14:23 / 13.10.2020
2 396

Boku Yerevanni Ganja shahriga ballistik raketa bilan zarba berganlikda aybladi

Boku Yerevanni Ganja shahriga ballistik raketa bilan zarba berganlikda aybladi
Foto: «RIA Novosti»
Ozarbayjonning Ganja shahrining turar joy hududiga zarba «Elbrus» tizimining ballistik raketasi (NATO tasnifi bo‘yicha — Scud) tomonidan amalga oshirilgan. «RBK»ning xabar berishicha, bu haqda xorijiy diplomatlar uchun o‘tkazilgan brifingda Ozarbayjon hududini minalardan tozalash milliy agentligi (ANAMA) ijrochi direktori Gazanfar Ahmedov ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa Armaniston qurolli kuchlari tomonidan otilgan.

«Bugun biz Ganjaning aholi zich joylashgan qismiga uchirilgan raketaning so‘nggi parchalarini to‘pladik», — deya Ahmedovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «RIA Novosti». Dastlab mutaxassislar «Tochka U» raketasi uchirilganini aytishgan, ammo yangi qoldiqlarni tahlil qilish natijasida ular «Elbrus» raketasi ekanligini aniqladi, deya qo‘shimcha qilgan u.

Ozarbayjonning Trend agentligining yozishicha, Ahmedov «Scud» yadro kallaklarini tashishga qodirligini ta’kidlagan. Boku Ganjaga qilingan zarbani «vandalizm va vahshiylik» deb baholagan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning aytishicha, Ganjaga zarba berish to‘g‘risidagi qarorni shaxsan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qabul qilgan. Bokuga ko‘ra, zarba 11 oktabrda berilgan. Ozarbayjon tomonning bildirishicha, raketa turar joy binosiga urilgan, oqibatda odamlar halok bo‘lgan va jarohatlangan.

Yerevan Ganjaga berilgan zarbalar to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etmoqda. «Yuqoridagi da’volar mutlaqo yolg‘on va haqiqat zid», — degan kuni kecha Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘da keng qamrovli jangovar harakatlar 27 sentabrdan buyon davom etmoqda. Ozarbayjon va Armaniston 10 oktabr kuni soat 12:00 dan boshlab Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgandi. O‘sha kunning o‘zidayoq Armaniston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bir-birini Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Boku Yerevanni Ganja shahriga ballistik raketa bilan zarba berganlikda aybladi