16:37 / 11.10.2020
1 905

Tramp koronavirusdan to‘liq tuzaldi. U vaksina tez orada tayyor bo‘lishini aytmoqda

Tramp koronavirusdan to‘liq tuzaldi. U vaksina tez orada tayyor bo‘lishini aytmoqda
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp koronavirusdan butkul xalos bo‘ldi. U endi atrofdagilar uchun xavf tug‘dirmaydi. Bu haqda prezidentning davolovchi shifokori Shon Konli ma’lum qildi.

Tekshiruvlar davomida Trampning tanasida viruslarning faol harakati aniqlanmagan. Prezidentning davolovchi shifokori tuzgan bayonotda u qachon topshirgan test manfiy natija bergani aytilmagan.Shanba kuni Oq uydagi balkondan turib o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilgan Tramp o‘zini juda yaxshi his qilayotgani va vaksina tez orada tayyor bo‘lishini aytgandi.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp yana omma oldida paydo bo‘lishi mumkin, chunki u endi atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydi. Ayni damda Tramp uchun salomat bo‘lishi juda muhim, chunki prezidentlik saylovlariga uch haftadan ko‘proq vaqt qoldi va oldinda Jo Bayden bilan o‘tkaziladigan debatlar bor.

Trampning Oq uy balkonidan turib chiqish qilishi tanqidlarga sabab bo‘ldi, chunki bu nomzodning emas, prezidentning chiqishi hisoblanadi. Saylov oldidan prezident sifatida siyosiy chiqish qilish esa yaxshi kutib olinmadi. Trampning bu chiqishi Blexit fondi tomonidan tashkil qilingani aytildi. Bu fond afroamerikaliklar va AQSHning kelib chiqishiga ko‘ra lotin amerikalik bo‘lgan fuqarolarini respublikachilar partiyasini qo‘llashga undayotgani ma’lum. Ya’ni Tramp chindan Oq uydan turib saylov kampaniyasi olib borgan.

Poyga davom etadi
Tramp dushanba kuni Florida shtatida tarafdorlari oldida chiqish qilishga va’da bergan. Ijtimoiy so‘rovlar bu hududda ovoz berish natijalari qanday bo‘lishini taxmin qilib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Floridadagi saylovlarda g‘olib bo‘lmasdan esa prezident bo‘lish deyarli imkonsiz.

Blexit fondi afroamerikaliklar va lotin amerikaliklarni respublikachilar partiyasini qo‘llashga undab keladi / Reuters
Ijtimoiy so‘rovlar Jo Bayden kichik farq bilan oldinda ekanini ko‘rsatmoqda. Ba’zi so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 35 foizi Tramp ma’muriyatining pandemiya davridagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq AQSH prezidentlik saylovlarida qancha miqdorda ovoz to‘plash emas, asosiy shtatlarda ko‘proq delegatlarning ovoziga ega chiqish muhimligini unutmaslik kerak. Masalan, 2016 yilda Hillari Klintonga son jihatdan ko‘proq amerikaliklar ovoz bergan bo‘lsa-da, aynan shtatlardagi natijalar sabab Tramp g‘olib bo‘lgandi.

Trampning salomatligi haqida nima ma’lum?
Trampning o‘zi Fox News'ga intervyu berib, o‘zini juda yaxshi his qilayotganini aytdi. Uning shifokori Shon Konli ham prezident ommaviy tadbirlarda qatnashishi mumkinligini tasdiqladi. Tramp 2 oktabr kuni koronavirusdan zararlangani ma’lum bo‘lgach, uch kun davomida Uolter Rid nomli harbiy kasalxonada davolandi. Uni «Deksametazon», «Remdesivir» va antitanachalar yordamida tayyorlangan maxsus «Regeneron» kokteyli bilan davolashdi.

AQSHdagi karantin tartiblariga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan odamlar 10 kun davomida o‘zini yakkalashi kerak. Kasalxonaga yotishga majbur bo‘lgan darajada ahvolga kelgan bemorlar 20 kun davomida o‘zini yakkalashga majbur hisoblanadi.

Tramp koronavirusga chalinishidan oldin niqob taqmasligi, ijtimoiy masofa saqlamasligi tufayli ko‘p bor tanqidga uchragan. AQSHning bosh infeksionisti Entoni Fauchi ham bu borada Tramp ma’muriyatini tanqid qilib keladi. Chunki Tramp 26 sentabr kuni Oq uy oldida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuv o‘tkazgan va o‘shanda deyarli hech kim niqob taqmagan. Keyinroq ushbu uchrashuvda qatnashganlardan 11 nafarida koronavirus aniqlangandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp koronavirusdan to‘liq tuzaldi. U vaksina tez orada tayyor bo‘lishini aytmoqda