20:05 / 29.11.2020
3 471

Pyotr uchun dars bo‘lgan muhoraba. Narva jangi tarixi

Pyotr uchun dars bo‘lgan muhoraba. Narva jangi tarixi
Foto: Google Photos
1700 yilning 30 noyabr kuni Rossiya podsholigi hamda Shvetsiya qirolligi o‘rtasida Estoniyaning Narva shahrida Shimoliy urush doirasida muhim jang bo‘lib o‘tdi. Jangda Buyuk Pyotr I hukmronlik qilayotgan Rossiya qo‘shinlari 18 yoshga ham to‘lmagan Shvetsiya qiroli qo‘shinlari tomonidan tor-mor etildi. «Daryo» mazkur jang tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

Tarixiy jarayon
Rossiya XVII asrda boshqa Yevropa mamlakatlaridan rivojlanishda ancha orqada edi. Ayniqsa, harbiy sohada. Rossiya podshosi Buyuk Pyotr esa Rossiyaning hududlarini kengaytirishni maqsad qilgan edi. Dengizdan dengizgacha shiorini ilgari surgan Pyotr Boltiq dengizi mamlakatlarini Shvetsiyadan qaytarib olishni istardi. Bu hududlar 1617 yilda Stolbovo shartnomasiga binoan qo‘ldan chiqqan edi. Pyotr xorijdan harbiy ofitserlar yollagan bo‘lishiga qaramasdan, armiyaning tayyorgarligi yaxshi emasdi.

Shvetsiya esa yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan, zamonaviy qurollar bilan qurollangan kuchli armiyaga ega edi. Shvetsiya o‘sha paytdagi Shimoliy Yevropaning eng kuchli davlati edi, tarkibiga Germaniya shimoli, Boltiq havzasi davlatlari hamda Finlyandiya kirardi. Qirol Karl XI vafotidan keyin mamlakat taxtiga 15 yoshli Karl XII o‘tirdi.

Yangi qirolning tajribasizligi va yoshligidan foydalanib boy berilgan hududlarni qaytarib olish maqsadida qo‘shni mamlakatlar o‘zaro birlashishga qaror qildi. Shu maqsadda Daniya, Polsha, Norvegiya, Saksoniya va Rossiya hukmdorlari o‘zaro ittifoq tuzdi va Shvetsiyaga qarshi urush qilishga kelishib oldi.

1700 yilning yozida Daniya qiroli Frederik IV Shlezvig-Golshteynni egallab oldi. Saksoniya armiyasi esa Rigani qamal qildi. O‘z navbatida, 8 avgustda Karl XII Kopengagenda Daniya qo‘shinlarini mag‘lub etdi. Noyabr oyiga kelib, Rossiya qo‘shinlari Narva shahrini egallash maqsadida uni qamal qilishni boshladi. Karl XII esa rus qo‘shinlariga zudlik bilan zarba berib ularni bartaraf qilishga qaror qildi.

Jangning borishi
Narva shahridan oqib o‘tuvchi Narva daryosi bo‘yida joylashgan rus qo‘shinlari soni turli manbalarda 34 mingdan 40 minggacha bo‘lgani ko‘rsatiladi. Shvedlarning asosiy qo‘shinlari qishki qarorgohida bo‘lgani sababli qirolning qo‘shinlari soni kamchilikni tashkil etardi. 1 900 kishilik Narva qal’asidagi Narva garnizoni hamda 9 ming kishilik qirol qo‘shini ruslarga qarshi jang qilishi lozim edi.

Foto: Google Photos
21 noyabr kuni rus qo‘shinida xiyonat yuz berdi. Asli estlandiyalik bo‘lgan kapitan Yakob Gummert Narvaga qochib kirdi va rus qo‘shinlari tarkibi va joylashuvi haqida ma’lumot yetkazdi. Pyotr esa Narvada turgan qo‘shin tarkibidagi shved millatiga mansub barcha ofitserlarni boshqa bo‘linmalarga yuborishga buyruq berdi.

Shvedlarning yaqinlashib kelayotganini eshitgan Pyotr 29 noyabr kuni qo‘mondonlikni saksoniyalik feldmarshal, gersog De Kruaga qoldirib Novgorod shahriga jo‘nab ketdi. Bunga sabab shved asirlarining qirolning 50 ming kishilik qo‘shin bilan kelayotgani haqidagi yolg‘on xabar bo‘lgan edi.

Rus qo‘shinlari yaqiniga kelib qolgan shvedlar 30 noyabr tundayoq yurishni boshladi. Soat tonggi 10 da ruslar shvedlarni ko‘rdi. De Krua shoshilinch majlis chaqirdi. Kengashda Sheremetov Narva qamali uchun qo‘shin qoldirib, qolgan kuchlar bilan shvedlarni qarshi olish uchun maydonga borishni taklif qildi. Gersog qo‘shinlar shvedlarga qarshi ochiq maydonda jang qila olmasligini aytib, bunga rozi bo‘lmadi. Kengash shvedlar kelguncha joydan qimirlamaslik va ularni shu yerda kutib olish haqida qaror chiqardi. Bu esa shvedlarga ustunlik olib keldi.

