12:30 / 25.11.2020
2 379

Ozarboyjon Qorabog‘dagi yarashuv kelishuviga ko‘ra Kelbajar tumaniga kirdi

Ozarboyjon Qorabog‘dagi yarashuv kelishuviga ko‘ra Kelbajar tumaniga kirdi
Foto: RIA Novosti
Ozarboyjon qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘dagi yarashuv kelishuviga ko‘ra avval Armaniston tomonidan egallangan Kelbajar tumaniga kirdi. Bu haqda Ozarboyjon mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda harbiylar tog‘li yo‘llarni tayyorlash va hududni minalardan tozalash ishlarini olib bormoqda.

Uch tomonlama bayonotga ko‘ra, Ozarboyjon armiyasi 25 noyabrda Kelbajar tumaniga kirdi. Bo‘linmalarimizning ushbu yo‘nalishda harakatlanishini ta’minlash uchun muhandislik ishlari yakunlandi, hududni minalardan tozalash ishlari olib borilmoqda va qo‘shinlar harakatlanishi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘ yo‘llari hozirlanmoqda”, deb ma’lum qilingan xabarda.

Boku kelishuvga ko‘ra tumanga 15 noyabrda kirishi kerak edi. Biroq Ozarboyjon rahbariyati tinch aholi belgilangan muddatgacha ushbu hududni tark etishga ulgura olmagani sababli qo‘shinlar kiritilishini 25 noyabrgacha qoldirishga rozi bo‘lgan. 1 dekabrgacha Ozarboyjon nazoratiga Ag‘dam va Lochin tumanlari ham o‘tadi.

Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatish haqidagi kelishuv 9 noyabrda imzolangandi. U Ozarboyjonga ma’lum hududlarning berilishi, ushbu hududlardan Armaniston qo‘shinlarining olib chiqilishi va Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilishini ko‘zda tutadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarboyjon Qorabog‘dagi yarashuv kelishuviga ko‘ra Kelbajar tumaniga kirdi