21:33 / 22.11.2020
3 045

«Askarlar jang maydonini tashlab qochgan» – arman generali Qorabog‘dagi urushda Armanistonning xatolarini sanadi

«Askarlar jang maydonini tashlab qochgan» – arman generali Qorabog‘dagi urushda Armanistonning xatolarini sanadi
17 noyabr kuni Yerevandagi harbiylar qabristonida Tog‘li Qorabog‘da halok bo‘lganlarning dafn marosimi o‘tkazildi ​​​​​​/ ​RYUMIN ALЕKSANDR/TASS
18 noyabr kuni Armaniston qurolli kuchlari qo‘mondonlaridan biri, armiya general-polkovnigi Movses Akopyan Armaniston mudofaa vazirligining nazorat xizmati rahbari lavozimidan iste’foga chiqdi. Shundan so‘ng u 19 noyabr kuni OAV uchun matbuot anjumani o‘tkazdi. Bir yarim soat davom etgan matbuot anjumanida general Tog‘li Qorabog‘ uchun Ozarboyjon bilan o‘tkazilgan urushda Pashinyan yo‘l qo‘ygan xatolar va yana boshqa tafsilotlarni gapirib berdi.

Movses Akopyan Pashinyan boshliq mamlakat rahbariyatini harbiy xaridlar haqida yolg‘on ma’lumotlar berishda, urush davrida strategiya hamda taktikada qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganlikda va yana bir qator ishlarda ayblagan. Bundan tashqari, u urush davrida haqiqiy holat aslida qanday bo‘lgani haqida gapirgan.

General Pashinyanning rafiqasi Anna Akopyan bilan sodir bo‘lgan hodisa va o‘zining Qorabog‘ga kirishini taqiqlashgani haqida ham so‘zlab bergan. General-polkovnik Movses Akopyan 18 noyabr kuni Armaniston mudofaa vazirligining nazorat xizmati rahbari lavozimidan iste’foga chiqdi. Avvalroq u mamlakat bosh shtabi boshlig‘i va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi armiyasi qo‘mondoni lavozimlarida ishlagan.

19 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Movses Akopyan Armaniston qurolli kuchlari axborot markazi butun urush davomida yolg‘on va asosga ega bo‘lmagan axborot va materiallar tarqatganini ta’kidlagan: «Yolg‘on haqiqatning 30 foizidan oshmasligi kerak, ammo bizning yolg‘onimiz 100 foizdan oshdi», degan general.

Armaniston qurolli kuchlari axborot markazini yolg‘on axborotlar va ma’lumotlar tarqatishda nafaqat Akopyan, balki boshqa ko‘plab harbiylar, OAV ham ayblab chiqishgan.

Urush tugagach, hukumat urush harakatlari davom etayotgan paytda dushmanni chalg‘itish uchun yolg‘on axborot tarqatish zarur bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Akopyanga ko‘ra, bu hech qanday naf bermagan va voqealar rivojida Armanistonning mag‘lubiyatga uchragani buni isbotlab turibdi.

General mag‘lubiyatning asosiy sababi sifatida armiyani boshqarishdagi xatolarni aytgan. Masalan, u bosh shtab rahbari sifatida o‘zining o‘rniga kelgan general-leytenant Artak Davtyanni ham keskin tanqid qilgan. Akopyan Davtyanni armiyani parokanda qilishda ayblab, uni «o‘z o‘rniga munosib bo‘lmagan general» deb atagan. Artak Davtyan Akopyanning ayblovlariga hali javob bermadi. Yana bir xato sifatida Akopyan maxfiy buyruq bilan beshta polk qisqartirilganini keltirgan.

Akopyan hukumat tomonidan harbiy xaridlar noto‘g‘ri amalga oshirilganini tanqid qilgan. Uning fikricha, «Osa AK» zenit-raketa tizimlarini sotib olish xato bo‘lgan. Akopyanning aytishicha, bu raketa tizimi urush davomida Ozarboyjonning bitta ham dronini urib tushira olmagan. General Armaniston «Osa AK» raketa tizimidan ko‘ra, Rossiyaning yangi «Tor» raketa tizimini sotib olishi kerak edi deb hisoblaydi.

