodini ko‘rsatgach, odamlar uni qo‘llay boshladi. Babarikoning davlatchilik haqida chiqishlaridan keyin esa xalqni unga ovoz berishdan qaytarib bo‘lmay qoldi. Odamlar Babariko uchun imzo berishga navbatda tura boshlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, Babarikoning nomzodi uchun 435 mingdan ortiq imzo to‘plangan.

Yana bir nomzod Aleksandr Lukashenkoga jiddiy raqobat tug‘dirishi kutilgandi. Bu – muxolifatchi va tadbirkor Valeriy Sepkalo. Uni ham nomzod sifatida ro‘yxatga olishdan bosh tortishdi. Xuddi Babariko kabi qo‘lga olinishidan qo‘rqqan Sepkalo chet elga, Rossiyaga ketib qoldi. U Moskvadan turib saylov haqida juda keskin fikrlar bildirmoqda.

Babariko va Sepkaloning saylov kampaniyalari birlashgan holda Svetlana Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Bu esa nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmagan yana bir ishbilarmon Sergey Tixanovskiyning rafiqasini juda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi degani. Belarus Lukashenkoning 26 yillik boshqaruvidan keyin o‘zgarishlarga ehtiyoj seza boshladi. Axir rahbariyatga yangi qon kelib turishining qanchalik muhimligi davlatchilik tarixining boshlaridan ham ma’lum bo‘lgan. Hatto AQSHdek buyuk davlat asoschisi Jorj Vashington ham 8 yildan keyin o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan axir.

Shu bois juda ko‘p belaruslar yangilikka umid qilishdi, bu uchun o‘z nomzodlarini tanlashdi, ularni qo‘llab-quvvatlay boshlashdi. Biroq xalq qo‘llagan nomzodlar birin-ketin ro‘yxatdan o‘chirila boshlandi. Shu bois o‘zgarish istayotganlarning yagona umidi sifatida aynan Svetlana Tixanovskaya qaralmoqda. Bu nomzodni ham qaysidir ma’noda tinch qo‘yishayotgani yo‘q.

Tixanovskaya 8 avgust kuni vatandoshlariga murojaat qilib, zo‘ravonlik qilishdan tiyilishga chaqirdi. Shuningdek, huquq-tartibot organlariga yuzlanib, «jinoiy buyruqlar»ga bo‘ysunmaslikni so‘radi.

Bu murojaatdan biroz o‘tib uning saylov kampaniyasi rahbari Mariya Morozni qo‘lga olishdi.

Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, Svetlana Tixanovskaya ham qo‘lga olishlaridan qo‘rqib, o‘z kvartirasini tark etgan va noma’lum joyga yashiringan. U avvalroq o‘z farzandlarini xorijga jo‘natib yuborgandi.

Shanba kuni kechqurun Tixanovskayaning safdoshlaridan biri - Babariko shtabi rahbari bo‘lgan Mariya Kolesnikova ham qo‘lga olindi, ammo militsiya kutilmaganda uni qo‘yib yuborgan.

Asl holat aniq emas. 3 foiz ham, 70 foiz ham ishonchsiz
Oxirgi vaqtlarda «Lukashenko-3%» memi paydo bo‘lganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Gap shundaki, intertenda o‘tkazilgan so‘rovnomalardan birida amaldagi prezidentni mana shuncha foiz odamlar qo‘llashi kutilayotgani aytildi. Biroq bu raqamlarga ishonish qiyin, chunki yillar davomida tun-u kun propaganda qidinadigan nomzod bu qadar past reytingga ega bo‘lishi mumkin emas. O‘z navbatida, rasmiy so‘rovlarda uning reytingi 70 foiz ekani haqidagi ma’lumotga ham ishonib bo‘lmaydi. Bugun Belarusdagi holat shunchalik jiddiyki, butun dunyo nashrlari bu mamlakatdagi xabarlarni har kuni berib bormoqda. Ayniqsa saylov mavzusi keng yoritilmoqda.

Bunday ishonchsizlik paydo bo‘lganining asosiy sabablari sifatida juda ko‘p postsovet davlatlarida bo‘lgani kabi Belarusda ham ijtimoiy institutlarning yaxshi rivojlanmagani va oddiy ijtimoiy so‘rov o‘tkazish tizimi shakllanmaganini keltirish mumkin. Aytaylik, AQSHda yuzlab ijtimoiy so‘roq o‘tkazadigan tashkilotlar mavjud va ular prognozlarining to‘g‘ri chiqqaniga qarab reytingga ega bo‘lib boradi. Bu esa odamlarning real fikrini bilish imkonini yaratadi. Masalan, Tramp ham bejizga saylovni ko‘chirish payiga tushgani yo‘q, chunki ijtimoiy so‘rovlar uning Baydenga yutqazayotganini ko‘rsatmoqda.

