16:53 / 09.10.2020
1 665

Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi

Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi
Foto: «TASS»
Qirg‘iziston prezidenti So‘ronbay Jeenbekov mamlakat bosh vaziri va hukumatni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. «RBK»ning xabar berishicha, qaror davlat rahbari saytida 9 oktabr kuni e’lon qilingan.

Hujjatda aytilishicha, iste’foga chiqarilgan bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar yangi Vazirlar mahkamasi tuzilguniga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.

Qirg‘izistonda tartibsizlik boshlanishidan avval ushbu lavozimni egallab kelgan bosh vazir Kubatbek Bo‘ronov iste’foga chiqdi.

Mamlakat parlamenti tegishli qarorni 6 oktabrdayoq qabul qilib, uning o‘rniga koloniyadan ozod qilingan sobiq deputat Sadir Japarovni tayinlagan. Biroq kuni kecha prezident matbuot kotibi Bo‘ronovning iste’fosi hali davlat rahbari tomonidan imzolanmagani tufayli hali sodir bo‘lmagan deb hisoblanishini ma’lum qilgan.

Yana bir farmon bilan prezident Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari O‘rozbek Opumbayevni iste’foga chiqardi.

6 oktabr kuni parlamentning to‘liq bo‘lmagan tarkibida Japarovning bosh vazir etib tayinlanishi muxolifatda ixtilof paydo qilgan. Mamlakatda ikkita muvofiqlashtiruvchi kengash paydo bo‘ldi: ulardan biri Japarovni bosh vazir sifatida qo‘llab-quvvatlaydi, ikkinchisi esa — yo‘q.

9 oktabr kuni tongida «Respublika», «Ata Meken», «Bir bo‘l» va «Reforma» partiyalari yetakchilari bosh vazirlikka yana bir nomzod — «Respublika» partiyasi yetakchisi Babanov Omurbekni ilgari surgan.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktabr kuni Bishkekda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ikki partiya g‘olib chiqqach, parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishlar boshlandi. Tinch boshlangan aksiyalar kechga borib, huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha yuz kishi yaralandi, bir kishi vafot etdi.

6 oktabr tongida namoyishchilar Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma’muriyati joylashgan binoni egalladi. Shundan so‘ng namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga qarab yo‘l oldi va maxsus xizmat xodimlari bilan muzokaralardan so‘ng ular sobiq prezident Almazbek Atambayevni o‘tgan yildan buyon hibsda saqlanayotgan MXDQ tergov izolyatoridan ozod qildi. Koloniyadan, shuningdek, Atambayev davrida hukumatni boshqargan sobiq bosh vazir Sapar Isakov ham ozod etildi.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari natijalarini haqiqiy emas deb topdi.

Norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)