17:13 / 11.10.2020
3 505

Ozarbayjon vs Armaniston. Harbiy jihatdan kim kuchli? Urushda kimning g‘olib bo‘lish imkoniyati yuqori?

Ozarbayjon vs Armaniston. Harbiy jihatdan kim kuchli? Urushda kimning g‘olib bo‘lish imkoniyati yuqori?
Foto:«AP»
10 oktabr kuni soat 12:00 dan Tog‘li Qorabog‘ hududida o‘t ochish to‘xtatilishi lozim edi. Ozarboyjon hamda Armaniston tashqi ishlar vazirlari Moskvada o‘tkazgan muzokaralar yakunida ana shunday bitim imzolangan edi. Ammo har ikki tomon hozirdanoq bir-birini kelishuvni buzishda ayblamoqda. Tahlilchilar otashkesim tartibi muvaqqat va mo‘rt ekani, harbiy to‘qnashuvlar yana kuchayishidan xavotir bildirmoqda.

Chorak asrlik tanaffusdan keyin Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasida 27 sentabr kuni avj olgan urushni kimdir ayricha hadik, kimdir shunchaki qiziqish ila kuzatmoqda. Harbiy ziddiyat ikki mamlakatning mudofaa salohiyatini sinovdan o‘tkazayotgani ham ayni haqiqat. Xo‘sh, harbiy jihatdan qay bir mamlakat kuchli? Urushda kimning qo‘li baland kelish ehtimoli yuqori? Ochiq manbalar asosida ikki mamlakat mudofaa salohiyatini muqoyasa etib ko‘ramiz.

Foto:«AP»
Global Firepower tahlil markazi tuzgan dunyoning kuchli armiyalari reytingida Ozarboyjon 64-, Armaniston esa 111-o‘rinda qayd etilgan. Reytingni tuzishda 55 xil ko‘rsatkich, jumladan, askarlar, tank, samolyot, kema va boshqa harbiy texnikalar soni, mudofaa sohasiga ajratilayotgan mablag‘ miqdori hisobga olingan.

Global Firepower markaziga ko‘ra, Ozarboyjonning yillik harbiy budjeti 2,8 milliard dollarni tashkil etadi. Mamlakatning umumiy harbiy xizmatchilari soni – 426 ming nafar (bundan 126 mingi – faol shaxsiy tarkib). Bu o‘rinda Ozarboyjon aholisi 10 mln, Armaniston nufusi esa 3 mln ekanini qayd etish joiz.

Ozarboyjon harbiy-havo kuchlari 147 ta texnikadan tarkib topgan. Tanklar 570, harbiy-dengiz texnikasi 31 tani tashkil etadi.

Global Firepower markazi kuzatuvlariga ko‘ra, Armanistonning yillik harbiy budjeti 1,3 milliard dollarga yetadi. Umumiy harbiy xizmatchilar soni 245 ming kishi (bundan 45 ming nafari faol shaxsiy tarkib). Mamlakat harbiy-havo kuchlari 64 texnikani tasarruf etadi. Tanklar soni – 110 dona. Harbiy-dengiz texnikasi mavjud emas.

BBC hisob-kitobiga ko‘ra, 2016 yilda Ozarboyjon 314 tadan 750 tagacha tank, 1100 tadan 1500 tagacha bronemashina, 240 tadan 469 tagacha og‘ir artilleriya tizimiga ega bo‘lgan. Armaniston esa 100 tadan 166 tagacha tank, 140 tadan 636 tagacha bronemashina, 150 tadan 240 tagacha og‘ir artilleriya tizimiga istifoda qilgan.

Foto:«Getty Images»
Izoh o‘rnida aytish joiz: turli tahlil markazlari taqdim etayotgan raqamlarda tavofut bo‘lishi tabiiy. Zero, mamlakatlarning mudofaa salohiyatiga doir aksar ma’lumotlar davlat siri sifatida qo‘riqlanadi.

Markaziy razvedka boshqarmasi Ozarboyjon 2014 yilda harbiy soha uchun YAIMning 5,1 foizi, Armaniston esa 4,29 foizi miqdorida mablag‘ sarflaganini ma’lum qilgan.

Armaniston ham qo‘shni mamlakatda ortda qolmaslik uchun mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratayotgani aytiladi. Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq etish xalqaro institutiga (SIPRI) ko‘ra, rasmiy Yerevan 2014-2019 yillarda harbiy importni 3,5 barobarga oshirgan.

Ozarboyjon harbiy texnikani asosan Rossiya, Ukraina, Isroil, Turkiya, Belarus kabi mamlakatlardan sotib oladi. BMT ro‘yxatiga ko‘ra, rasmiy Boku 2006-2011 yillarda Ukrainadan 27 tagacha MiG-29 qiruvchi samolyoti, Belarusdan 11 tagacha Su-25 uchog‘ini xarid qilgan.

Ayni shu ro‘yxatga ko‘ra, Ozarboyjon 2016 yilda Ukraina, Belarus hamda Rossiyadan 482 ta tank sotib olgan.

Armaniston esa harbiy texnikani asosan Rossiya, qisman Ukraina, Slovakiyadan xarid qilgan. BMT ro‘yxatida rasmiy Yerevan 2004 yilda Slovakiyadan 10 dona Su-25 uchog‘ini xarid qilgani qayd etilgan.

Urush va jangovar harakatlar qurol ishlab chiqaruvchi mamlakatlar g‘aznasiga ulkan daromad keltirishi ma’lum. Nizolashayotgan har ikki mamlakatga qurol sotayotgan asosiy eksportyor bu – Rossiyadir.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarboyjon so‘nggi yillarda Rossiyadan 5 milliard dollar miqdorida qurol-aslaha sotib olgan. Ammo 2016 yildan rasmiy Boku Rossiyadan qurol xaridini keskin qisqartirdi va Isroildan harbiy aslaha, xususan, raketaga qarshi majmua hamda uchuvchisiz parvoz qiluvchi texnika sotib ola boshladi. Tahlilchilarga ko‘ra, ayni paytda Tog‘li Qorabog‘da davom etayotgan harbiy ziddiyatda Ozarboyjon uchuvchisiz parvoz qiluvchi texnika vositasida ham ustunlikka erishmoqda. Armaniston rahbariyati norozilik belgisi sifatida Isroildagi elchisini Yerevanga chaqirib olgani ham shuni tasdiqlaydi.

Foto:«Getty Images»
Armaniston Rossiyadan KXSHT a’zosi sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa, imtiyozli tartibda, arzonlashtirilgan narxda qurol-aslaha olish imkoniga ega. Qolaversa, Armanistonda Rossiya harbiy bazasi mavjud. Yerevanni strategik hamkor deb bilgan rasmiy Moskva qurol oldi-sotdisi bo‘yicha kreditlar ham taqdim etadi. Masalan, Armaniston Rossiyadan “Iskander-E” rakema majmuasi hamda Su-30SM qiruvchilarini sotib olgan.

Gazeta.ru tahliliga ko‘ra, ikki mamlakatning bombardimon hamda shturm qiluvchi uchoqlari nisbati quyidagicha: Ozarboyjonda 2 ta Su-24, 16 ta Su-25, 3 ta Su-25UB va Italiyaning 10 ta Aermacchi M-346 uchog‘i mavjud; Armaniston esa 12 ta Su-25 va 2 ta Su-25UBK uchog‘ini istifoda etadi.

Harbiy vertolyotlar soni bo‘yicha ham Ozarboyjon oldinda: 26 ga 17. Harbiy-transport samolyotlari borasida esa farq deyarli yo‘q: Ozarboyjon bitta An 12 va uchta Yak-40 samolyotini, Armaniston esa uchta Il-76 samolyotini tasarruf etadi.

Fransiya ham Kavkaz qurol bozoriga kirishga uringan, inchunin, Ozarboyjonga 2015-2016 yillarda qariyb 150 million yevrolik qurol sotgan. Ammo Tog‘li Qorabog‘da ziddiyat kuchaygan bir paytda jamoatchilik bosimi sabab qurol olti-sotdisi savol ostida qolmoqda.

“Al-Monitor” nashriga ko‘ra, ayni paytda ustunlik Ozarboyjon tomonda. Ushbu mamlakat qurolli kuchlari hujum va ilgarilama harakat pozitsiyasida turibdi. Ammo murakkab jug‘rofiy joylashuv va yaqinlashib kelayotgan qish qahratoni ustunlikni Armaniston tomoniga o‘tishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Qorabog‘dagi ziddiyat 1988 yil fevrl oyida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarboyjon tarkibidan chiqishini e’lon qilgach boshlangan. 1992-1994 yillarda davom etgan urush davomida Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 tuman arman kuchlari tomonidan egallangan, hududda “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” tuzilgani e’lon qilingan. Ammo ushbu tuzilmani biror davlat tan olmagan. Rasmiy Yerevan ham “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi”ni rasman tan olmagan, ammo respublikaning budjeti va armiyasi Armaniston bilan chambarchas bog‘liq ekani aytiladi.

Foto: TASS
Fransiyaning “L’Obs” jurnaliga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatining tamal toshi bir asr avval Iosif Stalin tomonidan qo‘yilgan. Qayd etilishicha, fitna urug‘ini qadagan sho‘ro dohiysi ham ozar, ham armanlarni qopqonga tushirishni ko‘zlagan. Ushbu mojarodan hozir ham richag sifatida foydalanilmoqda...

Ozarboyjon bosib olingan hududlarini qaytarib olish uchun chorak asrdan beri kurashib keladi. Xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra ham hudud Ozarboyjon yurisdiksiyasida, ammo amalda nazorat rasmiy Yerevanda.

Janubiy Kavkaz bo‘yicha ekspert Joshua Kucherga ko‘ra, tinch muzokaralar yo‘li bilan, diplomatik kelishuv vositasida o‘z hududini qaytarib olishga ko‘zi yetmay qolgan Ozarboyjon rahbariyati urushga kirishdi.

S.Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarbayjon vs Armaniston. Harbiy jihatdan kim kuchli? Urushda kimning g‘olib bo‘lish imkoniyati yuqori?