13:00 / 03.10.2020
3 961

Tog‘li Qorabog‘dagi nizoning kuchayishi

Tog‘li Qorabog‘dagi nizoning kuchayishi
Foto: Google Photos
Sentabr oyining so‘nggi haftasi ham bir qator e’tiborga molik hodisalar bilan yodimizda qoldi. Bugungi dayjestimiz jahon siyosiy maydonida yuz berayotgan yangiliklar haqida.

Tog‘li Qorabog‘dagi nizoga nega befarq bo‘lmaslik haqida
26 yil mobaynida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuv 27 sentabr yakshanba kuni yana buzildi va ikki qo‘shni mamlakat chegaraviy ixtilof sababli yana bir-birlari bilan qonli to‘qnashuvga kirdi, deb yozadi Moskvada joylashgan Karnegi tahlil markazi. Urushning boshlanishiga ikki muhim tarixiy jihat sabab bo‘ldi.

Birinchidan, bu ikki davlat 26 yil mobaynida bir-biriga nisbatan qasd olish uchun sabab bo‘ladigan adovatni dilida tugib kelgani bo‘lsa, ikkinchidan, ayni paytda ikki mamlakat uchun ham ochiq nizoga kirish uchun «buyuk tarixiy on» kelgani bilan izohlash mumkin. Ozarbayjon va Armaniston jangga kirgan bir vaziyatda Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi Numan Kurtulmush barcha turkiy davlatlarni Ozarbayjonning tarafini olishga chaqirishga ham ulgurdi.

Tog‘li Qorabog‘dagi hududiy nizo possovet makonidagi eng og‘riqli va xavotirlanishga asos bo‘lib keldi. Gorbachyovning qayta qurish siyosati amalda bo‘lgan 1988 yilda Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat etno-siyosiy muammoga aylanib ulgurgandi. Rasmiy Kreml esa mazkur vaziyatda nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishda katta muammoga duch keldi. Bir so‘z bilan aytganda, siyosiy mojaroni hal qila olmadi. Natijada mazkur muammo keyinroq Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qonli urushga sabab bo‘ldi.

1991 yilda mustaqil Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlanib ketgan urush 1994 yilda Rossiyaning taraflarni kelishuvga chaqirishi natijasida o‘z nihoyasiga yetdi. Armaniston jangda g‘olib taraf sifatida e’tirof etildi, Ozarbayjon esa aholisining aksari armanlar bo‘lgan Qorabog‘ hududidan mahrum bo‘ldi. Mojaroning tub ildizi esa hal qilinmay qoldi. Qorabog‘dagi yetti hudud esa armanlar nazoratiga o‘tgan edi.

1994 yildan keyin Ozarbayjon va Armaniston hukumatlari Tog‘li Qorabog‘ borasida bir-birlariga nisbatan keskin so‘z jangi qilib kelgan bo‘lsa-da, mintaqada nisbatan tinchlik hukm surdi. Ozarbayjon ham, Armaniston ham oradagi tinchlik sukunatidan foydalangan holda o‘z harbiy kuchlarini zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan mustahkamlashga harakat qildi.

2016 yilning aprel oyida Ozarbayjon va Armaniston orasida yana ixtilof yuz berdi va bu safar ham Rossiyaning aralashuvi natijasida keng qamrovli ziddiyatning oldi olindi. Biroq ayni paytdagi nizoni oldini olish murakkab. Chunki ozarlar ham, armanlar ham o‘z hukumatlaridan keskin choralar ko‘rishni talab qilib chiqmoqda. Hukumat rahbarlari esa o‘z xalqining agressiv kayfiyati bilan murosa qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Harbiy nizo esa kuchaygandan kuchayib borishi ehtimoli nihoyatda katta.

Foto: Reuters
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni ikkita jihat yanada keskinlashtirishi mumkin. Birinchidan, Turkiya hukumati Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Deyarli 30 yil mobaynida rasmiy Anqara Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Qorabog‘ masalasidagi Minsk kelishuvi tarkibida bo‘lib keldi va har safar Ozarbayjonni qurolli nizoga kirmaslikka chaqirdi va rasmiy Bokuni qo‘llab-quvvatladi. Bugun esa vaziyat ancha murakkab va mintaqadagi geosiyosiy vaziyat ham 30 yil avvalgidek emas.

Ikkinchi jihat, AQSH mintaqadagi vaziyatga aralashmaslik siyosatini yuritmoqda. 1998 yilda Vashington Qorabog‘ masalasini ijobiy hal qilishga da’vat qilgan mamlakat sifatida siyosiy maydonga chiqqan edi. Hattoki 2001 yilda Florida shtatining Ki Uest shahrida Ozarbayjon va Armaniston davlat rahbarlari AQSH vositachiligida uchrashuv o‘tkazdi. Muammo bartaraf qilinganday edi. Biroq 27 sentabrdagi voqeadan so‘ng AQSH hukumati Qorabog‘dagi vaziyat borasida fikr bildirgan eng keyingi mamlakatlardan biri bo‘ldi.

Bu esa AQSHning mintaqadagi vaziyatga aralashmasligidan darak. Ustiga ustak Tog‘li Qorabog‘dagi siyosiy vaziyat bu Rossiya va Turkiyaning manfaatlari to‘qnash kelgan navbatdagi mintaqa ham bo‘lib turibdi. Avvalroq Suriya va Liviya borasida ham rus-turk munosabatlari ancha taranglashib qolgandi.

Yevropa Ittifoqi esa Qorabog‘dagi nizoda sezilarli qiziqish bildirmay kelgan edi. 1998 yilda Parij Qorabog‘ masalasida Minsk kelishuvining ishtirokchisi sifatida qatnasha boshlagan bo‘lsa-da, Qorabog‘dagi nizoga juda qiziquvchanlik bilan yondashmadi. Rossiya hukumati esa Qorabog‘dagi vaziyatda vositachi sifatida astoydil harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Ozarbayjon ham, Armaniston ham rasmiy Kremlga ko‘p ham ishonqiramay keldi. Bunday vaziyatda esa Moskva mintaqadagi vaziyatni bir o‘zi ayni paytda hal qilishga ojiz.

Armaniston va Ozarbayjon hozircha bir-birlarini hujumni birinchi bo‘lib boshlaganlikda ayblab chiqmoqda. Qorabog‘dagi vaziyat yanada keskinlashib ketadigan bo‘lsa, AQSH ham, Yevropa Ittifoqi ham masalaga aralashishga va Rossiya bilan ixtiloflarini bir chetga surib, bir stol atrofiga yig‘ilishga majbur bo‘lishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘ borasidagi ayrim bilish kerak bo‘lgan jihatlar:
- Tog‘li Qorabog‘ hududi 4 400 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi;
- Hududda xristian dinidagi armanlar va musulmonlar istiqomat qiladi;
- Sovet Ittifoqi davrida hudud Ozarbayjon tarkibidagi muxtoriyat o‘lkasi sifatida tashkil topdi;
- Mustaqillik e’lon qilgan hududni Armaniston va ko‘plab davlatlar tan olmay keladi;
- 1988–1994 yillardagi urush natijasida bir millionga yaqin mahalliy aholi o‘z uylarini tashlab ketgan va 30 mingga yaqin inson halok bo‘lgan edi;
- Mintaqadagi ayirmachi guruhlar Ozarbayjonga tegishli ayrim hududlarni nazorat qiladi;
- Turkiya Ozarbayjonni ochiqdan ochiq dastaklab kelmoqda;
- Armanistonda esa rus harbiy bazalari mavjud.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tog‘li Qorabog‘dagi nizoning kuchayishi