07:00 / 09.10.2020
886

Moskva Qirg‘izistondagi vaziyat barqarorlashishiga ishonch bildirmoqda

Moskva Qirg‘izistondagi vaziyat barqarorlashishiga ishonch bildirmoqda
Foto: EPA/Vostock-photo
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qirg‘izistondagi vaziyatdan «chuqur tashvishdaligi»ni bildirdi va bu vaziyatni «tartibsizlik va xaos» deb atadi.

«Umid qilamizki, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi vaziyatni barqarorlashtirishni uddalaydi», deya qo‘shimcha qilgan Kreml vakili.

General Omurbek Suvanaliyev 6 oktabr kuni mahalliy nashrlarga bergan intervyusida hukumatdagi bo‘shliq va prezident Sooronbay Jeenbekov yo‘qligi tufayli Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari lavozimlarini o‘z zimmasiga olishi hamda mamlakatdagi kuchishlatar tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirishini aytgandi.

U FSB (Federal Xavfsizlik Xizmati) direktori Aleksandr Bortnikov bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Qirg‘iziston Rossiya bilan birga Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXSHT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi hisoblanadi. Ushbu mamlakat hududida Rossiya harbiy-havo bazasi joylashtirilgan.

Dmitriy Peskov Moskva hozirda Sooronbay Jeenbekovga boshpana taqdim etish masalasini ko‘rib chiqmayotgani va u Rossiyaga kelmoqchiligi haqida ma’lumot yo‘qligini aytib o‘tgan.

Peskov Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha batafsil baho berishdan tiyilgan: «U yerda aynan nima bo‘layotganini o‘sha joydagi odamlardan so‘rash kerak».

O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev 7-8 oktabr kunlarida Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan telefon orqali bog‘lanib, Qirg‘izistondagi vaziyatni muhokama qildi. Barcha muloqotlarda Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirildi.

Qirg‘izistonda nimalar bo‘lmoqda?
Qirg‘izistonda Oq uy va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosi qamal qilinganidan buyon to‘rtinchi kundirki hokimiyat uchun kurash ketmoqda. Mamlakatda 4 oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalari unda ishtirok etgan 16 partiyadan 12tasi tomonidan tan olinmagan, muxolifatdagi partiyalar o‘z tarafdorlarini tinchlik mitinglariga chorlashgandi, miting namoyishchilarning militsiya bilan to‘qnashuvlariga aylanib ketdi.

O‘shandan buyon mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov qirg‘izistonliklarga faqat videoaloqa orqali murojaat qilmoqda, u aynan qayerdaligi ma’lum emas. Prezidentning matbuot xizmati u Qirg‘iziston poytaxtida ekanini ma’lum qilgan.

Davlat rahbarining matbuot kotibi To‘lg‘onoy Istamaliyeva «Interfaks» muxbiriga bergan intervyusida Qirg‘iziston prezidenti o‘z ixtiyori bilan vakolatlarini topshirishi masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ma’lum qildi. U shuningdek, Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronovning iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasi kelib tushmaganini va prezident bosh vazir iste’fosini qabul qilmaganini bildirgan.

Qirg‘iziston MSK saylov natijalarini bekor qilgan va bir oydan keyinga yangi saylovlar belgilagan. Saylov qanday o‘tishi va unda qaysi partiyalar qanday tarkibda ishtirok etishi hozircha noma’lum.

Mamlakatning amaldagi parlamenti yakshanba kunidan buyon to‘liq tarkibda yig‘ila olmayapti, bu esa namoyishchilar talab qilayotgan prezidentga impichment e’lon qilishga va yangi bosh vazirni tayinlashga imkon bermayapti.

Oq uy binosi, bosh prokuratura va asosiy davlat telekanali namoyishchilar tomonidan egallab olingan bo‘lsada, prezident shu vaqtgacha o‘z vakolatlarini topshirmagan.

O‘zini bosh vazir deb e’lon qilgan Sadir Japarov o‘z murojaatlaridan birida prezidentni o‘zgartirmaslikni taklif qilib, u o‘z prezidentlik muddatini oxirigacha yetkazib qo‘yishi kerakligini aytgandi.

Hokimiyat kurashi boshqa tuzilmalarda ham kechmoqda, tartibsizliklardan keyin bir necha mer va gubernator iste’fo bergan.

«Hech kim yo‘q»

«Hozir hech kim hokimiyat kimning qo‘lida ekanini bilmaydi. Xavfsizlik va tartib bo‘yicha qonuniy hokimiyat - bizmiz. Bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va boshqalar - hech kim yo‘q. Hozircha prezident ham yo‘q. Barcha tushkunlikka tushgan ko‘rinadi», degan Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Omurbek Suvanaliyev.

U «talonchiliklar va tartibsizliklarning oldini olish ustida ishlanayotgani», ammo namoyishchilarga o‘t ochilishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan. Suvanaliyev chegarachilarga «mamlakatdan biror amaldor chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik» bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Yaqin vaqtlar ichida u 4 oktabrdagi saylovlarda parlamentga kirish uchun yetarli ovoz to‘play olmagan muxolifatdagi 12 partiya yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Suvanaliyev mamlakatda siyosiy vaziyat keskinligicha qolayotganini ta’kidlagan.

«Siyosiy partiyalar kelisha olishmayapti. Biz to‘qnashuvlar ro‘y bermasligi uchun kuchishlatar tuzilmalar bilan barcha choralarni ko‘ramiz. Partiyalar vaziyat izdan chiqmasligi uchun muzokaralar stoliga o‘tirishi kerak», degan u.

5 oktabr kuni kechga yaqin Bishkek va Qirg‘izistonning boshqa shaharlarida saylovchilarning ovozlari sotib olinganini da’vo qilgan muxolifatchilar ommaviy namoyishlarni boshlashgandi. Namoyishchilar birin-ketin hukumat binolarini egallashdi.

Ikkita muxolif partiya o‘z vakillarini bosh vazir sifatida e’lon qilgan.

8 oktabr kuni Bishkek shahrida minglab ko‘ngillilar ko‘chalarda tartibsizliklar va talonchiliklar kelib chiqmasligini ta’minlash uchun militsiya bilan hamkorlik qilishi ma’lum qilindi.

Omurbek Suvanaliyev kim?
60 yoshli siyosatchi o‘z faoliyatini 1981 yilda ichki ishlar tizimida boshlagan va shov-shuvli ishlari tufayli «qirg‘izlar Kattanisi» laqabini («Sprut» serialidagi komissar Kattani) olgandi.

So‘nggi 20 yilda faol ravishda siyosat bilan shug‘ullangan, 2006-2007 yillarda ichki ishlar vaziri bo‘lgan, 2008-2009 yillarda Narin oblastiga gubernatorlik qilgan, ko‘p marta siyosiy sahnadan ketgan va yana qaytib turli lavozimlarda ishlagan, u o‘zini «iste’fo berish bo‘yicha chempion» va «kuchishlatar tuzilmalarda inqirozli vaziyatlar bo‘yicha menejer» deb atagan.

2019 yil fevralida Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, keyinroq parlamentga «Butun Qirg‘izistan» partiyasidan saylanish maqsadida lavozimini tark etgandi. 4 oktabrdagi saylovlarida 7,1 foiz ovoz olib, parlamentga kirgan bu partiya saylovda 7 foizlik dovondan o‘tgan 4 partiya orasida amaldagi hukumatga yaqin bo‘lmagan yagona partiya hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)