21:18 / 15.10.2020
4 798

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri: «Noma’lum kuchlar hukumatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinmoqda»

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri: «Noma’lum kuchlar hukumatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinmoqda»
Qirg‘izistonda 2005—2007 yillarda bosh vazir sifatida hukumatni boshqargan sobiq siyosatchi «Or-nomus» partiyasi yetakchisi Feliks Kulov mamlakat prezidenti So‘ronbay Jeenbekovning iste’fo bergani yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb yozmoqda Tengrinews.

«Men va boshqa jamoatchilik vakillarining prezident bilan uchrashuvi bugun kunning birinchi yarmida o‘tkazildi. Unda iste’fo haqida gap ham bo‘lgani yo‘q. Tadbir yakuniga yetgach, rezidensiyaga bosh vazir Sadir Japarov va Kamchi Tashiyev keldi. Shundan keyin prezident qarorini keskin o‘zgartirdi va iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

Bundan faqat bitta xulosa kelib chiqishi mumkin: noma’lum kuchlar (ertami, kechmi ularning kimligi barchaga ma’lum bo‘ladi) zo‘ravonlik yo‘li bilan hukumatni egallashga urindi va prezidentga o‘z xohishi bilan iste’fo berish yoki o‘zaro urush boshlashni taklif etdi. Aks holda bunday inqirozli davrda o‘z xohishi bilan bunday yuqori lavozimni tark etish borasida qaror qabul qilinmaydi.

Endi parlamentni tarqatib yuborish haqida gap-so‘zlar urchigan. Keyin hukumat bosh vazirning boshqaruviga o‘tadi. Undan keyin nimalar bo‘lishi mumkinligini va hammasi qanday ssenariy ostida ketishi endi oydinlashmoqda» – deya yozgan Kulov Facebook’dagi sahifasida.

Feliks Kulov 2005—2007 yillarda Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. U 1998–1999 yillarda Bishkek shahrining meri sifatida ishlagan.

So‘ronbay Jeenbekov 15 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’fo berganini e’lon qildi. U bosh vazir Sadir Japarov va boshqa siyosatchilardan o‘z tarafdorlarini poytaxtdan olib chiqib ketishni so‘ragan va ulardan bishkekliklar tinchligini buzmaslikni iltimos qilgan.

5 oktabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlarining natijalariga nisbatan xalqning ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishchilarning kuchishlatar tizim vakillari bilan to‘qnashuvidan keyin norozilik bildirayotgan olomon prezident administratsiyasi joylashgan parlament binosini egallagan. To‘qnashuvlar oqibatida 1,2 ming nafar kishi talafot ko‘rgan va bir nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bosh vazir Qubatbek Bo‘ronov iste’fo berdi. Qirg‘iziston prezidenti So‘ronbay Jeenbekovning matbuot kotibi uning Bishkekda ekani va hammasini nazorati ostida ushlab turganini ma’lum qildi.

9 oktabrda Bishkekda xalqning norozilik namoyishlari qayta boshlandi. Markaziy maydonda bosh vazir Sadir Japarovning tarafdorlar va muxolifat vakillari o‘rtasida to‘qnashuv kuzatildi. Oqibatda 7 nafar odam, jumladan, muxolifat yetakchisi Tilek To‘xtagaziyev jarohat oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri: «Noma’lum kuchlar hukumatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinmoqda»