17:00 / 30.08.2020
3 037

Koronavirusni davolash: eng muvaffaqiyatli dorilar va usullar

Koronavirusni davolash: eng muvaffaqiyatli dorilar va usullar
Foto: Reuters
Koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilayotgan bir paytda Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash usullari doirasidagi izlanishlar ham davom etmoqda.

Shunday izlanishlarga jalb etilgan ba’zi guruhlar yangi dorilar ustida ishlashmoqda, ba’zilari esa boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlab chiqilgan tibbiy mahsulotlarni Covid-19 muolajasida qo‘llashga harakat qilmoqda.

New York Times gazetasi avvalroq davolashning 16 usulini turli toifalarga ajratib chiqqandi.

Angliyaning Guardian gazetasida «Covid-19 uchun eng umidli 6 dori» sarlavhasi ostida ostida chop etilgan materialda remdesivir, deksametazon, plazma transferi, interferon beta, totsilizumab va qon bosimiga aloqador dorilar ham bor edi.

Keng tarqalgan davolash usullari
Qorin bilan yotqizish: Covid-19 bemorlari yuzlarini pastga qaratib yotqizilganda osonroq nafas olishadi. Ushbu usul epidemiya boshlangandan beri butun dunyo bo‘ylab shifoxonalarda qo‘llab kelinmoqda. Bu usulda ba’zi bemorlar respiratorga ehtiyoj sezmaydi.

Respirator: O‘limga sabab bo‘luvchi nafas olish kasalliklarida nafas olish apparati juda muhim ahamiyatga ega. Ba’zi bemorlarga burunga kislorod naychalarini bog‘lash, ba’zilariga esa nafas olish yo‘llari orqali o‘tuvchi «quvur»lar bilan yordam berilmoqda.

ISTIQBOLLI MUOLAJALAR

Remdesivir


Remdesivir AQSHda koronavirus uchun favqulodda foydalanish izni olingan ilk dori vositasi bo‘ldi. Hindiston va Singapurda ushbu doridan favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat berilgan. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Avstriyada ham og‘ir alomatlar kuzatilgan bemorlarda undan foydalanish mumkinligi tasdiqlangan.

Amerika farmatsevtika kompaniyasi «Gilead Sciences» tomonidan ishlab chiqarilgan remdesivir qimmat dori hisoblanadi. Ebola va Gepatit S’ga qarshi foydalanish uchun sinovdan o‘tkazilgan, ammo kutilgan natijani bermagan ushbu preparat Covid-19 bemorlarida qo‘llanganda ularning kasalxonada qolish muddati 15 kundan 11 kunga kamaygani kuzatildi.

Dastlabki natijalarda preparat o‘lim ko‘rsatkichini o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, iyul oyida retrospektiv tarzda e’lon qilingan natijalar remdesivir ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar guruhida o‘limni kamaytirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Deksametazon

Ushbu arzon va topish uncha qiyin bo‘lmagan steroid immunitet tizimining turli javoblarini keltirib chiqarishi ma’lum edi.
Shifokorlar ushbu preparatni allergiya, astma va yallig‘lanishni davolashda qo‘llashgan. U iyun oyida Covid-19 bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirgani aniqlangan ilk dori vositasi bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti tomonidan o‘tkazilgan va 6 mingdan ortiq odam ishtirok etgan tadqiqotda respirator ulangan bemorlarda deksametazon yordamida o‘lim darajasi uchdan biriga, shuningdek, kislorod bilan qo‘llab-quvvatlangan bemorlarda esa beshdan birga kamaygani aniqlandi.

Ammo u Covid-19’ning dastlabki bosqichlarida qo‘llansa, bemorlarga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ham mazkur preparatdan nafas olish yordamiga muhtoj bemorlarda foydalanish tavsiya etilmoqda.

Yanada ko‘proq sinovdan o‘tishi kerak bo‘lgan davolash usullari

Plazma transferi
Shifokorlar yuz yil oldin grippga chalingan bemorlar tanasiga ushbu kasallikdan tuzalganlardan olingan plazmalar yuborilganda ular osonroq shifo topganini payqashgan.

Endilikda Covid-19 bemorlarining qonidan olingan va virusga qarshi antitanalarni o‘z ichiga oluvchi plazmani koronavirusga qarshi qo‘llash bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda.
Masalan, AQSH prezidenti Donald Tramp favqulodda holatlarda plazma o‘tkazishga ruxsat berilganini e’lon qildi.

Plazma transferi boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llansa-da, mutaxassislar ushbu usulning qaysi bemorlarga qanchalik foyda berishi xususida yetarli darajada axborot yo‘qligini ta’kidlashmoqda.

