15:00 / 11.08.2020
1 566

«Poygadan ma’no yo‘q»: Xorij farmatsevtika kompaniyalari Rossiyani koronavirusga qarshi vaksinani ro‘yxatga olmay turishga chaqirdi

«Poygadan ma’no yo‘q»: Xorij farmatsevtika kompaniyalari Rossiyani koronavirusga qarshi vaksinani ro‘yxatga olmay turishga chaqirdi
Gamaleya nomidagi markaz vaksinasi ushbu haftada davlat tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Oleg Gridnevning so‘zlariga ko‘ra, uni birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va keksalar oladi.

Koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini klinik tadqiqotlarning uchinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanmaguniga qadar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ortga surish lozim. Bu haqda Klinik tadqiqotlar bo‘yicha tashkilotlar assotsiatsiyasining (KTTA) Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoga yo‘llagan maktubida aytilgan. Assotsiatsiyaga asosan xorij farmatsevtika kompaniyalari, xususan AstraZeneca, Bayer, Novartis va Pfizer kiradi.

Gap Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya milliy markazi ishlanmasi to‘g‘risida bormoqda. KTTAning ta’kidlashicha, hozirda vaksina prototipi sinovida 100dan ozroq kishi qatnashgan, aslida esa sinovlarning uchinchi bosqichida minglab kishilar qatnashadi. Ana shundagina vaksinaning samaradorligi va xavfsizligi to‘g‘risida ma’lumot to‘planadi. Bugungi kunda vaksinaning masalan, keksalar uchun xavfsizligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q, deya qayd etgan assotsiatsiya. Qo‘shimcha qilinishicha, odatda davlat ro‘yxatidan yakuniy mahsulot o‘tkaziladi, «Gam-Kovid-Vak» vaksinasini ishlab chiqarish esa hali yo‘lga qo‘yilmagan va dorining sifati qanday bo‘lishi noma’lum.

Assotsiatsiya boshqa vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan poyga o‘ynashdan ma’no yo‘q va bu Rossiyani yetakchiga aylantirmaydi, balki «vaksinaning yakuniy iste’molchilarini xatarga qo‘yadi» deb hisoblamoqda.

«Nima uchun barcha korporatsiyalar qoidaga amal qiladi, Rossiyaniki esa yo‘q? Klinik tadqiqotlar o‘tkazish qoidalari qon bilan yozilgan. Ularni buzish mumkin emas. Bu Pandora qutisi va tekshirilmagan vaksinani olgan odamlarga nima bo‘lishini bilmaymiz», — dedi KTTA ijrochi direktori Svetlana Zavidova Bloomberg agentligiga.

U tadqiqotlarning hech qanday natijalari e’lon qilinmaganiga e’tibor qaratgan.
«Rossiya KTTA bayonotiga vaksina bozorida ustunlik qilishni istaydigan, ammo raqobatni istamaydigan ayrim G‘arb farmatsevtika kompaniyalarining raqobat kurashining bir qismi deb qaraydi. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’qullashning barcha taomillariga amal qiladi[i][/i]», — dedi vaksina ishlab chiqishda ishtirok etgan Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar foni bosh direktori Kirill Dmitriyev.

Gamaleya markazi vaksinasi ushbu haftada davlat tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Oleg Gridnevning so‘zlariga ko‘ra, uni birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va keksalar oladi.

«Vektor» laboratoriyasining vaksinasi ham klinik tadqiqotlar bosqichida. Dunyo bo‘yicha yana bir nechta kompaniya va mamlakatlar o‘z vaksinalarini ishlab chiqmoqda. Moderna, AstraZeneca, Pfizer kompaniyalari vaksinalari sinovlarning uchinchi bosqichida bo‘lib, oktabrda ma’qullanishi kutilyapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)