16:06 / 10.11.2020
2 306

Pashinyan Aliyev va Putin bilan kelishdi, Qorabog‘ga rus tinchlikparvarlari joylashtirilmoqda

Pashinyan Aliyev va Putin bilan kelishdi, Qorabog‘ga rus tinchlikparvarlari joylashtirilmoqda
Foto: Reuters
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni tuzganini xabar qildi. ArmInfo tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, kelishuv asosida hududga rossiyalik tinchlikparvar kuchlar olib kiriladi, Armaniston esa 20 noyabrga qadar «Agdam va Ozarboyjonning Gazax tumanida Armaniston tomoni egallab turgan hududlar»ni Ozarboyjonga qaytaradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham hududga tinchlikparvar kuchlar kiritilishini tasdiqlagan.

«9 noyabr kuni Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Aliyev, Armaniston Respublikasi bosh vaziri Pashinyan va Rossiya Federatsiyasi prezidenti 2020 yilning 10 noyabridan Tog‘li Qorabog‘ hududida o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni nazarda tutuvchi bayonotni imzoladi», deya Rossiya rahbarining so‘zlarini keltirgan RIA Novosti agentligi.

Rossiya tinchlikparvarlari allaqachon Armaniston va Ozarboyjon chegaralar tutashgan hududga kelishni boshlagan. Seshanba kuni tongida Rossiya mudofaa vazirligi harbiy texnikalar kolonnasi Ulyanovsk aerodromiga yo‘l olgani aks etgan tasvirlarni e’lon qilgandi. Kontingentning asosini Markaziy harbiy okrugning 15-motoo‘qchilar bo‘linmasi tashkil etadi. Mojaro hududiga rossiyalik harbiylar chiqqan o‘nta samolyot uchib ketgan.

Armaniston mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib rossiyalik harbiylar Tog‘li Qorabog‘ga joylashtirilishi boshlangan.
Hozirda Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatilgan.

Siyosatchilarning izohlari
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan vatandoshlaridan uzr so‘radi.

«Bayonot matni shaxsan men uchun va barchamiz uchun nihoyatda og‘ir. Harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilish natijasida... va yuzaga kelgan holatda bu eng yaxshi qaror ekanligiga ishongan holda qaror qabul qildim. Rossiya va Ozarboyjon prezidentlari bilan birgalikda soat 01:00dan boshlab Qorabog‘ urushini tugatish to‘g‘risidagi bayonotni imzoladim», degan Pashinyan o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

U bunday qadamni hozirgi vaziyatda eng yaxshisi deb atagan va harbiy harakatlarning to‘xtatilishi g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham emasligini aytib o‘tdi.

Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan esa Qorabog‘ bo‘yicha kelishuv haqida OAV orqali xabar topganini bildirgan.
«Respublika prezidenti sifatida, afsuski, men bilan hech qanday maslahat qilinmadi, bu hujjat bo‘yicha muhokama o‘tkazilmadi va men muzokaralarda ishtirok etmadim», degan u.

U urushning to‘xtatilishi to‘g‘risidagi bitim «har tomonlama konsultatsiya va muhokama predmeti»ga aylanishi kerakligini, «milliy manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha kun tartibidan kelib chiqadigan qarorlarga iloji boricha tezroq kelishib olish uchun» siyosiy konsultatsiyalar tashabbusi bilan chiqayotganini bildirgan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham millatga murojaat bilan chiqdi. U kelishuv Ozarboyjon va Armaniston xalqlari manfaatlari hisobga olingan holda tuzilgani, tinchlikparvar kuchlar tarkibida turk harbiylari ham bo‘lishi haqida xabar qilgan. Aliyev kelishuv shartlarini sanagan va Qorabog‘ urushidagi uzil-kesil g‘alaba haqida e’lon qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «harbiy fazadagi faol harakatlar to‘xtagan, siyosiy faza boshlangan». «Biz ziddiyatni hal qilishning harbiy yo‘li ham borligini ko‘rsatdik. O‘zimiz uchun maksimal darajadagi foydali hujjatni imzoladik. Pashinyanda uni imzolashdan boshqa yo‘l yo‘q edi. Toki men prezident ekanman, Qorabog‘ning hech qanday alohida maqomi bo‘lmaydi!», deya qo‘shimcha qilgan Ozarboyjon prezidenti.

O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova Ilhom Aliyevning tinchlikparvar kuchlar tarkibida turk harbiylari ham bo‘lishi haqidagi so‘zlarini rad etdi.