Akopyan nazarda tutgan «Osa AK» raketa tizimi urush boshlanishidan ancha avval Iordaniyadan sotib olingan va bu ish o‘sha paytda Armanistonda kelishmovchilik keltirib chiqargan edi. Harbiylar Iordaniyadan xarid qilingan bu raketa tizimining muvaffaqiyatli ishlashiga u sotib olingan paytdayoq shubha bildirishgan. O‘shanda ko‘pchilik Rossiyadan yangi raketa tizimi sotib olish imkoniyati bor bo‘lgan holatda «ikkinchi qo‘l»dan eski raketa tizimi sotib olinganiga e’tiroz bildirgan va bu ishda korrupsiya alomatlari bo‘lishi mumkin degan shubhalarni bildirgan.

Shuningdek, Akopyan Rossiyadan yangi Su-30 SM qiruvchi samolyotlar sotib olinishini tanqid qilgan va o‘z paytida bu bitimga qarshi chiqqanini bildirgan. Akopyanga ko‘ra, Armaniston Su-30 SM qiruvchilardan Ozarboyjonga qarshi urushda foydalana olmadi, chunki ular uchun raketalar yo‘q edi – Rossiya unga o‘rnatiladigan raketalarni sotishni allaqachon taqiqlagan.

Ko‘plab tahlilchilar esa, Akopyanning fikriga qo‘shilmaydi: ularga ko‘ra, Rossiya Su-30 SM qiruvchilari foydalanadigan raketalar eksportiga taqiq qo‘ymagan.

Armanistonning Qorabog‘dagi mag‘lubiyati Yerevanda kuchli noroziliklarga sabab bo‘ldi
Bundan tashqari, Akopyan Armaniston qurolli kuchlariga tegishli zaxira qo‘shinlarini safarbar qilish bilan bog‘liq jiddiy muammolar haqida gapirgan. Uning aytishicha, Pashinyan buyrug‘i bilan Qorabog‘ga zaxira qo‘shinlarini jo‘natish to‘xtatilgan va frontga asosan yetarlicha harbiy mahorati bo‘lmagan ko‘ngillilar jo‘natilgan.

Akopyanning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganining beshinchi kunidayoq Qorabog‘da jang qilayotgan Armaniston harbiylaridan 1 500 nafari jang maydonini tashlab, qochib ketgan. Generalning ta’kidlashicha, qochoqlarning barchasini tutib olib, Qorabog‘da to‘plashgan va frontda bo‘layotgan haqiqiy holatni gapirib harbiylar hamda aholi orasida vahima ko‘tarmasin deb, ularga Armanistonga qaytishga ruxsat berilmagan.

Armaniston armiyasidagi qochqinlik muammosi Rossiyaning «Novaya gazeta» tomonidan 7 oktabrda e’lon qilingan maqolada ham yoritilgan edi. O‘shanda gazeta muxbiri suhbatlashgan armanistonlik qochqin frontdan qochganini gapirib bergan. «Novaya gazeta»da e’lon qilingan maqola o‘sha paytda (oktabr oyining boshlarida) ozarlar ustidan g‘alaba qozonishga ishonib o‘tirgan oddiy armanistonliklar va ularni yolg‘on ma’lumotlar bilan aldab o‘tirgan Armaniston rasmiylari tomonidan g‘azab bilan kutib olingan.

O‘sha maqola e’lon qilingach, Armaniston Tashqi ishlar vazirligi gazeta muxbiri Ilya Azarni akkreditatsiyadan mahrum qiladi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari esa nashr tahririyatidan maqolani olib tashlashni talab qilishadi. Akopyanning gaplaridan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, o‘shanda «Novaya gazeta» frontdan qochayotgan arman harbiylari haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni yozmagan va holat gazetada tasvirlanganidan ham badtar bo‘lgan.

