15:20 / 11.10.2020
2 354

Tramp o‘zida kuzatilgan koronavirus alomatlari haqida so‘zlab berdi

Tramp o‘zida kuzatilgan koronavirus alomatlari haqida so‘zlab berdi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp koronavirusga chalingan boshqa odamlardan farqli o‘laroq, davolanish kursidan so‘ng o‘zini kuchli va baquvvat his qilayotganini aytdi. Bu haqda u 9 oktabr kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Korrespondent».

«Men o‘zimni chindan ham yaxshi va kuchli his qilyapman. Ko‘pchilik koronavirus yoki Xitoy virusi bilan kasallanganini bilaman. Men o‘zimni kuchli his qilyapman, lekin bu narsa ko‘p odamlarda kuzatilmadi», – dedi Tramp.

Unda qanday alomatlar kuzatilgani haqidagi savolga prezident o‘zini unchalik kuchli his qilmagani, ammo nafas olish bilan bog‘liq muammolarni sezmaganini aytdi.

«Men AQSH prezidenti his qilishi kerak bo‘lgan hayotiy kuchni to‘la his qilmadim», – deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Tramp o‘z shifokorlarini «dunyodagi eng yaxshi» deb atadi. Uning aytishicha, shifoxonada bo‘lganida u charchoq hissini va odatiy energiya yetishmayotganini his qilgan.

«Men Regeneron dorisini qabul qildim. 24 soatdan keyin o‘zimni boshqacha his qila boshladim va kasalxonadan ertaroq chiqib ketdim. Endi o‘zimni juda yaxshi his qilyapman», – deydi AQSH prezidenti.

Prezidentning ta’kidlashicha, shifokorlar uni uzoqroq kuzatish uchun olib qolishmoqchi bo‘lgan.
«Men u yerda uch yarim kun bo‘ldim, shifokorlar uzoqroq qolishimni xohladi. Lekin men birinchi kundan boshlab kasalxonadan ketishni xohladim», – deydi Tramp

Shuningdek, Oq uy rahbari yaqinda yana bir bor koronavirus tahlili uchun test topshirganini ma’lum qildi.
«Hali aniq natijalarni bilmayman, lekin men yana bir marta test topshirdim. Men bilaman, tanamda virus nihoyatda kam yoki umuman yo‘q», – dedi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Donald Trampda 1 oktabr kuni koronavirus aniqlandi. AQSH prezidenti bir necha kun kasalxonada davolandi va u yerdan 5 oktabr kuni chiqdi. U og‘ir ahvoldagi bemor sifatida davolangani haqida xabar berildi, biroq Trampning o‘zi ham, uni davolayotgan shifokorlar ham prezident o‘zini yaxshi his qilayotganini bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp o‘zida kuzatilgan koronavirus alomatlari haqida so‘zlab berdi