14:13 / 19.08.2020
1 308

Ekspert: «Koronavirusning mutatsiyaga uchrashi yaxshi holat bo‘lishi mumkin»

Ekspert: «Koronavirusning mutatsiyaga uchrashi yaxshi holat bo‘lishi mumkin»
Yuqumli kasalliklar bo‘yicha singapurlik mashhur shifokor Pol Tambyahning aytishicha, koronavirusning mutatsiyaga uchrashi, ya’ni uning genetikasi o‘zgarishi yaxshi holat bo‘lishi mumkin. Hozirda COVID-19 ning mutatsiyaga uchragani Yevropada ko‘p marta aniqlangan bo‘lib, bu holat yaqinda Malayziyada ham yuz bergan.

Singapur milliy universitetining katta maslahatchisi va AQSHda joylashgan infeksion kasalliklar bo‘yicha Xalqaro Jamiyatning prezidenti Pol Tambyah Singapurda ham D614G nomli mutatsiya aniqlanganini ma’lum qildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada koronavirusdan o‘lganlarning soni tushishiga bu qit’ada ushbu virusning ko‘p marta mutatsiyaga uchragani sabab bo‘lgan. Bu esa koronavirusning mutatsiyaga uchragan turi odam hayotiga oldingisidan kamroq xavf tug‘dirishini ko‘rsatmoqda.

Boshqa ekspertlardan farqli ravishda, Tambyah virusning mutatsiyasi hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligiga ta’sir qilishi ehtimoldan yiroqligini va ko‘plab viruslarning xavflilik darajasi mutatsiyaga uchraganidan keyin kamayishini ta’kidlagan.

«Balki, yuqumlilik darajasi yuqori, lekin o‘limga olib kelish xavfi kamroq bo‘lgan koronavirusni yuqtirib olish yaxshi bo‘lishi mumkin. Ko‘proq odamga tarqalishi virusning foydasiga ishlaydi, lekin u o‘zi kirgan organizmni o‘ldirishdan manfaatdor emas. Chunki, virus ozuqa va yashash uchun joyga ega bo‘lishi uchun organizm tirik bo‘lishi kerak» deydi Tambyah.

JSSTning ma’lum qilishicha, olimlar koronavirusning mutatsiyaga uchragan turini fevraldayoq aniqlashgan. Keyinchalik Yevropa va ikkala Amerikada ham virusning genetikasi o‘zgargani qayd etilgan.

Yaqinda Malayziya rasmiylari mamlakatdagi ikkita virus klasterida koronavirusning mutatsiyaga uchragan D614G turi aniqlanganini xabar qildilar.

16 avgustda Malayziyaning sog‘liqni saqlash bo‘yicha bosh direktori Nur Hishom Abdullo aholini yanada ogoh bo‘lishga chaqirdi. Nur Hishomning aytishicha, virusning bu turi oldingisidan 10 martaga yuqumliroq bo‘lib, hozirda yaratilayotgan vaksinalar unga qarshi ish bermasligi mumkin.

Lekin Tambyah bunday mutatsiyalar hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligini kamaytiradigan darajada koronavirusni o‘zgartirib yubormasligini aytdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)