14:38 / 11.10.2020
2 709

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning hibsga olingan o‘g‘illari qo‘yib yuborildi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning hibsga olingan o‘g‘illari qo‘yib yuborildi
Foto: Kloop
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘illari Seyid va Qodir Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining tergov xizmatiga guvoh sifatida olib borilgan, ular so‘roq qilingandan so‘ng, ozod qilingan, deya xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib «Interfaks».

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati Qirg‘izistonning sobiq rahbarining o‘g‘illari bilan birga Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi a’zosi Temirlan Sultonbekov hibsga olinganini, u guvoh sifatida so‘roq qilinayotganini xabar qildi.

Vazirlik 9 oktabr kuni Bishkekda ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish faktlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Ushbu ish bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari doirasida Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, uning maslahatchisi Farid Niyozov va xavfsizlik xizmatining ikki xodimi hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 4 oktabr kuni parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentda deputatlik o‘rniga ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan yetti foizlik dovondan to‘rtta partiya o‘ta oldi. Bunda parlamentdagi o‘rinlarning yarmini umumiy hisobda «Birimdik» va «Mekenim Qirg‘iziston» partiyalari egalladi. Qayd etilishicha, «Birimdik» partiyasi prezident So‘ronboy Jeenbekov oilasi bilan yaqin aloqalarga ega, ikkinchi partiya esa Qirg‘izistondagi eng nufuzli kishilardan hisoblanadigan aka-uka Matraimovlar bilan bog‘liq.

Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab kishilar 5 oktabr kuni namoyishga chiqdi. Namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi, tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi vafot etdi. Namoyishchilar mamlakat parlamenti va prezident administratsiyasi joylashgan binoni egallab oldi, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni qamoqdan ozod qildi.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 6 oktabr kuni parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi.

Norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronboy Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.

9 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi. Bishekda 9 oktabr soat 20:00 dan boshlab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi, shaharga harbiy bo‘linmalar va harbiy texnika kiritildi. Ayni shu kuni mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan suiqasd uyushtirildi. 10 oktabr kuni esa Atambayev qo‘lga olingani ma’lum qilindi.

Mamlakatga 10 oktabr kuni Sadir Japarov bosh vazir etib tayinlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning hibsga olingan o‘g‘illari qo‘yib yuborildi