17:20 / 15.08.2020
2 664

Pentagon NUJlarni o‘rganish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etadi

Pentagon NUJlarni o‘rganish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etadi
Foto: oane.ws
AQSH mudofaa vazirligi anomal “havo hodisalari”ni tergov qiladi va o‘rganadi. Pentagon bu maqsadda maxsus guruh tashkil etadi. Rasman bu haqda bir necha kundan keyin e’lon qilinadi, deb xabar berdi Pentagondagi manbalarga tayanib CNN telekanali.

Guruh amerikalik harbiy uchuvchilar kuzatgan noma’lum uchar jismlarni (NUJ) o‘rganadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihani mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Devid Norkvist nazorat qiladi. Pentagon hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan.

AQSH kongressi iyulda NUJlar yuzasidan xavotir bildirgan. AQSH hukumatida NUJlar odamlar tomonidan yaratilgan bo‘lishi va ehtimoliy raqiblar tomonidan razvedka uchun qo‘llanishi mumkinligi aytilgan.

Iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp NUJlar va Rozuell hodisasi deb ataluvchi, 1947 yil 4 iyulda yuz bergan hodisa haqidagi materiallardan maxfiylik muhrini olib tashlash haqida o‘ylab ko‘rishini aytgan. O‘shanda Nyu-Meksiko shtatidagi Rozuell aviabazasi yaqinidagi ranchoda AQSH harbiy-havo kuchlarining “Mogul” deb nomlangan maxfiy loyihasi doirasida qo‘llangan havo shari qulagan. U sobiq ittifoq o‘tkazgan yadro sinovlaridan tarqalgan tovush to‘lqinlarini qayd qilish uchun qo‘llangan. Harbiylar bu hodisani yashirishgan, bu esa dastlab mahalliy, so‘ngra milliy OAVlarda noma’lum ob’ekt o‘zga sayyoraliklarga tegishli ekanligi haqida mish-mishlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Aprel oxirida Pentagon AQSH harbiy-dengiz kuchlarining NUJlar bilan bog‘liq videoyozuvlarini e’lon qilgan. Ularda noma’lum deb tasniflangan havo hodisalari qayd qilingan. Gap AQSH harbiy samolyotlari ekipajlari tomonidan 2004 yil noyabrda va 2015 yil yanvarda tasvirga olingan kadrlar haqida bormoqda. Bu roliklar internetda 2007 va 2017 yillarda paydo bo‘lgan, biroq Pentagon ularni e’lon qilishga ruxsat bermagan. Keyinroq mudofaa vazirligi ushbu videoyozuvlar haqiqiyligini tan olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pentagon NUJlarni o‘rganish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etadi