09:45 / 20.08.2020
2 395

Lukashenko Merkelni pisand qilmadi, YEI Belarusga sanksiyalar va’da qilmoqda

Lukashenko Merkelni pisand qilmadi, YEI Belarusga sanksiyalar va’da qilmoqda
Foto: Viktor Drachev / TASS
Lukashenko Merkel bilan gaplashishni istamadi

Germaniya kansleri Angela Merkel Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muloqot qilmoqchi bo‘lgani, ammo u buni rad etgani haqida ma’lum qildi.

«Men prezident Lukashenko bilan telefon muloqoti tashkil etishga harakat qildim. Ammo afsuski u buni rad etdi», degan Merkel Yevropa Ittifoqi yetakchilarining onlayn-uchrashuvidagi chiqishida.

U Germaniya Belarusdagi saylov natijalarini tan olmasligini ta’kidlagan va mamlakatdagi tinch namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Merkel xonim saylovda «shubhasiz» yoppasiga qoidabuzarliklar bo‘lganini qayd etib, hukumatni namoyishlar vaqtida qo‘lga olinganlarni ozod etishga va namoyishchilarning talablarini qondirishga, muxolifat bilan muloqot qilishga chaqirgan. Uning ishonch bildirishicha, Belarus aholisining o‘zi mamlakat ketadigan yo‘lni tanlashi kerak.

Shu bilan birga, Belarusdagi siyosiy inqiroz boshqa davlatlar aralashuvisiz hal etilishi zarurligi ta’kidlangan. Shu bilan birga, YEXHT Belarus ichida muloqot tashkil etishga ko‘mak ko‘rsatishi mumkinligini, Rossiyaning aralashuvi esa vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkinligini qayd etgan.

Lukashenkoning munosabati
Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Angela Merkelga mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik bo‘yicha iltimosini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.

«Mamlakatimiz prezidenti rossiyalik hamkasbidan Merkel xonimga Germaniya va G‘arbiy Yevropa Belarusning ichki ishlariga aralashmasligi kerakligini aytib qo‘yishni so‘radi», degan Eysmont «Rossiya 1» telekanalining «60 minut» ko‘rsatuvi efirida.

U Lukashenko ayni vaqtda Merkel bilan muloqotga zarurat yo‘q deb hisoblashini ma’lum qilgan. Belarus prezidenti shu vaqtgacha Putin bilan bir necha marta telefon orqali gaplashib, o‘z harakatlarini kelishuvlar doirasida muvofiqlashtirgan.

«Rostdanam, ayting-chi, Belarus prezidenti parallel ravishda Putindan tashqari Merkel bilan ham nimanidir muhokama qilishi qanday ko‘rinadi. Bizningcha, kamida puxtasizlik bo‘lib ko‘rinadi», degan Eysmont.

«U bilan muloqotdan qanday samara bo‘lishi mumkin? Katta ehtimol bilan salbiy natija bo‘ladi, chunki bugungi kunda biz istayotgan asosiy ish - G‘arb Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirayotganlarni qo‘llab-quvvatlamasligidir», degan matbuot kotibi.

Tixanovskayaning YEIga murojaati
Saylovda Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan muxolifatchi Svetlana Tixanovskaya Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlariga videomurojaat yo‘llab, ittifoq a’zolarini Belarusdagi saylov natijalarini tan olmaslikka chaqirdi.

«Hurmatli Yevropa yetakchilari. Mening xalqim ikki haftadan buyon o‘z rahbarlarini tanlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari uchun tinch kurashmoqda. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov haqqoniy ham, shaffof ham bo‘lmadi. Natijalar soxtalashtirildi. O‘z ovozlarini himoya qilish uchun Belarus bo‘ylab ko‘chalarga chiqqan odamlar shafqatsizlarcha kaltaklandi, hibsga olindi, hokimiyatga qattiq yopishib olgan tuzum tomonidan qiynoqqa solindi.

Bu ayni damda Yevropa markazida yuz bermoqda. Men barchangizdan bu soxtalashtirilgan saylovni tan olmaslikni so‘rayman. Lukashenko xalqimiz va butun dunyo oldida har qanday legitimlikni yo‘qotdi. Hukumat transferini amalga oshirish maqsadida Belarusda muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish tashabbusi bilan chiqdim. U hokimiyatni tinch yo‘l bilan muloqot orqali topshirish jarayoniga bosh bo‘ladi. U zudlik bilan xalqaro kuzatuvchilar ishtirokidagi yangi, adolatli va demokratik prezidentlik saylovini e’lon qiladi.

Hurmatli Yevropa davlatlari rahbarlari, sizlarni Belarusning harakatini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Belarus Respublikasi suvereniteti va Belarus xalqi tanlovini hurmat qilishga chaqiraman
», degan u.

Kutilayotgan sanksiyalar
YEI davlatlari rahbarlari Belarusga nisbatan sanksiyalar kiritilishini ma’qullashdi.

Sharl Mishel (Foto: Olivier Hoslet / Reuters)
«Biz yaqin vaqtlar ichida Belarus hukumatidagi rasmiy shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy etamiz», dedi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel YEI videosammitidan keyingi matbuot anjumanida.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen sanksiyalar ro‘yxati sinchiklab tuzilishini qo‘shimcha qilgan.
Yevropa matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, Belarus rahbariyatining sanksiya qo‘llanadigan a’zolari, amaldorlar va boshqa shaxslar ro‘yxati keyingi hafta boshida e’lon qilinadi.