Interferonlar
Bizning hujayralarimiz virusga tabiiy javob sifatida interferon molekulalarini ishlab chiqaradi. Ularning sintetik versiyalarini in’eksiya qilish immunitet tizimining ayrim kasalliklarida standart davolash usuli sifatida qo‘llanmoqda.

Sichqonlar va hujayralarda o‘tkazilgan dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, u Covid-19 bemorlariga ham yordam berishi mumkin. Ushbu molekulalar kasallikka chalinmagan insonlarning xastalanishiga to‘siq bo‘lishiga doir dalillar ham mavjud.

Angliyaning Sauthempton universitetida o‘tkazilgan bir tadqiqotda, MS (Multipl Skleroz)ni davolashda ingalyator bilan birga ishlatiladigan interferon beta preparati Covid-19’ga qarshi ham samarali bo‘lishi mumkinligi aniqlandi.

9ta kasalxonada 101 nafar bemor bilan o‘tkazilgan tadqiqotda ushbu dorini qabul qilganlar kasalxonadan ertaroq chiqqani va tuzalish ehtimoli ortgani aniqlandi. Biroq tadqiqot natijalari to‘liq holda nashr etilmadi va bu borada yanada keng miqyosda sinovlar o‘tkazilishi kerak.

Sitokin ingibitorlari
Kasallikka qarshi kurashish uchun inson tanasi sitokinlarni ishlab chiqaradi. Ammo agar u ortiqcha ishlab chiqariladigan bo‘lsa, immunitet tizimi juda kuchli reaksiya qaytarishi va tanaga zarar yetkazishi mumkin. Tadqiqotchilar sitokin bo‘roni deb ataluvchi ushbu hodisaga qarshi dorilar ishlab chiqishmoqda.

Turli usullarda ishlaydigan totsilizumab, sarilumab va anakinra kabi dorilar ba’zi sinovlarda kichik foyda keltirgan, ammo ba’zi tajribalarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Sarilumab asosli Kevzarani ishlab chiqqan «Regeneron» dori-darmon kompaniyasi preparatning uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini e’lon qildi.

Totsilizumab
Ba’zi yallig‘lanishga qarshi dorilarning Covid-19’ni davolashda ham foyda berish-bermasligi ham tekshirilmoqda. Koronavirus immunitet tizimiga hujum qiladi va bu yallig‘lanishni keltirib chiqaradi.

Yallig‘lanishli revmatizmni davolashda ishlatiladigan totsilizumab yallig‘lanishga olib keladigan IL-6 proteinini bloklaydi.

Italiyada mart oyida epidemiya davrida ushbu preparat bilan davolangan bemorlarining nafas olish moslamalarini ulash yoki o‘lim darajasi kamaygani kuzatildi. Biroq bu kichik miqyosdagi kuzatuv tadqiqoti edi. Ushbu dori Oksford universitetida o‘tkazilgan koronavirusni davolash tadqiqotlarida ham sinab ko‘rilmoqda.

ACEi yoki ARB qon bosimi bo‘yicha dorilar
Buyuk Britaniyaning Sharqiy Angliya Universitetida o‘tkazilgan tadqiqotda qon bosimi yuqori bo‘lgan va angiotenzinni o‘zgartiradigan ferment ingibitorlar (ACEi) yoki angiotenzin retseptorlari blokerlari (ARB) qo‘llangan bemorlarda Covid-19 kasalligi va o‘lim xavfi kamroqligi aniqlandi.

Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu dorilar qon bosimi bo‘lmagan, ammo koronavirus bilan kasallangan odamlarda ham foyda beradi, degan xulosaga kelmaslik kerak.

Favipiravir: Viruslar ko‘payishining oldini olishga qaratilgan ushbu dori nafas yo‘llaridan koronavirusni olib tashlashga qodir, deb taxmin qilinmoqda.

EIDD-2801:Ushbu preparat grippga qarshi ishlab chiqilgan bo‘lib, hujayra va hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajribalari muvaffaqiyatli chiqqan. Ridgeback Biotherapeutics tomonidan ishlab chiqilgan preparatning birinchi faza sinovlaridan so‘ng uchta alohida ikkinchi faza sinovlari o‘tkazilmoqda.