Tomonlar nimalarga kelishdi?
ArmInfo axborot agentligi hujjat matnini keltirgan. Unga ko‘ra, rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kontingenti «Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘i va Lachindagi yo‘lak bo‘ylab» joylashtiriladi, uning tarkibi – o‘qotar qurol bilan qurollangan 1960 nafar harbiy xizmatchi, 90ta bronetransportyor, 380ta avtomobil va maxsus texnikalardan iborat.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar mojaro hududida 5 yil davomida bo‘lishadi, tomonlar roziligi bilan bu muddat yana 5 yilga uzaytirilishi mumkin.

Armaniston sobiq ittifoq davrida Tog‘li Qorabog‘ tarkibiga kirmagan va 1990-yillar boshida egallab olgan hududlarini Ozarboyjonga qaytaradi. Armaniston 15 noyabrgacha Kelbajar tumanini, 1 dekabrgacha Lachin tumanini Ozarboyjonga topshirishi kerakligi belgilangan. Armanlar Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lash uchun Lachin yo‘lagini (kengligi 5 km) o‘zida qoldiradi. Bu yo‘lak Rossiya tinchlikparvar kuchlari tomonidan qo‘riqlanadi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hududi 2020 yildagi urush chog‘ida Ozarboyjon qo‘shinlari tomonidan egallangan hududlar hisobiga qisqaradi. Boshqa bir qator tumanlardan tashqari, armanlar Qorabog‘dagi (strategik va ramziy ma’nolardagi) asosiy shaharlardan biri Shushadan ajraladi, bu shahar ozar harbiylari tomonidan 7-9 noyabr kunlari egallangandi. Shushadan 10 km masofadagi Xonkandi (Stepanakert) esa armanlar nazorati ostida qoladi.

Tog‘li Qorabog‘ning hozirgi xaritasi
Tomonlar butun hududga qochqinlarni qaytarish bo‘yicha kelishib olgan. Ozarboyjon hududlari Bokuga qaytarib berilayotgani hisobga olinsa, gap ozarboyjonliklarni Qorabog‘ning Armaniston qismiga qaytarish haqida bormoqda; Qorabog‘da 1990-yillardagi urushgacha ozarlar yashardi. Jarayonni BMT nazorat qiladi.

Armaniston ham Ozarboyjonning g‘arbiy hududlari va Naxichevan muxtor respublikasini o‘zaro bog‘lash uchun yo‘lak qoldiradi. Rossiya harbiylari tomonidan qo‘riqlanadigan bu yo‘lak Ozarboyjonning asosiy hududidan Armaniston tomonidan ajratib qo‘yilgan eksklavga olib boradi.

«Bu g‘alaba emas, ammo o‘zingni mag‘lub deb hisoblamas ekansan, mag‘lubiyat ham yo‘q. Biz hech qachon o‘zimizni mag‘lublar deb tan olmaymiz, bu bizning milliy jipslashuvimiz, qayta tiklanish erasi boshlanishi bo‘lishi kerak. Biz kelajakni rejalashtirish va o‘tmish xatolarini takrorlamaslik uchun mustaqillik yillaridagi harakatlarimizni tahlil qilishimiz kerak», dedi Pashinyan feysbukdagi sahifasida.

U Armanistondaligi va vazifasini bajarishda davom etayotganini bildirgan.

Namoyishchilar Armaniston parlamenti va hukumat binosiga bostirib kirishdi
Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha tinchlik kelishuvi tuzilgani ma’lum bo‘lgach, Yerevan markazida ommaviy norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Hukumat binosi qarshisidagi maydonda bir necha ming kishi to‘plandi, ko‘p o‘tmay ular himoya halqasini yorib o‘tib, majmua hududiga bostirib kirishdi.

Vahram Baghdasaryan / EPA / Scanpix / LETA
O‘nlab kishilar eshik va derazalarni sindirishgan, Pashinyanning kabinetini vayron qilishgan.

BBC rus xizmati voqea joyidan xabar berishicha, agressiv kayfiyatdagi o‘nlab kishilardan iborat guruh davlat tashkilotlari binolarini qamal qilishgan. Muxbirning xabar qilishicha, yig‘ilganlar hukumat almashinuvini talab qilishgan. «Bu odamlar kelishuv shartlarini va unga Nikol Pashinyan rozi bo‘lishini xiyonat yoki hatto Armanistonning kapitulyatsiyasi deb baholashmoqda. Ular oxirigacha, g‘alabagacha kurashish kerak edi deb hisoblashmoqda. Ularda bunday ishonchni mudofaa vazirligining ayrim vakillarining frontdagi ishlar u qadar yomon emasligi to‘g‘risidagi so‘zlari uyg‘otgan bo‘lishi mumkin», degan muxbir.