Hozircha bu ro‘yxatdan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rin olishi haqida aniq aytilmayapti. U 2016 yilgacha ham YEI sanksiyalari ostida bo‘lgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Italiyaning La Stampa nashriga bergan intervyusida sanksiyaga tushuvchilarning to‘liq ro‘yxati avgust oyi oxirida aniq bo‘ladi.

«Biz Belarusga jiddiy bosim qilishni istaymiz. Kim odamlarni hibsga olgan bo‘lsa, zo‘rlik ishlatgan bo‘lsa, tinch namoyishchilarni qatag‘on qilgan bo‘lsa, sanksiyaga uchrashi kerak... Biz saylovlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘yilganiga va namoyishchilarga kuch ishlatilishiga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy etmoqchimiz. Ro‘yxat tasdiqlanish bosqichida», degan germaniyalik vazir.

YEI davlatlari yetakchilari Belarusdagi 9 avgust kungi prezidentlik saylovi erkin va shaffof o‘tkazilmagan deb hisoblashgan va rasmiy natijalarni tan olishmagan.

«Biz Belarus hukumati tomonidan e’lon qilingan natijalarni tan olmaymiz», deyiladi sammit yakunlari bo‘yicha bayonotda.
Ursula fon der Lyayen YEI yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirishi hamda hokimiyat tinch yo‘l bilan topshirilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. U bu masalada belaruslarning o‘zi qaror qabul qilishini ta’kidlagan.

3 mln - muxolifatga, 50 mln - shifokorlarga
Fon der Lyayen sammitdan keyin Yevroittifoq Belarusdagi tartibsizliklar vaqtida jabrlanganlar va ushbu mamlakat fuqarolik jamiyati uchun yordam ajratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bu pullar Belarusning hozirgi hukumatini aylanib o‘tgan holda yuborilishi qayd etilgan.

«Biz Belarusni Sharqiy hamkorlik dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Ammo hozirda Belarus xalqiga yordam juda zarur va mablag‘lar Belarus fuqarolik jamiyati va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi[i][/i]», degan fon der Lyayen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya qo‘shimcha 53 mln yevro ajratadi: 2 mln yevro qatag‘ondan jabrlanganlarga, 1 mln yevro fuqarolik jamiyati va mustaqil matbuotni qo‘llab-quvvatlashga, qolgan 50 mln yevro esa - Belarus sog‘liqni saqlash sohasiga koronavirusga qarshi kurashish uchun.

Personal yondashuv
Yevropa Ittifoqining rasmiy shaxslari ko‘p marta sanksiyalar personal bo‘lishi - sanksiyaga tushganlar YEI hududiga kirishi va ularning aktivlari muzlatilishi, sanksiyalar Belarus iqtisodiyoti va fuqarolarga zarba bermasligini ta’kidlashgandi.

Yevropa ittifoqi atigi to‘rt yil muqaddam Lukashenko va Belarusning yana 169 nafar rasmiysiga qarshi sanksiyalarni bekor qilgandi. Faqat repressiyalar uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan uskunalar va qurollar yetkazib berishga taqiq o‘z kuchida qolgan. Shuningdek, Lukashenkoning siyosiy muxoliflarini o‘ldirish va o‘g‘irlashga aloqador bo‘lgan 4 amaldorga nisbatan sanksiyalar ham yechilmagan.

Yevropalik sharhlovchilarning qayd etishicha, YEI qarshisida jiddiy muammo turibdi: ittifoq bir tomondan qo‘shni davlat fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashi va erkin saylovlar o‘tkazilishini talab qilishi kerak, boshqa tomondan Lukashenko va Moskva tomonidan Belarusning ichki ishlariga aralashish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilishiga sabab bo‘lmasligi kerak.

«O‘ta ehtiyotkor bo‘lish kerak, Lukashenko lageri tomonidan turli fitna nazariyalari paydo bo‘lishiga imkon qoldirmaslik kerak», deya YEIning yuqori martabali amaldorlaridan birining so‘zlarini keltirmoqda Politico nashri.

G‘arb va Sharq aralashmaydi
18 avgust kuni Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel navbatma-navbat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishdi.

Kreml bundan oldinroq tashqi aralashuv ro‘y bersa, o‘z ittifoqchisiga yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgandi. Shu tufayli yevropaliklar Lukashenko va Putin tashqi aralashuv imkoniyatini ko‘rib chiqishidan xavotirda.

Putin bilan gaplashgani haqida qisqacha ma’lumot bergan Sharl Mishel Kremlning so‘nggi bayonoti Rossiya Belarus ishiga kuch bilan aralashmoqchimasligini ko‘rsatayotganini aytib o‘tgan.

YEI Belarus hukumati va muxolifat o‘rtasida vositachilik roli Belarus va Rossiya ham, Yevropaning boshqa barcha davlatlari ham a’zo bo‘lgan YEXHTga berilishiga moyillik bildirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko Merkelni pisand qilmadi, YEI Belarusga sanksiyalar va’da qilmoqda