00:26 / 17.11.2020
2 934

Pashinyan o‘zini Qorabog‘dagi vaziyat uchun bosh javobgar deb atadi

Pashinyan o‘zini Qorabog‘dagi vaziyat uchun bosh javobgar deb atadi
Foto: «TASS»
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan onlayn matbuot anjumanida savollarga javob berar ekan, Tog‘li Qorabog‘da yuzaga kelgan vaziyat uchun o‘zini javobgar deb atadi. Bu haqda «RBK» xabar bermoqda.

«Albatta, men ushbu vaziyat uchun bosh javobgar o‘zim ekanligimni tushunaman», — dedi u.
Pashinyan arman xalqi hukmiga havola etilishi kerakligini tushunishini ta’kidladi.

Bosh vazirning fikricha, ushbu holatda xalq sudya va u ish bilan bog‘liq barcha holatlardan xabardor bo‘lishi kerak. U harbiylar, muxolifat va hukumat bilan muzokaralar olib borish zaruriyati borligini qayd etdi.

Mamlakatda va Tog‘li Qorabog‘ hududida bo‘lib o‘tayotgan voqealarga qaramay, Pashinyan iste’fo berish niyati yo‘qligini aytdi. «Mening kun tartibimda faqat bitta masala bor, u ham bo‘lsa — mamlakatda barqarorlikni ta’minlash. Kun tartibimda boshqa masala yo‘q», — dedi u.

Shuningdek, onlayn matbuot anjumanida Armaniston bosh vaziri Tog‘li Qorabog‘dagi qurolli nizo oqibatida bir necha yuzlab arman harbiy xizmatchilari bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Siyosatchi ularning ba’zilari tirik qolganiga umid qildi. Xususan, Pashinyanning aytishicha, ilgari bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida bo‘lgan bir askar tirik holda topilgan.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘da Armaniston tomonidan qariyb 2,4 ming kishi halok bo‘lgan. Pashinyan milliy motam kunini jasadlarni qidirish jarayoni yakunlanganidan o‘tkazish mumkinligini qayd etdi.

Avvalroq tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan harbiy xizmatchilar jasadlarini ayirboshlash 13 noyabr kuni Rossiya tinchlikparvarlik missiyasi vositachiligida va Qizil XOch xalqaro qo‘mitasi ishtirokida boshlanganini aytgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi nizo chog‘ida 4 mingdan ziyod kishi halok bo‘lib, 8 mingga yaqin odam jabrlangan va o‘n minglab kishi qochoqqa aylangan.

Sentabr oxiridan buyon Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etib kelayotgan edi. Boku va Yerevan harbiy holat e’lon qildi va bir-birini tinch aholi vakillariga hujumlarda aybladi. O‘t ochishlar oqibatida harbiy xizmatchilar ham, tinch aholi ham qurbon bo‘ldi.

Rossiya ishtirokidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, nizo tomonlari o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. 10 noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Boku va Yerevan egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtab, Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan, strategik jihatdan muhim Shusha shahri Ozarbayjonga o‘tadi.

Shartlarda aytilishicha, Armaniston 20 noyabrgacha Agdam va Kalbajar tumanlarini, 1 dekabrga qadar Lachinni Ozarbayjonga qaytarishi kerak edi. Shuningdek, kelishuv mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritishni nazarda tutadi. Nizoni tartibga solishda boshqa mamlakatlardan tinchlikparvar kuchlarning ishtirokini o‘sha vaqtda Moskva rad etgan edi.

Kelishuv imzolangan bir paytda Yerevanda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi. Ularning ishtirokchilari Pashinyanni iste’foga chiqishga chaqirdi. Muxolifat yetakchilarining ba’zilari qo‘lga olindi va ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan o‘zini Qorabog‘dagi vaziyat uchun bosh javobgar deb atadi