22:53 / 04.11.2020
2 679

AQSHdagi saylovlar: g‘olib yo‘q, farq kichik, buyog‘iga nima bo‘ladi?

AQSHdagi saylovlar: g‘olib yo‘q, farq kichik, buyog‘iga nima bo‘ladi?
Foto: EPA/Vostock-photo
Ko‘plab tahlilchilar va amerikaliklar bir xulosada yakdil: Bayden ishlari yaxshimas, Tramp esa prognozlarni yo‘qqa chiqardi.

Nomzodlar kutilganidek odatda respublikachilar yoki demokratlarga ovoz berishi ma’lum bo‘lgan shtatlarda g‘olib bo‘lishdi. Kurash taqdiri «ikkilanuvchi» shtatlarda - Jorjiya, Pensilvaniya, Michigan va Shimoliy Karolinada hal bo‘ladi. Florida, Texas va Ohayo ham shu kabi tebranuvchi shtatlar sirasidan edi, ammo bu shtatlarda Donald Tramp g‘olib chiqishi aniq bo‘lib ulgurdi.

Yoqimsiz syurprizlar
Florida uchun kurash juda qizg‘in kechdi, bu shtatda yetakchilik deyarli har daqiqada o‘zgarib turdi, ammo Baydenga shtatning yirik okruglaridan biri Mayami-Deyddagilarning ovozi yetishmadi, uning shtabidagilar ushbu okrugning qo‘llab-quvvatlovidan umid qilishgandi.

Tramp esa kutilmaganda Floridada ispan tilli guruhlarning ovozlariga ega chiqdi, kelib chiqishiga ko‘ra Kubadan bo‘lganlar yashaydigan hududlarda u ustunlikka erishdi.

Ammo Trampni ham yoqimsiz syurpriz kutib turardi: odatda respublikachilarniki bo‘lgan Arizona bu safar Baydenni ma’qul ko‘rdi. Bu shtatda yakuniy natijalar ma’lum emas, ammo «Assoshieyted press» tahlilchilari bu yerda demokratlar g‘alaba qozonganiga shubha qilmayapti.

Arizona demokrat prezident uchun 1996 yildan buyon ovoz bermagan, ammo Bayden shu shtatda istiqomat qiluvchi, kelib chiqishiga ko‘ra lotin amerikalik bo‘lgan yoshlarning ovozlariga ega chiqishga urg‘u qaratdi va faol kampaniya olib bordi.

Arizonadagi g‘alaba unga 11 nafar delegat ovozini olib keladi.

Tramp Oliy sud bilan tahdid qilmoqda
Ovozlarni to‘liq hisoblash jarayoni ko‘p vaqtga cho‘zilishi mumkin. Ayrim shtatlar pochta orqali yuborilgan ovozlarni hisoblashni boshlamagan, ayrim hududlarda ovozlarni hisoblash 20 noyabrga qadar cho‘zilishi mumkin.

Ammo Donald Tramp tongda o‘zini g‘olib deb e’lon qildi va Oliy sud orqali ovozlarni hisoblashni to‘xtatishga erishmoqchiligini aytdi. Uning fikricha, saylov komissiyasi pochta orqali kelgan byulletenlar natijasini ro‘kach qilgan holda saylov natijalarini istagancha o‘zgartirishi mumkin.

Sir emaski, saylov kunidan bir necha hafta oldin pochta orqali asosan demokratlar ovoz berishdi. Respublikachilar darhol bu usulda ovoz berish ishonchsizlik tug‘dirishi va firibgarlikka yo‘l ochishi mumkinligini aytib chiqishdi.

Ammo pochta orqali ovoz berish qonuniy hisoblanadi. To‘g‘ri, avval bundan foydalanish uchun ma’lum talablar qo‘yilar edi. Bu safargi saylovlarda esa koronavirus pandemiyasi tufayli pochta orqali ovoz berish ommalashdi.

BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muharriri Entoni Zurkerning fikricha, Trampning talabi kutilmagan hol emas. U bir necha hafta mobaynida agar saylov natijalari durangga yaqin bo‘lsa, demokratlarni firibgarlikda va o‘zining ovozlarini o‘g‘irlashda ayblashini aytib keldi.

«Bu barcha qo‘rqqan ssenariy edi. AQSH prezidenti ovozlarni sanash jarayonini tahdid ostida qoldirdi. Bu jarayon muddatidan ilgari yoki pochta orqali ovoz berish hozirgidek ommabop bo‘lmagan yillarda ham saylovdan keyin bir necha kunga cho‘zilgan.

Trampning bayonotidan keyin vitse-prezident Mayk Pens uning so‘zlarini yumshatishga urindi. Ovozlarni sanash jarayoni nihoyasiga yetmaguncha, g‘olib chiqqanliklarini e’lon qilishdan bosh tortdi.