Ruslar shvedlar sonini bilmas, Karl XII esa rus qo‘shinlari sonidan yaxshigina xabardor edi. Rus qo‘shinlarining markaziy qismi kuchli ekanini bilgan qirol qanotlarga hujum qilishni buyurdi. Shu orqali ularni daryoga siqib borib suvga cho‘ktirib yuborishga qaror qildi. Qo‘shinni shaxsan qirolning o‘zi boshqardi.

Jang Kunduz soat 2 da boshlandi. Shu kuni qorbo‘ron bo‘lgani sababli ko‘rish uzoqligi 20 qadamni tashkil qilardi. Bu esa shamol yo‘nalishi bo‘ylab harakat qilgan shvedlarga qo‘l keldi va ular rus qo‘shinining jigarigacha kirib borishiga imkon berdi. Yarim soatdan so‘ng rus qo‘shinlarining uch joyida yoriqlar paydo bo‘ldi. Tezkorlik bilan harakat qilgan shvedlar rus lagerigacha kirib bordi. Ruslar orasida sarosima boshlandi. Askarlar orasida «sotqin nemislar» degan ovozlar eshitilishi oqibatida, ruslar xorijlik ofitserlarni do‘pposlay ketdi. Ko‘prik orqali chekinmoqchi bo‘lgan rus piyodalarini ko‘prik ko‘tara olmadi va askarlar suvga g‘arq bo‘ldi. Sheremetov boshliq otliqlar esa Narvaning chap qirg‘og‘i bo‘ylab chekindi va ko‘prik orqali narigi sohilga o‘tib, Pskov shahriga jo‘nab ketdi.

Foto: Google Photos
Bosh qo‘mondon De Krua va boshqa bir qator xorijlik ofitserlar o‘z askarlari tomonidan kaltaklanishdan xavfsirab shvedlarga taslim bo‘ldi. Bu vaqtda rus qo‘shinlarining o‘ng qanoti shvedlarga qattiq qarshilik qildi. Chap qanot ham shvedlar hujumini mardonavor qaytarishga erishdi. Qirolning shaxsan jang maydonida ekani ham askarlar ruhini ko‘tara olmadi. Jang qorong‘i tushgan paytda tugadi. Tunda ikki tomonda ham sarosima tinmadi. Shvedlar bir-birlarini ruslar deb hisoblab o‘zaro urishib ketdi. Rus askarlari ham qo‘shinlar tarkibi saqlanganiga qaramasdan, bosh qo‘mondonning yo‘qligi sabab nima qilishni bilmay qoldi. Chap va o‘ng qanotlar o‘rtasidagi aloqa uzilib qoldi.

Rus armiyasining taslim bo‘lishi
Jangning ertasi kuni knyaz Yakov Dolgorukov, Avtonom Golovin, Ivan Buturlin, Sarevich Aleksandr Imeretinskiylar taslim bo‘lish haqidagi muzokaralar boshlashga qaror qildi. Dolgorukov shvedlarni rus qo‘shinlarining daryoning o‘ng qirg‘og‘iga qurollar va gerblar bilan erkin o‘tishlariga ko‘ndirdi. Ammo artilleriya va aravalar shvedlarda qolishi kerak edi. 1–2 dekabr kunlari rus qo‘shinlari daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tdi. O‘lja tariqasida shvedlar 20 mingta mushket miltig‘i va 32 ming rubl miqdorida podshoh xazinasiga ega bo‘ldi. Shuningdek, 210 ta bayroqni ham qo‘lga kiritdi. Shvedlar 677 kishini yo‘qotgan bo‘lsa, 1 250 kishi jarohatlandi. Rus armiyasida esa yetti mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, bedarak yo‘qoldi va jang maydonini tashlab qochdi.

Jang natijasida ruslar katta yo‘qotishga uchradi. Karl XII ning nomi dunyoga doston bo‘lgan bo‘lsa, Pyotrning obro‘si tushib ketdi. Avstriya va Fransiya diplomatlari vositachiligida Karl bilan tinchlik sulhi imzolash uchun qilgan harakatlari besamar ketdi. Natijada, Rossiya–Saksoniya ittifoqi yuzaga keldi. Pyotr uchun mazkur jang yaxshigina dars bo‘ldi. U endi armiyani kuchaytirish va zamonaviylashtirish vaqti kelganini anglab yetdi.

1704 yilda ikkinchi bor Narvaga yurish qilgan Pyotr endi uni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Poltava jangida esa shvedlarni mag‘lub etishga erishdi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pyotr uchun dars bo‘lgan muhoraba. Narva jangi tarixi