09:18 / 17.09.2020
639

Yosixide Suga rasman Yaponiya bosh vaziri bo‘ldi

Yosixide Suga rasman Yaponiya bosh vaziri bo‘ldi
Foto: AP
Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasining yangi raisi Yosixide Suga mamlakat bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Uning nomzodini parlament deputatlarining aksariyati qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, Yaponiya hukumatining yangi tarkibi e’lon qilingan.

Vakillar palatasining yangi bosh vazirni saylash bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishida Suga uchun 465 deputatdan 314 nafari ovoz bergan. Parlamentning quyi palatasida hukmron koalitsiya – Liberal-demokratik partiya va Komeyto partiyasiga 465 o‘rindan 313 tasi tegishli bo‘lgani sababli, Suganing g‘alabasini oldindan aytish mumkin bo‘lgan.

Yangi hukumatda avvalgi bosh vazir Sindzo Abe vazirlar mahkamasidan bir necha vazir qolgan. Jumladan, tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, moliya vaziri Taro Aso, davlat yerlari, infratuzilma, transport va turizm vaziri Kadzuyosi Akaba, Olimpiada va Paralimpiada ishlari bo‘yicha vazir Seyko Xasimoto, Yaponiya iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha vazir Yasutosi Nisimura, iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Xirosi Kadziyama, atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Sindziro Koidzumi o‘z lavozimlarini saqlab qolishgan.

Bundan tashqari, Yaponiyaning endilikda sobiq mudofaa vaziri Taro Kono ma’muriy islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha vazir etib tayinlangan. Uning o‘rnini esa Sindzo Abening ukasi Nobuo Kisi egallagan. Shuningdek, Suga hukumatida yangi lavozim – raqamlashtirish bo‘yicha vazir paydo bo‘lgan, uni Takuya Xirai egallagan.

Avgust oxirida Sindzo Abe sog‘lig‘idagi muammolar sababli bosh vazir lavozimini tark etishini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, uni anchadan beri yarali kollit bezovta qilib keladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)