17:23 / 30.09.2020
3 826

Tog‘li Qorabog‘da nima bo‘lyapti? Ozarbayjon prezidenti va Armaniston bosh vaziri Rossiya telekanali efirida shu haqda sirtdan bahslashdi

Tog‘li Qorabog‘da nima bo‘lyapti? Ozarbayjon prezidenti va Armaniston bosh vaziri Rossiya telekanali efirida shu haqda sirtdan bahslashdi
Tog‘li Qorabog‘ muammosi sabab 27 sentabrdan beri Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qurolli to‘qnashuv davom etmoqda. 29 sentabr kuni har ikkala mamlakat yetakchilari yuzaga kelgan vaziyat haqida «Rossiya 24» telekanalining «60 minut» («60 daqiqa») dasturiga jonli efirda intervyu berdi. Meduza nashri Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan chiqishlaridagi asosiy nuqtalarni terib chiqib, qisqacha bayon qildi.

Ilhom Aliyev.
Kadr: YouTube / «Rossiya 24»

Ilhom Aliyev, Ozarbayjon prezidenti: Armaniston 27 sentabr kuni bizning aholi punktlarimiz va jangovar marralarimizni artilleriyadan o‘qqa tutdi. Birgina tinch aholi vakillari orasida 11 kishi, xususan, ikki nafar bola halok bo‘ldi. Bu oldindan rejalashtirilgan harbiy provokatsiya edi: (Soros tomonidan qo‘yilgan) Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan xalq e’tiborini ichki muammolardan chalg‘itmoqchi. Biz javob berishga majbur bo‘ldik. Uchinchi kundirki janglar davom etmoqda. Turkiya bizga faqat ruhiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Suriyadan chiqqan jangarilar nizoda qatnashmayapti, bu arman targ‘ibotining yolg‘oni (feyk). Agar Pashinyan ochiqchasiga: «Qorabog‘ — bu Armaniston, vassalom», deb turgan bo‘lsa, qanday muzokaralar haqida so‘z borishi mumkin? Armaniston Qorabog‘dagi status-kvoni saqlab qolish uchun muzokara jarayonini yo‘qqa chiqarishga intilmoqda. Bu bizga ma’qul emas.

Nikol Pashinyan.
Kadr: YouTube / «Rossiya 24»

Nikol Pashinyan, Armaniston bosh vaziri: Ozarbayjon 27 sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘ga nisbatan harbiy bosqin boshladi, oradan uch kun o‘tib esa Armaniston hududidagi qishloqlarni bombardimon qilishga kirishdi. Harbiylar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Bu operatsiya Ozarbayjon va Turkiyaning harbiy mashg‘ulotlari vaqtida rejalashtirilgan. Jangovar harakatlarga yuqori martabali turk harbiylari boshchilik qilmoqda. Turkiya Suriyadagi yollanma jangarilarni og‘dirib, Ozarbayjonga tashlamoqda. Biz buni arman xalqiga qarshi e’lon qilingan urush sifatida qabul qilyapmiz. Xalqaro hamjamiyat Ozarbayjon va Turkiya agressiyasini qoralashi lozim. Harbiy harakatlar davom etayotgan vaqtda muzokaralar haqida gapirish qiyin. Dastavval kuch ishlatishni to‘xtatish lozim.

Har ikkala mamlakat yetakchilaridan olingan intervyuning to‘liq shaklini bu yerda (rus tilida) tomosha qilish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tog‘li Qorabog‘da nima bo‘lyapti? Ozarbayjon prezidenti va Armaniston bosh vaziri Rossiya telekanali efirida shu haqda sirtdan bahslashdi