Turklarning Bayraktar TB2 rusumli dronlari zamonaviy urushda bu qurilmaning ahamiyatini ko‘rsatib berdi
General Akopyan urush paytida Pashinyanning rafiqasi bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida ham gapirgan. Akopyanning ma’lum qilishicha, u Pashinyanning rafiqasi jurnalist Anna Akopyandan Qorabog‘dagi qo‘mondonlik punktini tark etishini so‘ragan. General buni ozarlar bilan bo‘lib o‘tayotgan janglarda mag‘lubiyatga uchrayotgan arman zobitlari bir-birlari bilan janjallashib, so‘kinganini Anna ko‘rmasin deb shunday qilgani bilan izohlagan.

Generalning so‘roviga Pashinyanning rafiqasi rozi bo‘lgan va Yerevanga jo‘nab ketgan. Ammo shundan so‘ng, general Akopyanning o‘zini ham Yerevanga chaqirishadi va u yerda Mudofaa vaziri Pashinyanning buyrug‘i bilan uni Qorabog‘ga qaytishini taqiqlaydi. Generalning aytishicha, u Pashinyanga o‘zini Qorabog‘ga qaytarib yuborishni iltimos qilib sms xabar yozgan, ammo bosh vazir uning xabarini o‘qimagan.

General Akopyan Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirar ekan, rossiyaliklar Armaniston oldidagi barcha majburiyatlarini to‘liq bajargani haqida gapirgan. Uning fikricha, Rossiya Armaniston uchun hatto armanlar orzu qilmagan qurol-yarog‘larni ham yetkazib bergan. Akopyan Pashinyanni Rossiya prezidentidan 30 sentabrgacha (ya’ni urushning uchinchi kunigacha) yordam so‘ramaganlikda ham aybladi.

General Akopyan ko‘pchilik uchun kutilmagan bir qiziqarli faktni keltiradi: uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Ozarboyjon bilan bo‘lgan urushda Rossiyaning «Iskander-E» operativ-taktik raketa tizimidan ham foydalangan. O‘tgan hafta ushbu ma’lumot Armaniston hukumatidagi manbalar tomonidan ham tasdiqlangan.

Genaral Akopyan matbuot anjumani o‘tkazib, mag‘lubiyat sabablarini gapirib, bunda asosan Pashinyanni ayblaganidan so‘ng, Armaniston rasmiylari uning gaplariga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqishgan. Jumladan, Armaniston bosh vaziri matbuot kotibi Mane Gevorgyan «General Akopyanning bayonotlari huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak» degan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pashinyan general Akopyan tomonidan o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni «o‘ylab topilgan va bema’ni» deb hisoblaydi. Ayni paytda Armaniston bosh prokurori general Akopyan tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidagi videoyozuvni, uning so‘zlarini tekshirish va baholash uchun Armaniston maxsus tergov xizmatiga yuborgan.

Pashinyan o‘ziga bildirilgan tanqidlarni asossiz deb hisoblaydi
18 noyabr kuni matbuot anjumani o‘tkazgandan so‘ng, 19 noyabr kuni Movses Akopyan maxsus tergov xizmatiga chaqirilganini, u yerda matbuot anjumanida gapirgan gaplari uchun so‘roq qilinganini va so‘roqdan so‘ng uyiga qo‘yib yuborilganini ma’lum qilgan.

Armanistonda Qorabog‘ urushidagi mag‘lubiyat uchun norozilik namoyishlari davom etmoqda. 44 kun davom etgan urushda Armaniston harbiylari yengilishdi va ko‘plab askarlarni yo‘qotib, muhim hududlar ustidan nazoratni boy berishdi. Norozilik namoyishlarida odamlar bir-birini xiyonat qilishda ayblab, shov-shuvli bayonotlar berayotgan siyosatchilardan mag‘lubiyat uchun javob talab qilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Askarlar jang maydonini tashlab qochgan» – arman generali Qorabog‘dagi urushda Armanistonning xatolarini sanadi