«Chernomorsiz 33 pahlavon» mojarosi. Lukashenkoning suverenitet nazariyasi
Saylov arafasida Minskda g‘alati ishlar sodir bo‘ldi. Rossiyaning 33 nafar fuqarosi qo‘lga olindi va ular Rossiyada joylashgani aytiladigan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari ekani aytildi. Tabiiyki, Rossiyada buni rad etishdi. Lukashenko esa bu mamlakat suverenitetiga daxl qilish ekanini qattiq ishonch bilan aytib kelmoqda.

Ma’lumotlar har qancha ishonchli bo‘lmasin voqea aynan saylov arafasida sodir bo‘lgani juda g‘alati. Tabiiyki, Lukashenko saylov arafasida mamlakat chegaralarini saqlab qolish haqidagi gapi bilan saylovda g‘olib bo‘lishni o‘ylayapti, deganlar ko‘p bo‘ldi. Bu voqealardan ko‘p o‘tmay Lukashenko «siyosatchilar bilan suhbatlashishdan faxrlanishini obrazli qilib ko‘rsatadigan» ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga intervyu berdi. Har ikki gapining birida qaysi siyosatchi bilandir gaplashganini iddao qiladigan Gordon savollarni xuddi Lukashenkoning ichidagilarni o‘qib turgandek berdiki, Belarus yetakchisi to‘xtamay 3 soatga yaqin gapirdi.

Lukashenko ayniqsa Qrim haqidagi mulohazalarida mamlakatdagi ahvolni shunday ifodaladiki, eshitgan odam ertaga Rossiya Belarusga bostirib kirsa kerak deb o‘ylaydi. Vaholanki, Viktor Babariko bu haqda shunday degandi: «Shimoldan, janubdan, o‘ngdan, chapdan dushman keladi deyishadi, lekin bunday bo‘lmasligini hamma biladi-ku. Unaqa zamonda yashamayapmiz».

Trampnikiga o‘xshash taqdir
Koronavirus barcha sohaga, jumladan siyosatga ham ta’sir qildi. Masalan, Italiya bosh vaziri Kontening karantin vaqtida reytingi oshdi. Chunki odamlar uning qilayotgan ishlarini to‘g‘ri baholashdi. Braziliya prezidenti Bolasanaruning reytingi esa «polgacha tushib ketdi». Chunki u virusni nazariga ilmay, mamlakatdagi vaziyat og‘irlashib ketishiga sababchi bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Trampning reytingi ham koronavirus sabab tushib ketgan. Xuddu u kabi koronavirusga bepisandlik bilan qaragan Lukashenko ham bu borada belaruslarning jahlini chiqari. Keyinchalik uning o‘zi ham virusga chalingan ma’lum bo‘ldi, u kasallikni oyoqda o‘tkazganini aytib maqtanib qo‘ydi. Keyinroq virusni unga yuqtirishgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham gap chiqardi.

To‘g‘ri, Belarus hukumati qarab turgani yo‘q, kasallarni davoladi, virusni yengishga harakat qildi, lekin Lukashenkoning hokkey maydonida turib «Qani virus? Siz ko‘ryapsizmi? Men ko‘rmayapman. Virusdan himoyalanishnning eng yaxshi yo‘li araq, hammom va hokkey» degani uning reytingiga salbiy ta’sir qildi.

Endi nima bo‘ladi?

Belarus saylovlari haqida gapirganda uning juda qiziqarli o‘tishinigina taxmin qilish mumkin. Natija haqida esa hech narsa deb bo‘lmaydi. Lukashenko doimgidek, 70 foizdan ko‘proq ovoz olib g‘olib bo‘lishi haqiqatga yaqin, ammo mamlakat ko‘chalariga chiqqan juda ko‘plab odamlar kabi «Belarus o‘zgarishi kerak, ortga yo‘l yo‘q», deb o‘ylaydiganlar kam bo‘lmasa, Lukashenko 6-urinishda mag‘lub bo‘lishi ham hech gap emas.

Shu o‘rinda, rasmiyatchilik uchun ba’zi ma’lumotlarni eslab o‘tsak. Belarus tarixida faqat bitta prezident bo‘lgan va bu Aleksandr Lukashenko. U mamlakatni 1994 yildan buyon uzluksiz boshqarib keladi. SSSR tarqagach, Belarusni 3 yil davomida kengash boshqarib turgan. Keyinchalik o‘tkazilgan 5ta saylovning hammasida Lukashenko g‘olib bo‘lgan. Belarusda prezident 5 yil muddatga saylanadi. Bugungi saylov natijasi 19 avgustdan kech bo‘lmagan vaqtda e’lon qilinishi kerak. Lekin katta ehtimol natija bir kun ichida aniq bo‘ladi. Agar nomzodlar keragicha ovoz ololmasa, 23 avgust kuni saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bugun Belarusda prezident saylanadi. Asosiy intrigalar