17:47 / 21.08.2020
1 054

Billi Aylish saylovchilarni AQSH prezidentlik saylovida Jo Baydenga ovoz berishga chaqirdi

Billi Aylish saylovchilarni AQSH prezidentlik saylovida Jo Baydenga ovoz berishga chaqirdi
Foto: AFP
Amerikalik qo‘shiqchi Billi Aylish AQSH Demokratik partiyasining milliy s’ezdida chiqish qildi va prezidentlik saylovida demokratlar nomzodi Jo Baydenga ovoz berishga chaqirdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

AQSH Demokratik partiyasining milliy s’ezdi 17—20 avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. Koronavirus sababli ko‘plab tadbirlar onlayn formatda o‘tkazildi. Billi Aylishning chiqishi ham onlayn translyatsiya qilingan.

«Hammasi alg‘ov-dalg‘ov bo‘layotganini tushunish uchun sizga men kerak emasman. Donald Tramp mamlakatimizni va biz uchun muhim bo‘lgan hamma narsani buzmoqda. Bizga iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kabi muammolarni hal qiladigan, ularni rad etmaydigan yetakchilar kerak. Tizimli irqchilik va tengsizlikka qarshi kurashadigan yetakchilar. Barchasi kartaga qanchalik ko‘p narsa tikilganini tushunadigan, bizning qadriyatlarimizni bo‘lishuvchi jamoa tuzadigan kishi uchun ovoz berishdan boshlanadi. Biz xuddi butun dunyo shunga bog‘liqdek ovoz berishimiz kerak, aslida ham shunday. Kelajakka ishonch hosil qilishning yagona yo‘li — uni o‘zimiz yaratishimiz. Iltimos, saylovlarda ro‘yxatdan o‘ting va ovoz bering», — deya chaqiriq bilan chiqqan Billi Aylish.

Shundan so‘ng xonanda 30 iyul kuni taqdim etilgan «My Future» («Mening kelajagim») qo‘shig‘ini birinchi marta jonli ijroda kuylagan. Qo‘shiqda Billi Aylish o‘z kelajagi uchun munosabatlarni uzgani haqida kuylaydi.

Billi Aylish 2019 yilning dekabr oyida 18 yoshga to‘ldi va saylash huquqiga ega bo‘ldi. AQSHda prezidentlik saylovi 2020 yil 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovda amaldagi prezident, respublikachi Donald Tramp va demokrat Jo Bayden o‘zaro raqib bo‘ladi.

Billi Aylish avvalroq Trampga qarshi fikr bildirgan. «2020 yil meni juda xavotirga solmoqda. O‘ylashimcha, ahmoq Tramp qayta saylanadi, bu esa yuragimni parchalaydi. Bilasizki, ba’zilar shunchaki dahshatli odamlarni yaxshi ko‘radi. Bu g‘alati», — deya ta’kidlagan qo‘shiqchi 18 yoshga to‘lishidan oldin. Bundan tashqari, xonanda 2020 yil may oyida Tramp Minneapolis shahrida Jorj Flyodning o‘limi sababli ko‘chaga chiqqan kishilarni kallakesarlar deb atagani va shaharga qo‘shin kiritish bilan tahdid qilgani uchun g‘azabaga tushgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)