17:53 / 31.08.2020
952

Qozog‘iston karantin choralarini yumshatishning ikkinchi bosqichiga o‘tmoqda

Qozog‘iston karantin choralarini yumshatishning ikkinchi bosqichiga o‘tmoqda
Foto: Sputnik
Qozog‘iston hukumati koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli iyul oyi boshida joriy etilgan karantin choralarini yumshatishning ikkinchi bosqichiga o‘tishni boshlaydi.

Respublikada karantin choralarini asta-sekin yumshatish 17 avgustdan boshlangan edi. Epidemiya holati yaxshilanishni boshlagani sababli hukumat 26 avgust kuni bu jarayonni davom ettirishga qaror qilgan.

Unga ko‘ra, 31 avgustdan Qozog‘istonda jamoaviy tadbirlarni o‘tkazmaslik sharti bilan diniy ob’ektlar faoliyati tiklanadi. Har bir mjozga 5 kvadrat metr joy ajratish sharti bilan basseynlar va sport mashg‘ulotlari zallari faoliyatiga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 31 avgustdan boshlab madaniyat ob’ektlari, tabiiy bog‘lar va qo‘riqxonalar ochiladi, shahardan tashqaridagi yo‘lovchi poyezdlari va shaharlararo avtobus qatnovlari ish boshlaydi.

Mamlakatda 16 martdan 11 maygacha favqulodda holat rejimi amal qilgan edi. Undan keyin cheklov choralarini asta-sekin olib tashlash boshlandi. Biroq iyun oyining boshlaridanoq koronavirusga chalinganlar va undan vafot etganlar soni yana ortishni boshlagan.

Vaziyat yomonlashgani sababli hukumat mamlakatning alohida hududlarida cheklovlar joriy etdi. Xususan, poytaxt Olmaotada dam olish kunlari qattiqroq sanitariya choralari kuchga kirgan. Mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev koronavirus tarqalishiga qarshi choralar bo‘yicha 29 iyun kungi yig‘ilishda Qozog‘istonda 11 may kuni cheklovlar bekor qilinganidan buyon kasallanish holatlari soni yetti baravar ko‘payganini qayd etgan.

Qozog‘iston hukumati 14 iyul kuni karantinni 2 avgustgacha uzaytirgandi, 30 iyulda esa davlat komissiyasi cheklov choralarini yana ikki haftaga uzaytirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Hukumatning baholashicha, bu kunlik kasallanishlar soni ortishini kamaytirishga yordam bergan, sog‘ayganlar soni esa 76 foizgacha oshgan.

Shu munosabat bilan koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha davlat komissiyasi viloyat ma’muriyati rahbarlarining takliflarini hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralarning fikrlarini ko‘rib chiqib, karantin choralarini bosqichma-bosqich olib tashlash rejasini qabul qildi.

Xususan, 17 avgustdan savdo-ko‘ngilochar markazlar va savdo tarmoqlari, yopiq bozorlar, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, basseyni bo‘lmagan sport zallari va saunalar, o‘quv markazlari, maktabgacha ta’lim muassasalarining navbatchi guruhlari va ochiq attraksionlarning ishlashiga ruxsat berildi. Bundan tashqari, yakka tartibdagi va guruhli ochiq mashg‘ulotlarga hamda terma jamoalar va klub jamoalarining sport mashg‘ulotlariga ruxsat berildi.

17 avgustdan jamoat transporti harakati ham tiklandi, biroq undagi yo‘lovchilar soni transportdagi o‘rindiqlar sonidan oshmasligi zarur edi. Karantin choralari yumshatilganiga qaramay, ish beruvchilarga kamida 80 foiz xodimlarni masofaviy ishlash tartibida saqlab qolish tavsiya etilgan, shaharlararo avtobus harakatlari cheklangan, ommaviy tadbirlar o‘tkazishga taqiq saqlanib qolgan.

Ayni paytda Qozog‘istonda 105 mingdan ortiq kishida koronavirus tasdiqlangan, 96 mindan ortig‘i sog‘aygan, 1 581 kishi COVID-19 qurboniga aylangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)