20:00 / 06.10.2020
3 678

Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi

Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi
Jo‘shbek Koyenaliyev.
Foto: Facebook

Bishkek meriyasi binosiga bostirib kirgan namoyishchilar «Respublika» partiyasidan Qirg‘iziston parlamenti deputatligiga nomzod Jo‘shbek Koyenaliyevni shahar meri deb e’lon qildi. Bu haqda «RBK» xabar bermoqda.

Yangi merning qabuliga allaqachon navbat yuzaga kelgan. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozganicha yo‘q. U hozir aynan qayerda ekanligi noma’lum. «AKIpress» ma’lumotlariga ko‘ra, Surakmatov hozirda masofadan turib ishlamoqda.

Koyenaliyev ushbu lavozimga Qirg‘iziston xalqi tomonidan ilgari surilganini ma’lum qilgan. Ammo ayni paytda amalda bo‘lgan hukumat uni o‘z nomzodi bilan almashtirishga urinishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda hukumatni noqonuniy egallashga urinish sodir bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Bishkekda namoyishchilar parlament va meriyani egalladi, sobiq prezident Atambayevni qamoqdan ozod qildi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat binosida parlamentga o‘tmagan muxolifat partiyalar yetakchilari vaqtinchalik Vazirlar mahkamasini shakllantirishni muhokama qilmoqda. «Ata-Jurt» muxolifat partiyasi yetakchisi Qamchibek Tashiyev bino yaqinida to‘plangan odamlarga bosh vazir lavozimiga parlament sobiq deputati Sadir Japarov ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgan, u o‘tgan tunda namoyishchilar bosimi ostida hibsdan ozod etilgandi. U Qorako‘lda 2013 yilda mitinglar uyushtirgani hamda Issiqko‘l viloyati gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olgani uchun 2018 yilda 11,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Muvaqqat hukumat tarkibi bo‘yicha yakuniy qarorni muxolifat kechga yaqin qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, mamlakatning bir necha ming aholisi Qirg‘izistonda bir kun avval bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgani uchun mitingga chiqqan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 ta ishtirokchi partiyadan 4 tasigina Jo‘qorg‘i Kengeshga o‘tgan, ulardan 2 tasi — hukumatga qarashli. Saylovlarda ko‘p sonli qoidabuzarliklar, shu jumladan, ovozlarni sotib olish qayd etilgan. Mag‘lub bo‘lgan partiyalar vakillari ovoz berish yakunlarini tan olishdan bosh tortdi va Markaziy saylov qo‘mitasini ularni bekor qilishga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi