20:16 / 08.11.2020
1 865

Bayden AQSHning dunyo oldidagi hurmatini qaytarishga va’da berdi

Bayden AQSHning dunyo oldidagi hurmatini qaytarishga va’da berdi
Foto: Getty Images
AQSH prezidentligiga Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lgan Bayden va vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Xarris o‘z g‘alabalari haqidagi dastlabki ma’lumotlardan so‘ng xalqqa murojaat bilan chiqish qildi, deb xabar bermoqda «RBK».

«Men ushbu lavozimga Amerika ruhini davolash, ushbu mamlakatning asosi — o‘rta qatlamini tiklash va Amerika dunyoda yana hurmat qozonishi uchun intildim», — degan Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z e’tiborini COVID-19’ga qarshi kurashish, fuqarolar farovonligini oshirish, shuningdek, iqlimni himoya qilish va irqchilikka qarshi kurashga qaratmoqchi.

Baydenning aytishicha, 9 noyabr kuni u koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish rejasini ishlab chiqishni boshlaydigan ekspertlar guruhini chaqiradi. «Dushanba kuni men Bayden va Xarrisning COVID-19 bo‘yicha rejasi asosida harakatlar dasturi loyihasini tayyorlashda yordam berish uchun o‘tish davri bo‘yicha maslahatchilar sifatida xizmat qiladigan yetakchi olimlar va ekspertlar guruhini taqdim etaman», — degan Bayden. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqilgan dastur inauguratsiyadan so‘ng, 2021 yilning yanvarida kuchga kiradi.

Bundan tashqari, Bayden «jamiyatni ajratmaydigan, aksincha, uni birlashtiradigan prezident» bo‘lishga va’da bergan. U respublikachi Donald Trampga ovoz berganlarning hafsalasi pir bo‘lganini tushunishini, ammo endi «bir-birimizga imkoniyat berish kerakligini» aytgan. «Keskin gaplarni bir chetga surib, darajani pasaytirish, yana bir-birimizni ko‘rish, bir-birimizga quloq solish payti keldi», — degan Bayden.

AQSH ommaviy axborot vositalari, xususan, Associated Press, CNN, The New York Times, ABC News, Fox News va boshqalar 7 noyabr, shanba kuni Jo Baydenni AQSHning saylangan prezidenti deb e’lon qildi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlikka nomzod – Demokratik partiyadan ko‘rsatilgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden Pensilvaniya shtatida g‘alaba qozongan va prezident saylovida g‘olib chiqish uchun tanlovchilarning kamida 270 ta ovozi kerak bo‘lgan holatda 273 ta ovozni qo‘lga kiritgan.

AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp Amerikaning yirik ommaviy axborot vositalari Jo Baydenning saylovlarda g‘olib chiqqanligini e’lon qilganidan keyin hozircha mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortdi.

Tanlovchilar hay’ati prezidentni rasman 14 dekabr kuni saylaydi.

The New York Times’ning yozishicha, 77 yoshli Bayden 20 yanvar kuni AQSHning 46-prezidenti sifatida qasamyod qiladi va ushbu lavozimni egallagan tarixdagi eng keksa shaxsga aylanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden AQSHning dunyo oldidagi hurmatini qaytarishga va’da berdi