Politsiya namoyishchilarning harakatlariga qarshilik ko‘rsatmagan. «Interfaks» muxbiri xabar qilishicha, namoyishchilarning bir qismi Pashinyan yashaydigan uyga yo‘l olgan. «Hududni qo‘riqlovchi huquq-tartibot organlari xodimlari bosh vazir uyda emasligi, vaqti vaqti bilan politsiya hamda namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib turgani haqida xabar berishgan», deyiladi agentlik xabarida.

Bundan tashqari, namoyishchilar Armaniston parlamenti binosiga bostirib kirishgan. «Biz Nikol Pashinyanni istaymiz. Unga bunday kelishuvni imzolashga kim huquq berdi», deya namoyishchilardan birining so‘zini keltirgan TASS agentligi.

Namoyishchilarning bir guruhi parlament spikeri Ararat Mirzoyanni xizmat mashinasidan tushirib, kaltaklashgan. Hozirda u turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning hayotiga xavf yo‘q.

Armiya talabi
Armaniston bosh vaziri bu qarorga kelishi armiya talabi bilan bo‘lganini ma’lum qildi.

«Men bu qarorni armiya ko‘p vaqtdan buyon shunday qadam tashlash zarurligini ta’kidlab kelayotgani uchun qabul qildim. Armiyadagilar to‘xtash kerakligi, yechimi ko‘rinmayotgan bir qator muammolar borligi, ularni hal qilish uchun yetarli resurslar mavjud emasligini aytib kelishardi», degan u.

U armiya bir necha marta urushni to‘xtatishni so‘raganini qayd etgan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda urushni davom ettirish uchun safarbarlik bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.

Dushanba tongida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbari Araik Arutyunyan shunday degandi: «Agar harbiy harakatlar davom ettirilganida, bir necha kun ichida butun Arsaxni (Tog‘li Qorabog‘) yo‘qotardik, juda ko‘p qurbon berilardi».

Shushaning boy berilishi va ruslar vertolyoti urib tushirilishi
Ozarboyjon harbiylari hududdagi strategik muhim shahar Shushani qo‘lga kiritgach Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar rivoji tezlashib ketdi - bu shahar tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi markazi Xonkandi (Stepanakert) shahridan 11 km masofada joylashgan. Bu shahar ozar harbiylari nazoratiga o‘tgani haqida Aliyev yakshanba kuniyoq xabar qilgandi. Armaniston tomoni avvaliga bu ma’lumotni inkor etdi, faqat dushanba kuniga kelib shahar boy berilgani tan olindi.

Dushanba kuni ozarboyjonlik harbiylar Armaniston hududida Rossiyaning Mi-24 rusumli harbiy vertolyotini urib tushirishdi, ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lib, biri o‘rta og‘irlikdagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vertolyot ko‘chib yuruvchi zenit-raketa kompleksi tomonidan urib tushirilgan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa Yerask qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Bu qishloq Armaniston va Ozarboyjondagi Naxichevan avtonom respublikasi chegarasida — ikki mamlakat o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etayotgan Tog‘li Qorabog‘dan 100 kilometrdan uzoqroq masofada joylashgan. Yerask qishlog‘idan Turkiya va Erongacha bo‘lgan masofa 10 kilometrdan kamroqni tashkil qiladi.

Ozarboyjon Rossiyadan rasman uzr so‘radi va tovon puli to‘lab berishga roziligini bildirdi. Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Tog‘li Qorabog‘ mojarosida faol jangovar to‘qnashuvlar yuz berayotgan bir paytda vertolyot Armaniston–Ozarboyjon chegarasining yaqinidan uchib o‘tgani va u xatolik sababli urib tushirilganini ma’lum qildi.

«Ozarboyjon tomoni tasodifiy xarakterga ega bo‘lgan va Rossiya tomoniga qarshi qaratilmagan mazkur fojiali holat munosabati bilan Rossiya tomonidan uzr so‘raydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Parvoz sutkaning qorong‘i paytida past balandlikda, havo hujumiga qashi vositalarning radarlari aniqlashi mumkin bo‘lgan hududdan tashqarida amalga oshirilgani, bundan tashqari, hodisa yuz bergan hududda avval Rossiya vertolyotlari qayd etilmagani aytib o‘tilgan.

Keyinroq Ozarboyjon prezidenti bundan keyin bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligi va aybdorlar jazolanishiga va’da berdi.

Uch tomonlama kelishuv haqida e’lon qilinishidan biroz avvalroq Armaniston mudofaa vazirligi halok bo‘lgan uchuvchilarga Armaniston davlat mukofotlari berilishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan Aliyev va Putin bilan kelishdi, Qorabog‘ga rus tinchlikparvarlari joylashtirilmoqda