Rekombinat ACE-2: viruslar ACE-2 retseptoriga yopishib, hujayralarga kirib boradi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan soxta ACE-2 retseptorlari viruslarni tuzoqqa kabi jalb qilish orqali hujayralarga zarar yetkazilishining oldini olishga qaratilgan. Preparat hujayra sinovlarida muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Monoklonal antitanalar: plazmalarda virusga hujum qilishi mumkin bo‘lgan antitanalar bilan bir qatorda foydasiz antitanalar ham transfer qilinadi. Olimlar bemorlarni yanada samarali davolash maqsadida Covid-19’ga qarshi eng kuchli antitanalarni faqatgina laboratoriyadagina ishlab chiqarishni va ularni transfer qilishni rejalashtirishmoqda. Buning uchun birinchi xavfsizlik sinovlari yaqinda boshlandi. Yana bir necha sinovlar o‘tkazilishi lozim.

EPA
Sitosorb: qondagi sitokinlarni filtrlaydigan kartridj hisoblanuvchi sitosorb sitokin bo‘ronining oldini olishga qaratilgan. Ushbu mashina bemorning qonini 24 soat ichida 70 marta tozalashi mumkin. AQSHda favqulodda foydalanish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan ushbu mashina mart oyida yomon ahvoldagi o‘nlab bemorlarga yordam bergan. U bilan bog‘liq tajribalar davom etmoqda.

Ildiz hujayralari: ildiz hujayralarining ayrim turlari yallig‘lanishga qarshi molekulalarni chiqarishi mumkin. So‘nggi yillarda olimlar ushbu molekulalarni sitokin bo‘roniga qarshi ishlatish usullari doirasida izlanishgan edi. Ilgari ushbu tajribalar muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo‘lsa ham, Covid-19’ni davolash uchun yana bir bor urinib ko‘rilmoqda.

Qon suyultiruvchilar: koronavirus tomirlarning ichki yuzalaridagi hujayralarga kirib borishi mumkin. Bu esa tomirlarda falajga olib keluvchi quyqalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Yurak kasalliklarida va qon quyqalari paydo bo‘lishining oldini olish uchun ishlatiladigan qonni suyultiruvchi vositalar ba’zi shifokorlar tomonidan Covid-19 kasallarida quyqalar paydo bo‘lishiga qarshi qo‘llanmoqda. Uning samaradorligi to‘g‘risida esa hamon izlanishlar olib borilmoqda.

ISTIQBOLSIZ DORILAR
Lopinavir va ritonavir: 20 yil oldin AQSHda OIVni davolash uchun tasdiqlangan ushbu dori koronavirusga qarshi sinovdan o‘tkazilganda virusning ko‘payishi to‘xtagani aniqlandi. Biroq bemorlarda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu dori kasalxonaga yotmagan bemorlarga foyda berish-bermasligi tekshirilishi lozimligini ma’lum qildi. Preparatni boshqa dorilar bilan birgalikda ishlatish ham bir ehtimol.

Gidroksixloroxin va xloroxin: Germaniyalik olimlar 1930-yillarda bezgakka qarshi xloroxin ixtiro qilıshdi. Uning kamroq toksik muqobili bo‘lgan gidroksixloroxin 1946 yilda yaratilgan va qizilo‘ngach va artrit kabi kasalliklarni davolashda ishlatilgan. Covid-19 tarqalishi boshlanganda tadqiqotchilar ikkala dori ham koronavirusning hujayra ichida ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini aniqladi.

O‘shandan buyon ushbu ikki dori haqida turli bayonotlar paydo bo‘ldi.
Dastlab kam sonli bemorlarni qamrab olgan bir necha tekshiruv umid uyg‘otdi. Mart oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Novartis va bir qator universitetlar mazkur dorilar bo‘yicha sinovlarni boshladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanlarida gidroksixloroxinni maqtadi va u kasallik yo‘nalishini o‘zgartirishini, o‘zi ham uni qo‘llab ko‘rganini aytdi.

Preparatni AQSHda koronavirusga qarshi favqulodda ishlatish uchun ruxsat berildi. Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, bu ish siyosiy bosim tufayli amalga oshirilgan. Bu doriga talab to‘satdan oshgani tufayli uni boshqa kasalliklarni davolashda ishlatadigan odamlar qiyinchilikka duch kela boshladi.

Ushbu jarayonda tamomlangan tajribalardan faqat bittagina xulosa bor edi: gidroksixloroxin Covid-19 bemorlarini davolamayotgan, koronavirusning yuqish ehtimolini ham kamaytirmayotgandi.

Boshqa bir klinik tadqiqotda esa xloroxinni kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlarga darhol berish kasallik jiddiyligini kamaytirmasligi kuzatildi.

Yana bir tajribada bu dorini qabul qilgan bemorlarning ahvoli ularga bu dorini berish to‘xtatilishi tufayli yanada yomonlashgani aniqlandi.
Shundan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu boradagi barcha tajribalarni yakunladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirusni davolash: eng muvaffaqiyatli dorilar va usullar