00:15 / 22.09.2020
4 355

O‘limini kutayotgan mahbus kanalizatsiya quvuri orqali qochib ketdi

O‘limini kutayotgan mahbus kanalizatsiya quvuri orqali qochib ketdi
Foto: «AP»
Indoneziyada o‘limga hukm qilinganlar xonasida oliy jazoni kutayotgan mahbus yerosti yo‘lini qazib, turmadan qochib ketdi. Bu haqda «South China Morning Post» xabar berdi.

Politsiya xodimlari XXR fuqarosi, 37 yoshli Say Chanpan kamerasini kanalizatsiya quvuri bilan bog‘lovchi yerosti yo‘lini topishdi. Yerosti yo‘li quvurdan turma yaqinidan o‘tuvchi yo‘lga olib chiqadi.

Kameradagi qo‘shnisining politsiyachilarga ma’lum qilishicha, Say qamoqdan qochish uchun 5-6 oy tayyorgarlik ko‘rgan. Yerosti yo‘lini qazish uchun u turma oshxonasi qurilishida ishlatilgan asboblardan foydalangan. Soqchilar almashadigan vaqtda esa qamoqxonadan qochishga qaror qilgan.

2017 yilda Say 135 kilogramm metamfetamin kontrabandasi uchun oliy jazoga hukm qilingan. U Indoneziya poytaxti Jakartaning yo‘ldosh-shahri — Tangerangdagi qamoqxonada saqlangan.

Say avval ham turmadan qochishga urinib ko‘rgan. Indoneziyada hibsga olingandan so‘ng u tergov izolyatoridagi hojatxona devorini teshib, yashiringan. Biroq ko‘p o‘tmay qo‘lga tushgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)