19:19 / 27.09.2020
1 885

Tog‘li Qorabog‘da yana keskinlik: Asosiy ma’lumotlar

Tog‘li Qorabog‘da yana keskinlik: Asosiy ma’lumotlar
Armaniston hukumati Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashgani tufayli mamlakatda harbiy holat va umummilliy safarbarlik e’lon qildi. Yakshanbaga o‘tar kechasi va tongda Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘ida arman va ozar harbiylari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kamida ozarboyjonliklarning bir vertolyoti urib tushirilgan.

Armaniston mudofaa vazirligi 27 sentabr kuni Ozarboyjon tanklari va harbiylari Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘iga hujum uyushtirgani tasvirlarini tarqatdi. Ikki tomon bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.

Qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘y bergan voqealardan jiddiy tashvish bildirib, kuch ishlatmaslikka va zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda. Turkiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarboyjonni to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan xalqaro hamjamiyatni Turkiyani Qorabog‘ mojarosiga aralashishdan tiyib turishga chaqirgan. Pashinyan millatga murojaatida Ozarboyjon butun arman xalqiga urush ochgani, ammo armanlar bunga tayyorligi haqida gapirgan. Pashinyan Ozarboyjon tomonining harakatlarini «keng ko‘lamli provokatsiya» deb atagan.

«Dushman og‘ir qurollar qo‘llagan holda Arsax Respublikasi armiyasi pozitsiyalariga barcha yo‘nalishlarda hujum qildi. Mudofaa kuchlari shafqatsiz jangga kirishdi va Arsaxni himoya qilish vazifasini sharaf bilan uddalamoqda», degan Pashinyan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Qorabog‘dagi vaziyatni tartibga solishni «Ozarboyjonning tarixiy vazifasi» deb atagan va Boku «chala qarorlar» bilan kelishmasligini bildirgan.

«Men ko‘p marta aytganman, bugun ham takrorlamoqchiman, bu masalani shunday hal qilishimiz kerakki, Ozarboyjon xalqi bundan rozi bo‘lsin. Biz tarixiy adolatni tiklashimiz kerak. Biz buni Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tiklash uchun qilishimiz kerak», deya qayd etgan Aliyev.

Hozirgacha nimalar bo‘ldi?
Ozarboyjon mudofaa vazirligi yakshanba tongida Armaniston tomoni Tartar, Jabroyil va Fuzuliy aholi punktlarini o‘qqa tutgani, Ozarboyjon armiyasi tinch aholini himoya qilish uchun keng ko‘lamli qarshi hujum boshlaganini ma’lum qildi.

Armaniston esa birinchi bo‘lib Ozarboyjon o‘t ochganini aytmoqda. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8:00da havodan hujum boshlab, raketalar uchirganini ma’lum qildi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi armiya faqat tinch aholi punktlariga uyushtirilgan hujumlarga javob qaytargani va Armaniston harbiy-havo kuchlarining 12ta zenit-raketa majmuasi yo‘q qilinganini bildirdi.

Ozarboyjon tomoni mamlakat armiyasi butun front chizig‘i bo‘ylab qarshi hujumga o‘tganini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotida qayd etilishicha, Armaniston qurolli kuchlarining jangovar faollashuvining oldini olish va tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun Ozarboyjon armiyasi qo‘mondonligi butun front chizig‘i bo‘ylab hujum boshlashga qaror qilgan.

«Bizning shaxsiy tarkib va tank qismlarimiz raketa-artilleriya bo‘linmalari, aviatsiya va uchuvchisiz uchish qurilmalari ko‘magida front chizig‘ida va ichkarida ko‘plab arman kuchlarini, harbiy ob’ektlarni va harbiy texnikalarni aniqladi hamda yo‘q qildi», deyilgan xabarda.

Mudofaa vazirligi Ozarboyjon harbiy-havo kuchlari jangovar vertolyoti Tartar yo‘nalishida urib tushirilgani, ekipaj a’zolari omon qolganini xabar qilgan, Armaniston havo hujumidan mudofaa tizimlari «Osa» rusumli 12ta zenit-raketa majmuasini yo‘qotgani qo‘shimcha qilingan.

Armaniston tomoni ma’lumotiga ko‘ra esa, dushmanning ikkita vertolyoti va uchta droni urib tushirilgani, shuningdek, uchta tank yo‘q qilingani, ozar askarlari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Avvalroq tan olinmagan Tog‘li-Qorabog‘ respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan Qorabog‘da harbiy holat va umummilliy safarbarlik e’lon qilingani haqida e’lon qilgandi.

Uning matbuot kotibi Vagram Pogosyan feysbukdagi sahifasida prezident tez orada Qorabog‘ xalqiga mavjud murakkab vaziyat yuzasidan murojaat qilishi haqida aytgan.

Pogosyanning tasdiqlashicha, tinch aholi punktlari, xususan, poytaxt Stepanakert artilleriya hujumiga uchragan.

RIA Novosti Qorabog‘ ombudsmeni Artak Beglaryanga asoslanib xabar qilishicha, ozarboyjonlik harbiylarning artilleriyadan o‘t ochishi oqibatida bir ayol va farzandi halok bo‘lgan.

«Ozarboyjonliklarning artilleriya zarbalari oqibatida fuqarolar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar bor. Martunin rayonida ikki kishi - ayol va bola halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Boshqa aholi punktlaridagi yo‘qotishlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Maktablarga, jumladan, Stepanakertdagi maktablarga ham artilleriya zarbalari yo‘llangan», deya yozgan Beglaryan feysbukdagi sahifasida.

Armaniston mudofaa vazirligi 27 sentabr kuni Ozarboyjon tanklari va harbiylari Tog‘li Qorabog‘ tutashuv chizig‘iga bostirib kirgani aytilgan videoyozuvni e’lon qildi. Videoda tanklardan biri portlab yonib ketganini ko‘rish mumkin.

Ammo RIA Novosti xabariga ko‘ra, Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman tomonining harbiy texnikalar yo‘q qilingani haqidagi ma’lumotini rad etgan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman tomonining ozarlarning harbiy texnikalari yakson etilgani haqidagi xabarlarini rad etmoqda
«Ozarboyjon armiyasining uch tanki, ikki vertolyoti va uchta uchuvchisiz uchar qurilmasi yakson etilgani haqidagi Armaniston tomoni tarqatgan ma’lumot yolg‘on. Xabar qilamizki, bizning bo‘linmalarimiz frontda raqibdan to‘la ustun», degan agentlikka Ozarboyjon mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Ozarboyjon Bosh prokuraturasi tinch aholi orasida 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan. BBC bu masalada mustaqil manbalardan ishonchli ma’lumot ololmagan.

Prezident Aliyevning murojaati va Armanistonda 10 ming ko‘ngilli
Yakshanba kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev millatga telemurojaat qildi va bu «Armaniston tomonining navbatdagi harbiy buzg‘unchiligi» ekani haqida gapirib, Armaniston qurolli kuchlari tomonidan o‘t ochilishi oqibatida aholi va harbiylar orasida «qurbonlar va jarohatlanganlar» borligini ma’lum qildi.

Ozarboyjon davlat televideniyesida chiqish qilgan prezident Ilhom Aliyev bugungi kunda mintaqada Armaniston xavf manbayiga aylangani haqida gapirdi. AZERI TV
Davlat televideniyesi orqali chiqish qilgan Aliyev Armaniston xavf manbayiga aylanganini ta’kidlagan.

U shuningdek, Ozarboyjon Armanistonning harakatlarini javobsiz qoldirmasligi haqida gapirgan.
«Ayni vaqtda raqib pozitsiyalariga zarbalar berilmoqda, harbiy texnikalar yo‘q qilinmoqda», degan Aliyev.

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan ijtimoiy tarmoqlar orqali Armaniston fuqarolarining 10 ming nafari Qorabog‘ga ko‘ngilli sifatida yo‘l olishga tayyorligi haqida xabar tarqatdi.

Bu vaqtda Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXSHT/ODKB) matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov RIA Novosti uchun bergan intervyusida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘xtatilishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz bu ziddiyat faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak deb hisoblaymiz. Buning uchun xalqaro tan olingan mexanizm - mojaroni hal qilish ustida ishlovchi YEXHTning Minsk guruhi mavjud», degan u.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Qorabog‘dagi mojaro bir necha o‘n yildan buyon davom etmoqda (arxiv foto)
SSSR qulashidan avval, 1991 yilda Ozarboyjon va Armaniston ittifoq tarkibida bo‘lgan, ammo Qorabog‘ nizosi ittifoq parchalanishidan uch yil avval, 1988 yil fevralida boshlangan, o‘shanda Tog‘li-Qorabog‘ avtonom oblasti Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqqanini e’lon qilgandi.

1992-1994 yillar davomida ikki respublika o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratni qo‘ldan boy bergan. 1992 yilda bu ziddiyatni hal qilish bo‘yicha uch vositachi davlat - Rossiya, AQSH va Fransiya ishtirokida YEXHTning Minsk guruhi tuzilgan.

Yerevan rasman Tog‘li-Qorabog‘ respublikasini tan olmaydi, ammo tan olinmagan respublikaning budjeti va armiyasi Armaniston bilan yaqin aloqada hisoblanadi.

2020 yil aprelida pandemiya avj olgan vaqtda Qorabog‘da prezidentlik saylovlari o‘tkazildi va saylovlarning ikkinchi turida Araik Arutyunyan 80 foiz ovoz oldi.

Yevrokomissiya saylov natijalari Tog‘li Qorabog‘ning yakuniy maqomiga yoki muzokaralar jarayoni natijalariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan, YEI bu saylovlar uchun konstitutsion va huquqiy asoslarni tan olmasligini bildirgandi.

Ozarboyjon ham Tog‘li Qorabog‘dagi saylov natijalarini tan olmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)