00:12 / 08.11.2020
2 821

Baydenni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan kimlar tabriklab ulgurdi?

Baydenni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan kimlar tabriklab ulgurdi?
Foto: AP
Amerika ommaviy axborot vositalari Jo Baydenni AQSHning yangi prezidenti deb e’lon qildi. Ovozlarni hisoblash davom etmoqda. Donald Tramp saylov «hali yakunlanmagani», Baydenning g‘olib deb e’lon qilinishi yolg‘on ekanligini aytdi. Xorij siyosatchilari Baydenni g‘alaba bilan tabriklashni boshlab yuborishdi.

Uni birinchilardan bo‘lib Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo qutladi.
«Jo Bayden va Kamala Harrisni muborakbod etaman. Mamlakatlarimiz — yaqin do‘stlar va ittifoqchilar. Biz dunyo sahnasi uchun o‘ziga xos munosabatlarga egamiz. Hamkorlikda ishlash va bu munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatini sabrsizlik bilan kutmoqdaman», — deb yozdi u Twitter sahifasida.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron «amerikaliklar o‘z prezidentlarini tanlaganliklari»ni qayd etarkan, Bayden va Harrisni qutladi hamda ularni “birgalikda ishlash”ga da’vat etdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘z tabrigida AQSHning muhim ittifoqchi ekanligini ta’kidladi va iqlim o‘zgarishidan tortib savdo va xavfsizzlikkacha bo‘lgan umumiy ustuvor yo‘nalishlarda hamjihatlikda ishlashni kutayotganligini bildirdi.

Moldova sobiq bosh vaziri Vlad Filat Facebook sahifasida AQSHning yangi prezidenti Moldova respublikasining do‘sti ekanligini ta’kidladi.
«Sayyorani tutib turgan bir necha kunlik zo‘riqishdan so‘ng Jo Bayden AQSHning 46-prezidentiga aylandi», — deb yozdi siyosatchi

Gretsiya hukumati rahbari Kiriakos Mitsotakis Baydenni haqiqiy do‘st deb atadi va uning davrida Vashington bilan Afina o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

London meri Sodiq Xon, Bayden va Harris g‘alabaga munosib ekanligini va «devorlar emas, ko‘priklar qurishga qaytish vaqti kelganligi»ni yozdi.

Baydenni shuningdek, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fiji bosh vaziri Frenk Mbainimarama, Parij meri Ann Idalgo va Yevroparlament vitse-prezidenti Otmar Karas tabriklagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan kimlar tabriklab ulgurdi?