Bu siyosiy noaniqlik davrida Amerika rahbarining kutilgan xatti-harakatlariga ko‘proq mos keladi. Ammo ziyon yetkazib bo‘lindi. G‘olib chiqish-chiqmasligidan qat’i nazar, Tramp bu saylovlarga soya tashlab bo‘ldi. Bu esa AQSH demokratiyasining butun mexanizmini savol ostiga qo‘yadi», deya yozdi Zurker.

Qaysi shtatlar prezident kim bo‘lishini aniqlaydi?
Tramp va Bayden o‘rtasidagi kurash hali tugamaydi. Quyida bu saylov taqdiri qayerda hal bo‘lishi va hozir nimaga e’tibor qaratish zarurligi haqida.

Donald Tramp Florida, Ohayo va Texas kabi muhim shtatlarda g‘olib chiqishni uddaladi, ammo u ikkinchi muddatga saylanish uchun yana bir necha muhim shtatlarda g‘alaba qilishi kerak. Baydenda ham g‘alaba uchun bir necha yo‘nalishlar bor.

Ovozlarni hisoblash davom etayotgan muhim shtatlar:
  • Arizona (11 delegat). An’anaga ko‘ra respublikachi shtat, bu yil esa g‘olibni aniqlash uchun muhim maydonga aylandi. Ovozlarning 99 foizi hisoblab chiqilgan holatda Bayden oldinda bormoqda - 51 foiz. Ko‘plab nashrlar u bu shtatda ustun kelganiga shubha yo‘qligini yozmoqda. Ammo hali kutish kerak.
  • Jorjiya (16). Respublikachilarning yana bir tayanch shtati, ammo bu safargi saylovda bu shtat ham ikkilanuvchi shtatlardan biriga aylandi. Ayni vaqtda, ovozlarning 90 foizdan ortig‘i hisoblab chiqilgan vaqtda Tramp 50 foizdan ortiqroq ovoz bilan biroz oldinda bormoqda, ammo Atlanta va shahar atrofidagi byulletenlar hisoblab chiqilmagan.
  • Nevada (6). Bayden bu shtatda kutilganidan qiyinroq raqobatga duch keldi. Ayni vaqtda u arzimas farq bilan oldinda bormoqda - ovozlarning 86 foizi hisoblangan, 49,3 foizga 48,7 foiz.
  • Viskonsin (10). O‘rta G‘arbdagi asosiy kurash maydoni. Shtat 20 yil mobaynida demokratlarni qo‘llab kelgan, faqat 2016 yilda Tramp uchun ovoz bergan. Hozirda bu shtatda ovozlarning 97 foizi hisoblab chiqilgan, Bayden kichik ustunlikka ega - 49,5 foizga 48,8 foiz.
  • Michigan (16). So‘nggi soatlarda Michiganda ham Bayden oldinga chiqib olgani haqida xabarlar keldi. Ammo bu hammasi hal bo‘ldi degani emas. 90 foiz ovoz hisoblangan holatda uning ustunligi 49,3 foizga 49,1 foiz.
  • Pensilvaniya (20). Bu shtatda saylov taqdiri hal bo‘lishi mumkin. Bu yerda Tramp ancha ilgarilab ketgan, ammo hali pochta orqali yuborilgan ko‘p sonli byulletenlar hisoblab chiqilmagan, yakuniy natijalar jumagacha aniq bo‘lmasligi mumkin.

Shimoliy Karolinada ham 15 delegat bor. Bu shtat respublikachilarniki va amalda ham bu o‘z isbotini topmoqda - 95 foiz ovoz hisoblangan holatda Tramp 50 foizdan ortiq ovozga ega. Shuningdek, Men (4) va Alyaskada (3) ovozlar hisoblanishi davom etmoqda, bu shtatlarning birinchisi demokratlarni, ikkinchisi respublikachilarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ayni vaqtgacha Bayden 224 ovozni naqd qilib bo‘lgan, Trampda 213 ovoz. Prezidentlikka saylanish uchun 270 ovoz talab etiladi.

Ovozlar hisoblab bo‘linmagan, lekin Bayden ustunlik qilayotgan shtatlar - Arizona, Nevada, Men, Viskonsin va Michigan unga jami 47 ovoz berishi mumkin, bu esa u yakunda 271 ovoz olishini ta’minlaydi.

Tramp esa keyingi to‘rt yilda ham Oq uyda qolishi uchun Jorjiya, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Alyaskadan (jami 54) tashqari yana bir shtatda g‘olib bo‘lishi talab etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHdagi saylovlar: g‘olib yo‘q, farq kichik, buyog‘iga nima bo‘ladi?