12:09 / 28.09.2020
2 732

Tramp va Bayden Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroga munosabat bildirdi

Tramp va Bayden Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroga munosabat bildirdi
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH mojaroni diqqat bilan kuzatmoqda va «uni qanday to‘xtatish mumkinligini ko‘rib chiqyapti». Bayden, o‘z navbatida, Vashington YEXHT ishtirokida mintaqadagi tinchlik jarayonini faolroq qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va prezidentlik saylovlarida uning demokratlardan raqibi Jo Bayden Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning avj olishidan xavotirda. Mamlakat rahbari bu haqda Oq uyda o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi, Baydenning bayonoti esa uning shtabi sahifasida e’lon qilindi.

«Ushbu mintaqada biz [ko‘pchilik bilan] yaxshi aloqalarga egamiz. Ko‘ramiz, biz jangovar harakatlarni to‘xtata olamizmi yoki yo‘qmi», - dedi Tramp amerikalik rasmiylar vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirib.

Jo Baydenning xabarida aytilishicha, u Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar boshlanishidan xavotirda va zudlik bilan vaziyatni barqarorlashtirish, o‘t ochishni to‘xtatish hamda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi muzokaralarni tiklashga chaqiradi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH hukumati o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i bo‘ylab kuzatuvchilar soni ko‘paytirilishini talab qilishi va Rossiyani mojaroning har ikki tomoniga «surbetlik bilan qurol yetkazib berishni» bas qilishga chaqirishi kerak.

«Tramp ma’muriyati, shuningdek, tinchlik o‘rnatish va ishonchni mustahkamlash choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun YEXHT Minsk guruhining boshqa hamraislari, Fransiya va Rossiya bilan birgalikda diplomatik harakatlarini kuchaytirishi kerak», - deya murojaat qildi Bayden Oq uyga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi yangi harbiy harakatlar yirik mintaqaviy mojaroga aylanib ketishi mumkin. Shu munosabat bilan, Baydenning xabarida ta’kidlanganidek, Kavkazda joylashgan boshqa mamlakatlar bu mojarodan uzoqroq turishi kerak, Minsk guruhi vositachilari esa zudlik bilan vaziyatni barqarorlashtirish hamda muzokaralarni qayta boshlashga intilishi kerak.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi jangovar harakatlar 27 sentabr kuni ertalab qayta boshlandi, tomonlar harbiy holatni joriy qildi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakertni bombardimon qilganini bildirdi va Boku harakatlarini arman xalqiga qarshi urush e’lon qilish, deb atadi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, o‘z navbatida, keskinlashuv Yerevanning rejalashtirilgan provokatsiyasi ekani, u «uzoq vaqtdan beri tayyorlanib kelgani»ni aytdi. Ozarboyjon 550dan ortiq arman harbiylari, Armaniston esa 200dan ortiq ozarboyjonlik harbiy xizmatchilar yo‘q qilinganini xabar berdi.

O‘zbekiston Ozarboyjon va Armanistonni harbiy harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp va Bayden Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroga munosabat bildirdi