07:35 / 25.08.2020
3 211

Olimlar Rossiya vaksinasi tufayli COVID-19 mutatsiyaga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi

Olimlar Rossiya vaksinasi tufayli COVID-19 mutatsiyaga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi
Foto: Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Rossiyaning uchinchi bosqich sinovlaridan o‘tmagan koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini qo‘llash rejasi olimlarni xavotirga soldi, deb yozmoqda Reuters. Ularning fikricha, vaksina yetarli darajada samarali bo‘lmasligi, oqibatda virus mutatsiyaga uchrashi mumkin.

Gap to‘liq himoya qilolmasligi mumkin bo‘lgan vaksinani orqali patogenga «evolyutsion bosim» ko‘rsatish haqida ketmoqda. Britaniyaning Reding universiteti virusologiya professori Ien Jonsning bildirishicha, buning oqibatida virus mutatsiyaga uchrab, yangi shtammni hosil qilishi, u esa keyinchalik boshqa barcha vaksinalarni ham chetlab o‘tadigan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

«Vaksina samarali ekanligiga ishonch hosil qilmoqchimiz. Biz haqiqatan ham buni bilmaymiz», — degan AQSHning Vanderbilt universiteti tibbiyot maktabining vaksina bo‘yicha mutaxassisi va pediatriya professori Ketrin Edvards. Uning aytishicha, vaksinaning virusga ta’siri, shu jumladan, unga qarshi kurashishi, blokirovka qilishi yoki moslashtirishi xavotir uyg‘otadi.

«Samarali bo‘lmagan vaksinani qo‘llash juda ko‘p xavf keltirib chiqarishi mumkin. Uning mutatsiyaga uchrashi esa nazariy xavfdir», — degan Bostondagi Beth-Israel Deaconess tibbiyot markazining mutaxassisi Den Baruh. Shu bilan birga, Baruh koronaviruslarning mutatsiyalanishi chastotasi OIV kabi viruslar holatiga qaraganda ancha past ekanligini ta’kidladi. Ien Jons ham virusning vaksina orqali mutatsiyaga uchrashi kamyob holat ekanligini bildirgan.

Uning aytishicha, vaksina virusning hujayraga kirib u yerda replikatsiyaga uchrashidan qanchalik samarali himoya qilsa, virus tarqalishi xavfi va kasallik antitana himoyasiga chap berib o‘tishi shunchalik kam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini birlashtirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasi Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksina yetarlicha sinovdan o‘tkazilmagani uchun uni ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgandi.

Bunga javoban Rossiyaning Sog‘liqni saqlashni nazorat qilish federal xizmati («Roszdravnadzor») ushbu vaksina bilan bir necha yuzlab ko‘ngillilar emlangani va ularda vaksinaga nisbatan jiddiy nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh epidemiologi Nikolay Briko COVID-19’ga qarshi vaksinani yaratishda adenovirus asosida bir xil texnologiya ishlatilganini, shuning uchun bu holda u qayta ko‘rib chiqishga, kechiktirishga muhtoj emasligini bildirgan.

11 avgust kuni ushbu vaksina vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini oldi. Vaksina to‘liq samaradorlik tadqiqotini o‘tkazish sharti bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va guvohnoma 2021 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

Rossiyada koronavirusga qarshi ushbu vaksinani ommaviy qo‘llash oktabr oyidan boshlanadi. Vaksinaning klinik sinovlari uchinchi fazasining yakunlanishidan (hatto boshlanishidan) oldin ro‘yxatdan o‘tkazilishi preparatni endi nafaqat sinovlardagi ishtiroki uchun kompensatsiya oladigan va nojo‘ya ta’sirga qarshi sug‘urta qilinadigan ko‘ngillilar, balki 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan oddiy odamlar ham qabul qilishi mumkinligini anglatadi.

Ishlab chiqaruvchilarning va’dalariga qaramasdan, haligacha mazkur vaksina haqida ilmiy jurnallarda hech qanday ma’lumot e’lon qilinmagan. Vaksina ishlab chiqarilishi haqida xabar berish uchun yaratilgan saytda shu paytga qadar o‘tkazilgan qo‘shma faza tadqiqotlari haqida ham ma’lumot berilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar Rossiya vaksinasi tufayli COVID-19 mutatsiyaga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi