12:27 / 10.10.2020
2 365

Aleksandr Lukashenko Belarus va Qirg‘izistondagi voqealar taqqoslanayotganiga munosabat bildirdi

Aleksandr Lukashenko Belarus va Qirg‘izistondagi voqealar taqqoslanayotganiga munosabat bildirdi
Foto: «BelTA»
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus va Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarni taqqoslamaslikka chaqirdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Lukashenko Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy to‘qnashuvlar va Qirg‘izistondagi navbatdagi ichki siyosiy inqiroz haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisalarning barchasida Belarusdagi ssenariy kabi tashqi boshqaruv belgilari ko‘rinib turibdi.

«So‘nggi paytlarda Belarusdagi voqealar va Qirg‘izistondagi ‘muvaffaqiyatli’ davlat to‘ntarishi taqqoslanmoqda. Aytishim kerakki, bu umuman noprofessional taqqoslov, biz bu yerda parallel chiziqlarni chizishimiz kerak emas», —deya ta’kidlagan Lukashenko.

«Bizni bu kabi voqealardan nima to‘xtatib qoldi? Raqiblarimiz tomonidan qattiq tanqid qilinadigan hukumat vertikali. U yerda bunday vertikal yo‘q. Bu Belarusdagi ba’zi siyosatchilar intilayotgan narsa. Ular mamlakatni partiya belgilari bo‘yicha bo‘lishni xohlaydi. Mana, marhamat, u yerda prezident deyarli hech qanday vakolatga ega emas. Shuning uchun uni bu vaziyat uchun qoralash kerak emas. Ulardagi vaziyat, taxminan, Belarusda 1990 yillar o‘rtasida bo‘lgan vaziyatga o‘xshaydi. Bu kechagi siyosiy raqiblarimiz chaqirayotgan narsa: 1994 yilgi konstitutsiyani qaytarish. U yerda esa uchinchi inqilob», — deya ma’lum qildi Belarus rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda hukumatning kuchsiz vertikaliga boshqa muammolar qo‘shilgan: qabilalar kurashi, oligarxlik, o‘lchovi yo‘q korrupsiya. «Buning hammasi hukumat yo‘qligining natijasi. Hukumat bo‘lmasa, ertaga qabilalar, oligarxlar paydo bo‘ladi va mamlakatni bo‘lib oladi. Eng xavflisi shundaki, bunday oqibatlarni hech bir davlat istisno qila olmaydi, shu jumladan biz ham. Hokimiyatni egallab olish — nafaqat davlat, balki xususiy mulkning darhol bo‘lib olinishi. Hech bir davlat bunga yo‘l qo‘ymasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Lukashenko.

Uning aytishicha, Belarusda Qirg‘izistondagi kabi voqealarning yuz bermasligiga yana bir sabab klassik inqilobiy kayfiyat uchun omillarning mavjud emasligi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9 avgust kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, muxolifat vakili Svetlana Tixanovskaya 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Aleksandr Lukashenko esa 80 foiz ovoz olgan. Saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida Belarusda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini «Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi» deb atadi.

Hozirgi paytda Tixanovskaya Yevropada bo‘lib turibdi. U saylovdan bir necha kun o‘tgach, Belarusdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Bunga mamlakat rasmiylarining undan saylov natijalarini tan olishni talab qilib o‘tkazgan bosimi va tahdidlari sabab bo‘lgani ma’lum qilingan.

Qirg‘izistonda 4 oktabr kuni parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentda deputatlik o‘rniga ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan yetti foizlik dovondan to‘rtta partiya o‘ta oldi. Bunda parlamentdagi o‘rinlarning yarmini umumiy hisobda «Birimdik» va «Mekenim Qirg‘iziston» partiyalari egalladi. Qayd etilishicha, «Birimdik» partiyasi prezident So‘ronboy Jeenbekov oilasi bilan yaqin aloqalarga ega, ikkinchi partiya esa Qirg‘izistondagi eng nufuzli kishilardan hisoblanadigan aka-uka Matraimovlar bilan bog‘liq.

Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab kishilar 5 oktabr kuni namoyishga chiqdi. Namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi, tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi vafot etdi. Namoyishchilar mamlakat parlamenti va prezident administratsiyasi joylashgan binoni egallab oldi, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni qamoqdan ozod qildi.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 6 oktabr kuni parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi.

Norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.

9 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi. Bishekda 9 oktabr soat 20:00 dan boshlab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi, shaharga harbiy bo‘linmalar va harbiy texnika kiritildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Aleksandr Lukashenko Belarus va Qirg‘izistondagi voqealar taqqoslanayotganiga munosabat bildirdi