21:47 / 25.10.2020
4 274

Ilhom Aliyev Ozarbayjonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi kimligini aytdi

Ilhom Aliyev Ozarbayjonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi kimligini aytdi
Foto: «President.az»
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Fransiyaning Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida Rossiya mamlakat uchun asosiy qurol yetkazib beruvchi ekanligini ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Biz qurollarni ko‘plab mamlakatlardan sotib olamiz. Eng ko‘p harbiy texnikani Turkiya ham, Isroil ham emas, Rossiya bizga yetkazib beradi. Ammo Armanistondan farqli o‘laroq, biz Rossiyadan sotib olingan qurol-yarog‘ uchun pul to‘laymiz. Armaniston qurolni Rossiyadan bepul oladi. Biz qurollarni, shuningdek, Eron, Ukraina va Belarusdan ham olamiz. Albatta, bugungi kunda bizda armiyamizga hududiy yaxlitligimizni qayta tiklashda yordam beruvchi zamonaviy qurol-yarog‘ sotib olish imkoniyati bor», — dedi Aliyev.

Davlat rahbari, shuningdek, Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligini o‘zi mustaqil tiklayotganini ta’kidladi.

«Tabiiyki, bizning mintaqada har qanday mamlakat qurol sotib oladi. Dunyodagi barcha mamlakatlar ham o‘zini qurol-yarog‘ bilan 10 foiz ta’minlay olmaydi. Shunday ekan, bu yerda g‘alati narsaning o‘zi yo‘q. Albatta, biz qurol uchun pul to‘laymiz, yaxshi qurol sotib olamiz va u bizga joylarda yordam bermoqda. Biroq hududlar istilodan dronlar yordamida ozod etilayotgani yo‘q. Hududlar u yerda o‘z burchlarini o‘tayotgan askarlar, odamlar tomonidan ozod qilinmoqda.

Oktabr o‘rtalarida Aliyev armanistonlik biznesmenlar mamlakatga qurol va yollanma jangchilarni kontrabanda yo‘li bilan Rossiyadan olib kirayotganini aytgan edi. Ozarbayjon prezidenti so‘zlariga ko‘ra, armanistonlik biznesmenlar, shu jumladan, Samvel Karapetyan va Ara Abramyan shu maqsadlar uchun 30-40 million dollar turadigan Il-76 samolyotini sotib olgan.

Ammo «RBK»ga bergan intervyusida Rossiya armanlar ittifoqi prezidenti Ara Abramyan Armanistonga qurol yetkazib berish ayblovlarini rad etib, biznesmenlar faqat gumanitar yordam bilan shug‘ullanayotganini aytgandi.

Avvalroq Bokudagi AQSH elchixonasi Ozarbayjon poytaxtida terrorchilik hujumlari uyushtirilishi hamda AQSH fuqarolari va chet elliklar o‘g‘irlab ketilishi mumkinligi haqida ishonchli ma’lumotni qo‘lga kiritgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar tinchlikka erishish uchun qilingan ikkita urinishga qaramasdan, 27 sentabrdan buyon davom etmoqda. Ozarbayjon va Armaniston 10 oktabr kuni soat 12:00 dan boshlab Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgandi. Ammo shu kuni keyinroq Armaniston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bir-birini Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.

19 oktabrda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan. Keyinroq Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da Rossiya uchun bevosita xavf soluvchi Suriya terrorchilik guruhlari jangarilari bo‘lganligi uchun Moskva u yerda aksilterrorchilik operatsiyalarini o‘tkazish uchun asosga ega ekanligini aytgan.

Turkiya esa Boku iltimos qilsa, «ikkilanmasdan» Ozarbayjonga askarlarini jo‘natishi va harbiy ko‘mak berishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ilhom Aliyev Ozarbayjonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi kimligini aytdi